06.08.2025 | 09:09
461
KO‘NGIL DAFTARIDAGI BITIKLAR
Ilm – zulmatning kushandasi
Erkensal degan olim bundan ancha yillar avval: “Zamonaviy ilmlarning tamal toshini qo‘yishdek sharafli vazifa musulmonlarga tegishlidir”, deb yozgan ekan. Allen Debusning fikri yanada g‘ururli: “Musulmonlar Uyg‘onish davriga debocha bo‘lgan texnologik o‘sishlar eshigini ochib berishdi. Afsuski, keyinchalik johillik degan illat urchidi. Ilm-ma’rifat yo‘llarida g‘ovlar paydo bo‘ldi, uxroviy va dunyoviy ilmlar o‘rtasida o‘tib bo‘lmas devor tiklandi. Ular bir-biriga zid qo‘yildi. Din olimi zamona ilmiga e’tibor bermadi, dunyo olimi, aksincha, moddaparastlikni “chin ilm” deb bayroq qildi”.

1922-yili “Haqiqat” jurnalida chop etilgan maqolalardan birida shunday jumlalar bor: “So‘nggi asrlardagi ma’rifatsizlik, johillikning sababi ilmsiz, ma’rifatsiz xonlar elning chirog‘i-yo‘lboshchisi bo‘lgan ulamolarni o‘z bo‘yinturug‘lari ostiga olib, sof yo‘lni o‘z shaytanat yo‘llariga tatbiq etishganidir”.
Alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy bu fikrni yanada rivojlantiradi: “O‘zlarini din homiylari deb e’lon qilgan hukmdorlar xalqni ma’rifat nuridan mahrum, zamonaviy fanniy ilmlardan butunlay yiroq tutdilar. Shuning uchun xalqda uyg‘onish, fikriy ochilish bo‘lmadi. Davlatning inqirozi, millatning ongsizligiga shu johillar sababchidur”.
Donishmandlar “Ilm ko‘r qalb ko‘zini ochuvchi, qorong‘i zulmatga nur bag‘ishlovchidir, zaif badanlarga kuch-quvvatdir, ilm bilan banda yaxshi kishilar darajasiga ko‘tariladi, oliy martabalarga yetishadi”, deb allaqachon aytib qo‘yishgan. Demak, biz bugun – Uchinchi Renessans ostonasida texnologik o‘sishlar eshigini keng ochib, yoshlarni uning beqiyos imkoniyatlaridan bahramand etishimiz kerak.
AFANDINING BUALODAN FARQI
Fransuz qiroli Lyudovik XIV she’r mashq qilib turar, yozganlariga baho berishni shoir va munaqqid Bualodan so‘rar ekan. “Hazrati oliylari, – debdi bir kuni Bualo qirolning navbatdagi she’rlarini o‘qib. – Sizning qo‘lingizdan kelmaydigan ish yo‘q. Mana, bemaza she’r qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgan ekansiz, bu ishni ham qoyillatibsiz, mahoratingizga tahsin aytmaslikning iloji yo‘q…”
Bu gap o‘zimizda ham bor. Afandi podshohning bemaza she’rlarini o‘qib, “Olampanoh, siz podshohlikda tengi yo‘qsiz, ammo she’rlaringiz juda rasvo”, degan ekan. Podsho Afandini betgachoparligi uchun og‘ilga qamab qo‘yibdi. Oradan bir hafta o‘tibdi. Podshoh besh-oltita yangi she’r yozibdi, o‘qib ko‘rsa, avvalgilaridan ancha yaxshi chiqqanday emish. Afandi endi maqtasa kerak, deya uni huzuriga chorlabdi. Afandi she’rlarni o‘qibdi-da, bir so‘z demay, o‘rnidan turib, og‘il tomon jo‘nab qopti…
Bualoning Afandidan yoki Afandining Bualodan farqi nimada? Yengilroq o‘ylagan kishi har ikki javobni bir ma’noda tushunadi. Ammo ularda jiddiy farq bor: Bualo tadbirkorlik qilmoqda, Afandi bo‘lsa, og‘ilda yana uzoq qolib ketishi mumkinligiga qaramay, she’riyat deb atalmish buyuk san’atga xiyonat qilayotgani yo‘q.
MUSHT
Boks olamining so‘nmas yulduzlaridan biri, afsonaviy Mayk Taysonning bir suhbatidan shu qadar ta’sirlandimki… Faqat ta’sirlanish emas, inson o‘z hayotida duch keladigan turfa chorraha, turli holatlarni o‘ylab, xayolim qochdi.
Taysonning jurnalist bilan suhbati binoyidek ketayotgan edi, ammo… kutilmaganda “temir musht” o‘rnidan sapchidi, suhbatdoshiga quturgan fildek tashlanishiga sal qoldi. Bunga jurnalistning: “Oxirgi jangingiz uchun 20 million dollar mablag‘ oldingiz, bu ko‘p emasmi?” degan savoli sabab bo‘ldi.
Tayson og‘ir o‘tgan bolaligi, och-yupun kunlari, tinimsiz mushtlashuv, omon qolish uchun o‘tkazgan tengsiz janglari, yutqiziqlar, ayovsiz kaltaklar, yuzidan ter kabi oqqan qon, zirqiragan suyaklari, adolatsizlik, irqiy kamsitishlar haqida gapirdi.
“Sen bilib qo‘yki, hayotning zalvorli mushti mening, sizlar “temir” deb ataydigan mushtimdan yuz, ming barobar ayovsiz, – dedi u suhbatdoshiga. – Xohlagan paytida ezib, yanchib tashlaydi. O‘lasanmi, qolasanmi, kissangda puling qolganmi-yo‘qmi, ota-onangning ahvoli qanday – bu bilan ishi yo‘q. Nima ham qilardim, yashashim kerak. Hamma ko‘chaga kirib chiqdim, qamaldim, giyohvandlik balosidan qutulishga harakat qildim. Ammo menga… mushtimdan boshqa hech kim, hech narsa yordamga kelmadi. Sen qanchadan qancha boksyorlar mashq paytida yuragiga urilgan zarbadan o‘sha zahoti jon taslim qilgani, uyida bolalari, kasal onasi zor qaqshab qolgani, ularning oh-faryodini bilasanmi? Bilmaysan, shuning uchun ham shunday bema’ni savol berasan. Yana shuni bilib qo‘yki, bizning jang oldidan tuziladigan shartnomalarimizda, bordi-yu jang payti o‘lim holati yuz bersa, buning uchun kimdir javob berishi kerakligi to‘g‘risida biror bir yozuv bo‘lmaydi. Bokschi ko‘p holatlarda raqibi bilan emas, o‘lim bilan jang qiladi. Mana, mening senga javobim!”
IBRAT
Ibrat olishga molik ishlar hamma joyda bor.
Yaponiyaga borgan pedagog olimlar mahalliy ma’murlardan mamlakatda o‘qituvchilarning bayrami qachon nishonlanishini so‘rashibdi. Mezbonlar avvaliga hayron bo‘lishibdi, so‘ng g‘urur bilan: “Biz o‘qituvchi murabbiylarni yil davomida sharaflaymiz, ularni har kuni e’zozlaymiz”, deyishibdi.
2013-yili Yaponiya temir yo‘l boshqarmasi yo‘lovchi bo‘lmagani uchun bir bekatni yopishga qaror qiladi. Ammo bir qizaloq ayni shu bekat orqali maktabga qatnayotgani ma’lum bo‘ladi. Mahalliy hokimiyat qizchaning uzluksiz ta’lim olishi uchun bekat faoliyatini vaqtincha to‘xtatmaslikka qaror qiladi. Poyezd uch yil davomida Xokkaydo orolining Kyu-Shirataki bekatiga kuniga ikki marta – shu qizaloq uchun to‘xtab o‘tadi. Poyezdning to‘xtash vaqti qizning maktabga borish va qaytish vaqtiga qarab belgilanadi. Qizcha 2016-yili maktabni bitiradi va bekat yopiladi.
Finlyandiyalik o‘qituvchilar o‘quvchilarning ota-onalari bilan tanishishlari, ularni maktabga, bizdagidek, ota-onalar majlisiga taklif etishlari mumkin emas. Hamma muammo maktabning o‘zida hal qilinadi. A’lochi va ulgurmovchi o‘quvchilar ajratilmaydi. Muzey va boshqa joylarga uyushtiriladigan sayohatlar maktab ma’muriyati hisobidan bo‘ladi.
Ertalab soat 8:00 da maktab eshigi yopiladi va mashg‘ulotlar tugagunicha hech kim bu dargohni bezovta qilmaydi.
SAVOL
Kusto ismli olim insoniyat nigohini yer ustidan ummonlar tubiga qaratib, bu g‘aroyib olam sirlari-yu, muammolarini oshkor qildi. Kusto jamoasi tasmaga muhrlagan filmlardan biri baliqlar hayotiga bag‘ishlangan. Shu filmni necha bor ko‘rsam-da, hayratim aslo kamaymaydi. Uvildiriqdan paydo bo‘lgan murg‘ak chavoqchalar voyaga yetgach, tug‘ilgan joylaridan necha yuz ming kilometr masofaga uzoqlashib ketadilar. Boshqa ummonlargacha yetib boradi. Ammo hayotlari so‘ngida qanchadan qancha tabiiy, sun’iy to‘siqlardan o‘tib tug‘ilgan joylariga qaytadilar. Shu yerga uvildiriq qo‘yib, so‘ng bo‘lajak nasllari uchun yemishga aylanishadi.
Televideniyeda Afrika va Lotin Amerikasi changalzorlarida yashaydigan turfa xil qushlar hayotiga doir ingliz olimlari suratga tushirgan filmlarni namoyish qilishdi. Yana hayrat, tushunib bo‘lmaydigan sir-sinoat.
Bittasi ming urinib in quradi, boshqasi poylab turib, uni egallab oladi. Bittasi qurgan iniga tuxum qo‘yadi, boshqasi boshini qotirib o‘tirmay, tuxumini shu tayyor inga joylashtiradi. Bittasi in qurish uchun uzoq-uzoqlarga uchib, horib-tolib, og‘zida xas-xashak olib keladi. Boshqasi esa yo‘lda unga hujum qilib, og‘zidagi cho‘pni olib qochadi. Bittasi suv yuzasiga chiqib qolgan baliqlarni tumshug‘iga olib, havoga ko‘tarilishi bilan qaroqchi qushlarga duch keladi va o‘ljasidan mahrum bo‘ladi. Bittasi inida paydo bo‘lib qolgan begona tuxumni o‘ziniki qatori ochib chiqaradi. Begona tuxumdan chiqqan qush bolasi esa ko‘p o‘tmay uning bolalarini pastga qulatib yuboradi.
Meni hayratga solgani − qushlar orasida baxil, xasis, birovning uyini buzmasa, bolalariga ozor bermasa ko‘ngli o‘rniga tushmaydiganlari ham bo‘lar ekan… O‘ylanib qolaman: kim kimdan o‘rgandi ekan − odamzod qushlardanmi yo qushlar bizlardanmi?..
OVCHI
“Yosh Verterning iztiroblari” kitobini yana bir bor o‘qib chiqdim. Yon daftarimda quyidagi yozuvlar paydo bo‘ldi:
“Kaltafahmlik dunyoga makr va adovatdan ko‘ra ko‘proq nizo urug‘ini sochadi”.
“Dunyoni befarosat odamlar buzganchalik boshqa hech kim buza olmaydi”.
“Kimdir ketadigan vaqt bo‘ldi”, deb aytishini kutib o‘tirish kerak emas”.
“Siz, ehtimol, bu yugur-yugurlaringiz, kuyib-pishishingiz bilan kelajakda boy-badavlat bo‘lib ketarsiz, uyingizda xizmatkorlar ishlashar, atrofingiz gavjum bo‘lar. Ammo shunday bo‘lganida ham, butun vujudingizga singib ketgan pastkashligingizdan qutula olmaysiz. Bu “fazilat” sizni u dunyoda ham tark etmasa kerak. Meni kechiring…”
“Do‘stim, seni hozircha shunday atashga majburman, mushfiq onang seni tug‘ganida, bolam muttahamlarning muttahami bo‘ladi, firibgarlarga dars beradi, olchoqlikni boshiga toj qilib oladi, xiyonat ko‘chasiga tanda qo‘yadi, deb aslo o‘ylamagan bo‘lsa kerak. Onangga rahmat degim keladi. Agar u seni dunyoga keltirmaganida, men, bilasanmi, o, buni aytish men uchun juda og‘ir… ko‘p narsalardan bexabar, sodda-so‘takligimcha yashab o‘tgan bo‘larmidim…”
“Uyida quroli bor odam, agar u, masalan, tog‘ yonbag‘irida yoki tubsiz jarlik yoqasida, o‘rmon ichkarisida yashasa, har ehtimolga qarshi (yovvoyi jonzotlar qo‘qqisdan hujum qilib qolishlari mumkin-da) miltig‘ini o‘qlab qo‘yadi. Mening esa na miltig‘im va na uni o‘qlaydigan o‘qim bor. Ammo… tez-tez eng yaqin do‘stlarimning qalbni o‘qdan ko‘ra og‘ir jarohatlaydigan hujumlariga duch kelib turaman. Ularga munosib javob qaytarishim mumkin, qarab turadiganlardan emasman, tilim chuchuk emas. Nishonni bexato uradigan so‘z va iboralar, kesatiqlar yetarli. Faqat… ovchi emasligim pand beradi-da”.
“KUSHAY BUDI…”
Tabiat qo‘riqchisi nomini olgan ekolog yozuvchi Dadaxon Nuriy bilan do‘st-qadrdon edik. Tez-tez suhbatlashib, vohacha aytganda, hangomalashib turardik. U kishining latif davralardagi hikoyalari favqulodda ajabtovurligi, kutilmagan “burilishlari”, latifanamo yakunlari bilan ajralib turardi. Ibrohim G‘afurov: “Dadaxon gapni rosa ko‘pirtiradi-da, ammo ishontiradi”, derdilar. Ishonib tinglagan hikoyalarimizdan bittasi quyidagicha.
Dadaxon akaning asli vodiylik, ammo ko‘plar qatori Toshkentda yashab qolgan bir do‘sti bor ekan. Uning Temur ismli o‘g‘ilchasi bolalar bog‘chasining rus guruhida tarbiyalanibdi, maktabda ham shu tilda o‘qiy boshlabdi. O‘qishga qiziqishi, fe’l-atvori, kirishimliligi joyida ekan-u, biroq o‘zbek tilida chala-chulpa gapirishi ota-onani tashvishga solibdi. Ular bu to‘g‘rida Dadaxon akaga aytishgan ekan, yozuvchi akamiz: “Yozgi ta’tilda bizning bolalar doimo Namanganga ketishadi, bir-ikki oy qishloqda turib, meva-cheva, sut-qatiqqa to‘yib, yuzlari oftobda pishib qaytishadi. Temurbekni ularga qo‘shib jo‘natsak, yaxshi bo‘ladi: ham pishadi, ham o‘zbekchani o‘rganib qaytadi. Uyimizda o‘rischa bitta so‘z ham bilmaydigan kelinimiz bor, uning bolalari bilan o‘ynaydi”, debdi.
Bu taklif Temurbekning ota-onasiga ma’qul kelib, yosh “o‘risvoy”ni Namanganga olib borib, qarindoshlarning sho‘x-shodon, quvdi-qochdi bolalariga qo‘shib kelishibdi. O‘rischa bilmaydigan kelinga: “Mehmon bolaga o‘zingiz yaxshilab tarbiya bering, odatlarimizni o‘rgating, tushunsa-tushunmasa o‘zbekchani qulog‘iga quyavering”, deb tayinlashibdi.
Oradan uch-to‘rt hafta o‘tgach, bolalardan xabar olgani mashinada Dadaxon akaning jiyanlari turadigan hovliga borishibdi. Darvoza ochiq ekan, ichkariga kirishsa, toshkentlik mehmon bola tandirning ustiga minib olib, otchopti qilayotgan ekan. Shu payt ichkaridan o‘rischa bilmaydigan kelinning ovozi eshitilibdi:
“Temurchik, idi sudi, kushay budi…”
Kulyapsiz-a? Nahotki, kulgili voqea bo‘lsa bu…
Ahmadjon MELIBOYEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist
“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-avgustdagi 31-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
592



