27.08.2024 | 13:13
572
HASRATLI BITIKLAR yoki XX asrning 20-yillaridagi “Oziq ishlari”dan chiqarilgan xulosa
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasidagi nodir asarlar orasida “Eski Toshkand arzoq kamitet ishlari” degan manba diqqatimni tortdi. Joyini belgilab qo‘ydim. Xayolim jadid ziyolilari va Abdulla Qodiriy faoliyatiga ketdi. Taxmin qildim. Qodiriyning shu qo‘mitada ishlaganini o‘ylab yurdim. Ichki bir tuyg‘u shu noyob manbani varaqlashga undadi. Kutubxonaga qayta bordim. Nodir bo‘limga kirib, manbalarni varaqlay boshladim…

Odatda o‘zbek matbuoti tarixini o‘rganuvchilar Ziyo Saidning “O‘zbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar” asariga tayanadi. Kitob qimmatli ma’lumotlarga boy, tartib va tasnifi ma’qul. Biroq bu asar XX asr boshlaridagi boshqa manba va ma’lumotlar hisobiga to‘ldirilsa, o‘zbek matbuot tarixi nisbatan tugal bo‘ladi.
Deylik, shunda Abdulla Qodiriy biografiyasida uchraydigan “Oziq ishlari” (“Eski Toshkand oziq shoʻbasining nashri afkori”) gazetasi ham o‘sha tarixdan joy oladi.
Gazetaning birinchi soni 1918-yil 15-mayda chop etilgan. Haftada bir marta bosilgan gazeta “Eski Toshkand arzoq kamiteti ishlari” deb nomlanadi. “Arzoq” so‘zi “rizq”ning ko‘pligi, ma’no va talaffuz jihatidan “oziq”qa yaqin turadi. 1919-yil 7-yanvar 25-sonidan boshlab, gazeta nomi “Oziq ishlari” deya o‘zgartirilib, ikki haftada bir marta chiqa boshlaydi. Gazeta nomi o‘zgarib turgani uchun ilmiy adabiyotlarda uning nomlanishidagi “arzoq” va “oziq” so‘zlari ba’zan aralash keladi. Nashri qachongacha davom etgani ma’lum emas. Biroq nodir fondda saqlanayotgan ushbu gazetaning 1918-yil may oyidan 1919-yil iyuligacha chop etilgan o‘ttiz yettita soni saqlanadi. Gazetalar jamlanma jildining ich muqovasida shunday muhim bir yozuv bor: “Ushbu “Oziq ishlari” gazetasi 1-nchisidan 9-no‘marasigacha Abdulla Qodiriy (Julqunboy) tahriri ostida nashr bo‘ldi. Men 5-no‘marasidan boshlab tarjimon o‘laroq ishladim. So‘ngra 9-no‘marasidan boshlab… (o‘qish qiyin-B.K.) oxirigacha birgina o‘zim tahririm ila nashr etildi. Mendan boshqa odam ishlagan yo‘q. “Oziq ishlari” gazetasi muharriri Habibullaxo‘ja Orifxo‘jayev”.
Gazetada berilgan ayrim maqolalarni ruschadan o‘zbek tiliga Habibullaxo‘ja Orifxo‘jayev tarjima qilgan. Shuningdek, gazetada uning “Habibullaxo‘ja” imzosi bilan yozilgan maqolalari ham bor. Taxminimizcha, aynan Habibullaxo‘ja Orifxo‘jayev gazeta taxlamlarini kutubxonaga o‘z qo‘li bilan topshirgan. Ammo gazetalar kutubxonaga qaysi yili qabul qilingani aniq emas.
Gazetani varaqlay boshlayman. 1918-yil 6-iyun sonida “M.Abdulla Q.” imzosi bilan “Eski shahar oziq kamitetining o‘n bir oylik hisobi munosabati-la” degan maqola uchraydi. So‘ngra ikkinchi, uchinchi maqolalarga duch kelaman. H.Orifxo‘jayevning haligi qimmatli ma’lumotidan bir entikkan odam ahvolini endi tasavvur qiling. To‘g‘risi, Qodiriy maqolalariga yo‘liqqan odam ichki tuyg‘u va taxminlari to‘g‘riligidan tillo topgandek quvonadi. Tarixning fojialarga to‘la bo‘lgan ocharchilik davrini aks ettirgan bu qimmatli manbalar haligacha nima sababdan o‘rganilmay chang bosib yotganidan o‘kinasan ham.
Birinchi maqoladan o‘qiymiz: “Xalq o‘n bir oydan beri qanoatlanurlik darajada oziq ololmaganidan va oziq kamitetining ishsizligidan oziq kamitetiga yaxshi qaramay ishonchsizliklar bildirib kelmoqda edi… Oziq kamiteti xalqqa eng zarur oziqlarni va boshqa nimarsalarni arzon baho ila yetkurib bermoqni o‘z zimmasiga oluvchi bir tashkilot ekanligi hech kimga yashirin emas. Binoan alayh har bir oziq tashkilotiga mutasaddi bo‘luvchi zotlarning mazkur jihatlarga rioya qilib ish ko‘ruvlari, albatta, lozimdir…”
Biroq xalqning og‘ir ahvolini yaxshilashga qaratilgan bu ijtimoiy-iqtisodiy qo‘mita yaxshi ishlamaydi. Muallif sababini yozadi. Birinchidan, “Vatanimizdagi kun bakun bo‘lib turgan tartibsizliklar, o‘zaro urushlar boshlanib, yo‘llarning to‘xtaluvi Turkistonga tayinlangan oziqlarni o‘z vaqtida yeta olmovi bo‘lsa kerak”. Ikkinchidan, “bosh taqsimiylarimizning arzimagan bahonalar ko‘rsatib, eski shahar xalqining o‘z nufusiga loyiq hissa bermovlaridir… Yo‘l buzilib g‘alla keluvi to‘xtagan vaqtlarda eski shahar xalqi shishib o‘lmoqg‘a majbur bo‘lur, ammo topilgan oziqlarning barisi yolg‘uz (ayovlik) Rusiya dahasiga berilgan vaqtlar ham bo‘lur edi. Bosh taqsimiylar “garchi achchig‘ bo‘lsa ham” Nikolay zamonini unutmoqg‘a, har bir millatni bir huquqdagi grajdan hisoblamoqg‘a va shunga suyalib ish ko‘rmoqg‘a, albatta, lozim edi. Lekin nima sababdandir tekizlikg‘a qarshi ish ko‘rib keladilar”.
Muallif barcha zamonlar uchun tansiq bo‘lgan ijtimoiy tenglik, adolat va insof bilan ish yuritilishi tarafdori. Biroq oziq-ovqat taqsimlovchilar bunday mezonlarga amal qilmaydi. Shunga ko‘ra, ya’ni “binoan alayh biz aybning hammasini o‘z kamitetimiz ustiga ag‘darmay bosh taqsimchilardan o‘pkalasak haqliroq bo‘lamiz”, deb ta’kidlaydi. Muallif gapini: “Oziq kamitetining yangi mutasaddilarining xalq uchun foydalik xidmatlarini kutuvimiz ila barobar mundan so‘ng bosh taqsimchilarimizning tekizlikg‘a rioya qilib ish ko‘rushlarin umid qilamiz”, deb tugatadi. “Tekizlik” – tenglik anqoning urug‘i. Mahalliy aholi o‘z uyida ularga “xo‘ja bo‘lmoq istagan” kelgindi kimsalar tomonidan kamsitiladi, tahqirlanadi.
Gazetada berilgan “Kunlik oziq kartichkalari tarqatiluv munosabati-la” nomli maqolaga “M.A.Q.” imzosi qo‘yilgan. Unda ham xalqning maishiy hayoti, turmush tashvishlari muhokama qilinadi. Aslida ish boshida turganlar “millat ayirmasi ila ish yurituvchi shaxslar bo‘lg‘oni” uchun adolatsizlikka yo‘l qo‘yishadi. Buning natijasida esa “yangi shahar grajdanlari bahuzur kun kechirib, eski shaharliklar o‘gay bola qabilindan ochlik-yalong‘ochlik”da “ochlikdan o‘lmakg‘a majbur bo‘lib keldilar”. Oldingi maqolaga mos ohangda: “Tekizlik va adolat uchun jon berib yurgan hukumatimiz, albatta, va’dasiga muvofiq ish ko‘rsa kerak”, deyiladi umid bilan. Bunda muallif adolat va haqiqat talabidagi millatparvar shaxs qiyofasida ko‘rinadi. Eski Toshkent bilan yangi Toshkent aholisiga oziq-ovqat yetkazib berish jarayonidagi taqsimchilarning tarozisi nosozligidan norizo bo‘ladi.
“A.Q” imzoli “Iqtisodiy kuch” maqolasi gazetaning izma-iz uchta sonida beriladi. Unda Turkistondagi “kooperativ va matlubot ismidagi jamoat do‘konlari o‘z ismlariga loyiq zarracha bo‘lsin faqir xalqg‘a” foyda bermayotgani, aslida ular aholining maishiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilashda Daniya, Irlandiya, Ispaniya va Germaniya kabi davlatlarning tajribalariga tayanishi zarurligi ta’kidlanadi. Yevropada faoliyat yuritgan matlubot jamiyatlari tarixiga tegishli fikrlar ma’lumot xarakterida berilgan bo‘lib, ular mahalliy xalqning madaniy saviyasini ko‘tarishga xizmat qilgan.
“M.Abdulla.Q.”, “M.A.Q”, “A.Q.” imzolar egasi Abdulla Qodiriy ekaniga shubha yo‘q. Zotan, Oziq qo‘mitasida ishlagan davrda yozgan ijtimoiy maqolalarida adib aholining ahvolidan xabardor, xalq uchun qayg‘urgan, moddiy ta’minotda adolat va tenglikni talab etgan faol jurnalist sifatida ko‘rinadi. Muhimi, yozuvchi qalbida ezgulik bor. U yangi kundan obodlik, to‘qchilik va yaxshilikni umid qiladi.
Abdulla Qodiriy uslubiga xos bir jihat shuki, maqolalar tilida “o‘tgan ishga salovat, deydirlar”, “ismi bor – jismi yo‘q” , “bir-birining orasida osmon ila yercha farq ko‘rilur”, “dardiga darmon bo‘lur” kabi ta’sirchan ifodalar o‘rinli ishlatiladi. Qisman bo‘lsa-da, bu maqolalarda og‘ir va mashaqqatli tarixiy davr ruhi, maishiy-ijtimoiy hayot manzarasi o‘z ifodasini topgan. Bu ifoda uning “Qimmatchilik hasrati”, “Dumbasi tushib qolgan emish” kabi kichik felyetonlarida ham kuzatiladi. Julqunboy achinib, kuyinib, nim tabassum va achchiq hasrat bilan qimmatchilik tufayli qiynalgan odamlar holiga oilaviy muhiti hamda o‘z hissiy kechinmalarini qo‘shib yozadi. Gohida yozganlaridan foyda bor-yo‘qligiga qaramaydi; ichkarisini bo‘shatishni istaydi. “Har holda hasratimni yozib, yurakimni bo‘shatib olganim uchun o‘zimni yengil kabi sezmoqdaman”, deydi.
Darvoqe, Oziq qo‘mitasi davr talabiga ko‘ra maydonga kelgani va mamlakatdagi ocharchilikka barham berish uchun tuzilgani sir emas. Chunki 1917–1920-yillardagi ommaviy ocharchilikda “ota-onalar suyukli bolalaridan, bolalar ota-onalaridan ayrildilar”. Bu “favqulodda fojialik va falokat yillar”i bo‘lgan edi. Davr matbuotida “Ochlarga ko‘mak”, “Ochlarni unutmangiz”, “Och qishloqqa ko‘maklashamiz” sarlavhalar bilan xabar va maqolalar bosiladi. Ulardan birida Rusiyaning chekka bir o‘lkasidagi ochlik xususida bunday gap yozilgan ekan: “Ochliq orqasidan miyasi shishgan, devona bo‘lish darajasiga yetgan dehqonlar yerda ag‘nab yotib, qattiq yerni chaynaylar ham o‘z bolalarini o‘ldirib yeyishar ekan. Boshqa kishilarning o‘liklarini yerdan kavlab olib, pishirib yeyish oddiy bir ish bo‘lib ketgan…” Oziq qo‘mitasida ishlayotgan, voqelikni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan va xabarlarni o‘qib borayotgan insonparvar, haqiqattalab qalam ahli adolat, tenglik, to‘kinlik uchun kurashdi. Inson qadrini o‘ylab, farovonlik orzusida bo‘ldi. Darhaqiqat, o‘tmish fojialariga oid bunday dalillar tarix kitoblari sahifalaridan o‘rin olmog‘i lozim. Qolaversa, o‘z vaqtida bitib qo‘yilgan tarixiy dalillar juda o‘jar bo‘ladi. Shamolda uchmaydi, o‘tda yonmaydi, o‘chirsang – o‘chmaydi…
Tarixiy muhitni teran anglash va dildan his etish uchun o‘sha davrning qimmatli manbalarini sinchiklab o‘rganish, ulardan munosib xulosalar chiqarish kerak. Aslida ocharchilik, qahatchilik zamonidagi hasratli bitiklarga nazardan maqsad ham bugungi farovon turmush qadriga urg‘u berishdir. Qahatchilik zamonlarida mollar ozuqasi bo‘lgan kunjarani yeb, shishib azob tortgan va o‘lganlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan enam: “Ochlik neni yedirmas, to‘qlik neni dedirmas”, der edi. Isrofga berilish – yomon, to‘qlikka sho‘xlik, manmansirash – illat. O‘zligini anglagan oqil odam aslo bunday marazlarni o‘ziga yuqtirmaydi. Zero, har kim dunyoning qaysi bir burchagida bugun ham odamlar ochlikdan qirilib ketayotganini idrok etishi, ne’matlar qadriga yetishi, shuningdek, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun shukrona aytishi lozim.
Bahodir NURMUHAMMAD
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
119
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
630
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
624



