Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.09.2024 | 11:31

img572

DAHOGA EHTIROM

yoxud Isajon Sultonning “Abu Rayhon Beruniy” romani xususida

Olis moziy ko‘zgusida aks etib turgan turli voqea-hodisalar ichidan eng ibratga munosibini topa olish, ko‘ra bilish va bugungi kun nuqtai nazaridan baholab, badiiy talqin etish oson ish emas. O‘zbekis­ton xalq yozuv­chisi Isajon Sulton keyingi yillarda milliy tariximiz ummoniga misli g‘avvos bo‘lib sho‘ng‘idi, ummon tubidan dur-u javharlar jamlash bilan mashg‘ul bo‘ldi. “Alisher Navoiy” romanini yozib, hazrat hayoti va ijodiga qayta nazar soldi. “Bilga Xoqon” romani orqali turkiylarning shonli o‘tmishi, turkona so‘z imkoni va kuchini ko‘rsatdi. Yaqin o‘tmish, ya’ni XX asr boshlaridan “Ma’suma”ni topdi. Bularning barchasi tahsin va ilmiy-nazariy tadqiqqa munosib asarlardir.

Yozuvchining yangi romani – “Abu Rayhon Beruniy”ni o‘qib, uning ming yillar naridagi davr muhitining oltin sahifalarini, insoniyat boshidan kechgan yaxshi-yomon kunlarni, allomalar va sultonlar xarakterini sinchiklab o‘rganganiga guvoh bo‘lish mumkin. Adib bu romanida avvalgilarga o‘xshamagan kompozitsion qurilish yo‘lini, o‘zgacha bir bayon usuli va tasvir manerasini tanladi. U romani markaziga turli hikoyatlar, voqea-hodisa­lar roviysi Abu Fazl Rayyoniyni joylashtiradi. Bu obraz romanning boshidan to oxirigacha muallif niyatining ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi. Barcha syujet chiziqlarini birlashtiradigan bu obrazning niyati, kitob yozishga bo‘lgan orzusi juda mahobatli bir pafosda beriladi: “Bu asarimda izzatga sazovor turli kishilardan hikoya qilgan bo‘lsam-da, barchasining podshohi bir kishidir. U – inson bolalariga Yaratganning o‘ta noyob ne’mati bo‘lmish bilim qopqalarini ochgan, kishi tafakkur tufayli yuksala olishini ko‘rsatgan Abu Rayhon Muhammad al-Beruniydir”. Yozuvchining asl-cho‘ng niyati ham aynan shunday. Zero, bu roman tufayli bugunning o‘quvchisi Abu Rayhon Beruniy shaxsiyati naqadar buyuk bo‘lganini anglab oladi. Ikkinchidan, allomaga zamondosh g‘oziy sulton Abulqosim Mahmud ibn Sabuktegin Gʻaznaviy siymosi ham romanning markaziy obrazlaridan biri sanaladi. “Olimlar va hukmdorlar qilgan ishlarni bir risolaga joylash deyarli mumkin bo‘lmagan ish. Biroq, bu ikki zot hayotidagi falak hodisalari bir-­biriga shunchalar chirmashib ketganki, lol qolmay ­iloji­­ngiz yo‘q”. Haqiqatan ham, tarixda o‘tgan ulug‘lar­ning insoniyat oldida qilgan bebaho xizmatlarini ko‘rib-­bilib odamning aqli hayron qoladi. Zero, Isajon Sultonning mazkur romani shu hayrat va havaslar hosilasidir.
Tarixiy zamon va makonda harakatla­nayot­gan shaxslar – asosiy obrazlar ko‘pincha o‘z holini o‘zi bayon qiladi va aksar vaziyatlarda voqelik mazmuni Beruniy bilan Gʻaznaviyga bog‘lanadi. Har bir qavm, deylik, sobiylar, harroniylar, zardush­tiylar, moniylar, mazdakiylar, Bani ­Hanifa, Zav­zan ahli, oq kiyimlilar, qarmatiylar – bular bayo­nida adib, tabiiyki, Abu Rayhon Beruniy kitob­lariga suyanadi. Beruniy ilm o‘rganmoqchi, o‘z ta’biri bilan aytganda “o‘zini butlamoqchi”. Mol-dunyo bilan emas, ilm-fan bilan o‘zini tanimoq­chi va o‘zligi­ni, mavjudligini olamga tanitmoq­chi. Yozuvchi inson o‘zini butunlashtirish falsafasi­ni tabiatga qiyoslab: “Suvni har qanday sathga to‘ksang ham, o‘yiq-kemtigini to‘ldirib, tekis sath hosil qiladi, ya’ni o‘zini butlab oladi”, deb ifodalaydi. Shunga monand yosh Beruniy: “Mening vujud quvvatim yetarli, lekin bilim quvvatim oz bo‘lgani sababli ikkisini tenglab, butlamoq istadim”, degan ulug‘ va ezgu niyatini bildiradi. Butunlashtirish, ya’ni vujud quvvati bilan bilim quvvatini tenglashtirish – bu insonning tanasi bilan ruhiyati darajasi xususida qayg‘urish demakdir.
Isajon Sultonning yangi romani, qurilishi va rivoya usuliga ko‘ra boshqa asarlaridan farqlanadi. Alohida olingan voqea-hodisalarni o‘zaro bog‘lash va zarur o‘rinlarda jiddiy, xolis baholashni adib Abu Fazl obrazi zimmasiga yuklaydi. Adib tarixiy voqealarni, al-Ma’mun zamonasi, Sulton Mahmud Gʻaznaviy yurishlari va jang­lari­ni, uning o‘g‘li al-Ma’sud davr­laridagi tarixiy hodisa­larni Abu Fazl tasavvuri va tafakkuri elagidan o‘tkazadi. Romandan juda ko‘plab personajlar o‘z hasbi holidan so‘zlaydi va umummaxrajda Beruniy obrazi takomiliga yordam beradi.
Romanda mumtoz sharq nasri uslubiga xos jihatlar kuzatiladi. Deylik, bir sahifada Mansur ibn Iroq: “Johillar bilan aslo do‘st tutinma, sal narsaga seni nodon va dahriy deb e’lon qilib yuborish­lari hech gap emas. Aks holda, boshingga Abu Nuosning kuni tushadi” degach, Abu Rayhonning: “Abu Nuos boshiga kelgan voqea qanday ekan?” degan savoli ortidan alohida syujetga ega bo‘lgan voqea keladi. Yoki “falon voqeani hikoya qilib berishimni so‘radi”, “voqeani so‘zlab berishdi”, “boshidan o‘tgan bir voqeani aytib berdi” kabi birikmalar davomi hikoyalarga ulanadi. Sulton Mahmud Gʻaznaviy bilan bog‘liq epizodda “bu voqeaning tarixi quyidagicha” deyilgan gapdan keyin o‘quvchi zukko Ayoz va Sulton Mahmudga tegishli mashhur hikoyatni o‘qiydi. Har holda bunday uslubiy o‘ziga xoslik tarixiy roman ufqlari­ni kengaytirishga yordam beradi.
Shu bilan birga Isajon Sulton boshqa asarlarida qo‘llagan ba’zi poetik usullar an’anasi­ni bu romanida ham davom ettirdi. Kitob­xon­ni muayyan muhitga olib kirish va o‘sha davrga xos narsa-predmetlarni asil nomi bilan qatorasiga sanash yo‘sini bu romanida ham bor. Bir misol “Ray. Abu Zarr hikoyasi” bo‘limida bitta voqea keladi. Beruniy bozorda oltin uzukni sotmoqchi bo‘ladi. Zargarga ko‘rsatadi. Zargar mol taniydigan odam. Uzuk qay yurtda, qachon va qaysi usulda yasalganigacha biladi. Ular o‘rtasida gurung bo‘ladi. Shunda Beruniy zargarga narsa-predmetlar hajmi, uzunligi yoki vaznini o‘lchashda nimalardan foydalanishlari haqida savol beradi. Raylik zargar shunday deydi: “Biz tilla va kumushni misqol va dirhamda, javohirni qirotda, g‘allani man yoki botmonda o‘lchaymiz. Matoni tirsak va qulochda, uzun masofani farsaxda, qisqa uzunliklarni angushtda hisoblaymiz”. Bunday atama, tushuncha va detallar yozuvchi uchun muhim. ­Keyingi sahifalarda “la’l, yoqut, zabarjad, sadaf, marvarid, aqiq, feruza” boshqalar qatorasiga sanaladi. Beruniy zakosi “shaffof bo‘lmagan sariq toshlar uchun aqrabiy – chayon rangi, afsuriy – eshak tishi­ning rangi, falfaliy – qalampir rangi. Yashil va mo­viy tosh­lar eng oz tuslanishga ega. Zul­moniy – to‘q yashil, rayhoniy – rayhon bargi tusi, silkiy – lavlagi bargi rangi, alas – suli niholi rangi, zaytuniy – zaytun, rined – dafna yaprog‘i rangi” kabi juz’iy farqli ranglarni ajratib sanab berishida ham ko‘rinadi.
Bunday tushunchalarning tafsilotlari roman haqiqatini yuzaga chiqaradi. Beruniy yashagan muhit ob-havosini, borib ko‘rgan shaharlari tasviri, boshqalar bilan uchrashuvlarini bunday tafsillar reallashtiradi. O‘quvchi zehnini asar ichi­ga va o‘tmish zamon ijtimoiy-madaniy koloritiga olib kiradi. Ammo bunday detallarda xatolik­lar bo‘lmasligi lozim. Isajon Sulton shu e’tibordan sezgir, ogoh, hushyor. Bilib yozadi, bilganlardan so‘raydi. Bilmaganini yozmaydi. Haqiqatni yozish – ijod haqiqatiga sadoqatdan dalolatdir. Yaxshi yozuvchi bo‘lish uchun iymon mezoni muhim, vijdon so‘rovi zarur. Ayni damda yozuv­chi hayotning turli sohalarini tugal biladigan olim ham bo‘lmog‘i lozim.
Asarni yozish uchun Isajon Sulton Beruniy asriga oid ilmiy-tarixiy manbalarni va allomaning qator kitoblarini o‘qigani aniq. Romanda g‘arb-u sharq olimlarining nomlari bilan birga asarlari tilga olinadi va bu kitoblar Beruniy mutolaalari yoki biror kashfiyotiga uzviy bog‘lanadi. Romanda ilm qadriga, olim fazliga jiddiy e’tibor qaratiladi. Deylik, dengizda kemalarga chiqqan savdo ahliga yo‘l ko‘rsatuvchi o‘laroq berilgan Mofanna bilan bog‘liq rivoyat vositasida yozuvchi ilm qadri­ni baland ko‘taradi. Olim bilganini omi bilolmaydi. Bilganlar bilan bilmaganlar hech qachon teng bo‘lmaydi. Ammo bilmaganlarning bilganlar obraziga kirib olishlari, o‘zlaridan ulamo yasab targ‘ib-tashviqqa berilishlari esa – bu hamma zamonlardagi ko‘zbo‘yamachi kimsalarning eng mudhish fojia­sidir.
Isajon Sulton ayni chog‘da shu paytgacha ko‘rsatilmagan tarixiy davrdagi fazilatlar, deylik Sulton Mahmud Gʻaznaviyning musulmon hukm­dor ekaniga, Beruniyning islomiy tushunchasi va olimligi zakosiga diqqatni qaratadi. Beruniy bu romanda chin musulmon, chin olim, chin, hakim, chin inson o‘laroq gavdalanadi. Nazarimda, bizning milliy tarix ulkan badiiy asarlarda haqqoniy, o‘z mohiyati va mezonlariga muvofiq yoritilish yo‘liga sekin-asta kirib bormoqda. Isajon Sulton yozgan roman shu e’tibordan ham qadrli.
Eralarga, asrlarga, yillarga cho‘zilgan be­poyon tarix o‘lchovsiz, bahaybat, benihoya muh­tasham oyinadir. Isajon Sulton shu oyi­na­ning bir parchasini o‘quvchilarga taqdim etdi. Bu ­tarix oyinasida Beruniy yulduzi charaqlab turibdi. Romanni o‘qigan o‘quvchi Abu Rayhondek allomaning asarlariga, insoniy fazilatlariga qiziqadi, fikr yuritadi, savollar girdobiga tushadi. Beruniy bir yuz ellikdan ortiq asar yozgan. Ulardan o‘ttizdan ko‘pi bizgacha yetib kelgan. Hali shu kunga dovur olimlar Beruniyning ilm-fandagi xizmatlarini tugal o‘rganib chiqqanlari yo‘q. Beruniy­ni tugal anglaganlari yo‘q. Hali shu kungacha dunyo ilm ahli tomonidan alloma asarlariga yangi sharhlar yoziladi. Hali shu kunga qadar Beruniy borlig‘idan taralgan ma’rifat yog‘dusidan insoniyat bahra oladi. Buning nomi manfaatli ilm de­yiladi. Manfaatsiz ilmdan panoh so‘raladi odatda. Ilm ham, hunar ham egasi va boshqalarga foyda keltirmog‘i lozim.
Davr maishatiga, ilmiy muhitiga, olimlari tabiatiga mos ravishda yozilgan romanda ilm maqsad va foydasi nima degan savolga ham javob beradi. Beruniyning olimlik martabasi ulug‘­langan bu romanda o‘quvchi ko‘zi o‘ngida buyuk allomaning ulug‘vor siymosi gavdalanadi. Aslida chin olimlik bilan quruq vaysaqilik ham, kibr-havodan yasalgan manmansirash ham kelisha olmaydi. Olimlik – davralar to‘rida o‘tirish mashg‘uloti emas. Olimlik – bu insoniyatga xizmat. U – adashganlarni hidoyat yo‘liga boshlash amaliyoti. Olimlik bilgan sari hech narsa bilmaslik ortida turgan kamtarlikdir. Olim haqiqat va adolat qo‘riqchisi bo‘ladi, u misli chiroq, porloq bir yulduz. Shu chiroq o‘chsa, shu yulduz so‘nsa, odamlar qorong‘ilikda, zulmatda yo‘lsiz qoladi. Zulmatga qarab yurgan kimsa yo‘l topolmay adashadi. Olimlar odamlarni to‘g‘ri fikrlashga, shukrga, o‘z vujudiga nazar solishga o‘rgatadi. Olimlik – bu olamga kelib ketish mohiyati va bu yorug‘ dunyodagi chekli umr mazmunini anglashdir. Beruniy haqidagi roman o‘quvchini shunday tafakkurga chorlab turadi. Asardagi bosh qahramonning Abu Ali ibn Sinodek tabib yoki zamon hukmdorlari bilan bo‘lgan muomala-munosabatlari ham ibratga munosib. Bu asar olimning qalbini anglashga, ustidagi mas’uliyatni va boshidan kechgan mashaqqatlarni tugal tasavvur qilishga yordam beradi. Haqiqiy va manfaatli ilmning nima ekanini o‘quvchi biladi. Alloh o‘zi xohlagan bandalariga iste’dod va pokiza tafakkur ne’mati­ni ­in’om etgan. Roman Beruniy siymosi orqali o‘shal buyuk ne’matdan foydalanish sabog‘ini beradi.
Beruniy aforizmlari roman mazmunini boyita­di. Adib shu usulda o‘z asarini hikmat shodalari bilan bezaydi. Hikmatli sahifalar o‘quvchini hushyor torttirib, ongining allaqaysi puchmoqlari­da mudrab yotgan iste’dod hujayralarini bezovta qiladi. Va shu zaylda roman o‘z adabiy-tarixiy missiyasini bajaradi. Bu hayotiy hikmatlar amaliy tajribalar ortidan paydo bo‘lgan tarix haqiqatlari, ayni damda, Isajon Sulton adabiy-falsafiy tafakkurining mevalari hamdir.
Roman bir davr va bir muhitda yashagan, biri qo‘liga qalam va yana biriga qilich tutgan, biri bulut va yana biri yomg‘ir bo‘lgan, biri olov va yana biri tuproq bo‘lgan ikki insonning hayo­ti, faoliyati, kurashlari, jang-u jadallari to‘g‘risida. Bu Abu Rayhon Beruniy va Sulton Mahmud Gʻaznaviydir. Beruniyning “Sulton Mahmud bilan ko‘p tortishardik, u jo‘mard va tanti kishi edi, mening so‘zlarimning haq ekanini bilsa, o‘z xatosini tan olardi”; “Sulton Mahmud har narsadan rostgo‘ylik­ni va mardlikni ustun qo‘yardi” kabi baholari romanda har jihatdan asoslanadi. Isajon Sulton o‘z asarida millat manfaati nuqtai nazaridan xalqimiz tarixiga to‘g‘ri ko‘z, xolis nazar bilan qarashdan kelib chiqqan haqqoniy, hozirgacha mavjud bo‘lmagan badiiy talqinni beradi.
Ushbu romani bilan Isajon Sulton zamon­dosh­larimizni Beruniy fenomenini idrok etishga chorlaydi. Shuningdek, “Abu Rayhon Beruniy” romanchilikdagi an’analar, roman nazariya­si yillar o‘tgan sari o‘zgarishga uchrashini, bu adabiy janr mohiyatiga ko‘ra yangilanib turishini va roman doimo navqiron ekanini ang­lashga yordam beradi.

Bahodir KARIM,
filologiya fanlari doktori, professor

ILDIRGI: O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Abu Rayhon Beruniy” romani Hamza O‘zturchi tarjimasida turk o‘quvchilari qo‘liga yetib bordi. Kitob Turkiyaning “Ketebe” nomli nufuzli nashriyotlaridan birida chop etildi. Zero, turkiy xalqlarning umumtarixida o‘tgan ulug‘ allomalar hayot yo‘li va ilmiy-ma’rifiy faoliyatini teran tasavvur qilishda bu roman barcha turkiy xalqlar ma’rifattalab yoshlarining sevimli kitobiga aylanadi, albatta.

“Jadid” gazetasining 2024-yil 6-sentyabrdagi 37-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600