15.10.2024 | 14:54
571
EHTIYOT BO‘LING: QALBAKI DORILAR!
Yaqinda bir dori qidirib, oyog‘imda oyoq qolmadi. Shahar ko‘chalari bo‘ylab qator tizilgan dorixonalarning mo‘lligi-yu, ulardagi bir-biridan chiroyli qilib qadoqlangan dorilarning turli-tumanligidan boshim aylanib ketdi. Uzoq izlanishlardan so‘ng va nihoyat dori ham topildi. Ammo… ming mashaqqat va mo‘maygina pul evaziga sotib olingan dori qalbaki bo‘lib chiqdi. Bu holga birinchi marta duch kelganim bois real vaziyat haqida kengroq ma’lumotga ega emas edim. Keyin esa bu mavzu haqida izlanishga tushib ketdim…

Dunyoda qaysidir kasallik avj ola boshlasa yoki uning pandemiya darajasiga chiqishi kuzatilsa, dori vositalarining taqchilligi, tibbiy buyumlar narxining oshishi, eng yomoni esa qalbaki va kontrafakt tibbiy mahsulotlarning ko‘payishi ko‘zga tashlanadi. Natijada esa global sog‘liqni saqlash inqirozi kuchayib boraveradi. Bu holat hali yodimizdan chiqib ulgurmagan COVID-19 pandemiyasi davrida yaqqol namoyon bo‘lgan edi.
Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, past va o‘rta daromadli mamlakatlarda muomalada bo‘lgan har o‘nta tibbiy mahsulotlardan bittasi sifatsiz yoki soxtalashtirilgan hisoblanadi. Bu esa o‘z navbatida, bemorlar tomonidan kasalliklarni davolash yoki ularning oldini olish uchun samara bermaydigan dori-darmonlar qabul qilishini ifodalaydi. JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, qalbaki va kontrafakt dorilar aholining eng zaif qatlamlariga kuchli ta’sir qiladi va bu jiddiy kasallik yoki o‘lim holati bilan yakunlanishi mumkin.
Shuni ta’kidlash kerakki, qalbaki va kontrafakt dori vositalar hamda tibbiy buyumlarning tarqalishi nafaqat iste’molchilarga, balki ishlab chiqaruvchilarning faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatib, mahsulotlarga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi. Natijada iqtisodiy zarar orqali oddiy fuqaro kabi davlatning ham sog‘liqni saqlash tizimiga yo‘naltirgan umumiy xarajatlari karrasiga oshadi. Aholi ishonchi yo‘qotilib, tibbiyot mutaxassislari, dasturlari va sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan ixlosiga putur yetadi. Nojo‘ya ta’sirlar jiddiy oqibatlarga olib keladi, kelajakda kasallikni davolash yoki oldini olishning imkoniyati yo‘qolishi tufayli o‘lim, xavfli kasallanish yoki kasallikning keng tarqalishiga sabab bo‘ladi. Qalbaki dori-darmonlar savdosi qora bozor va noqonuniy tarmoqlarni rivojlantiradi, bu esa keng ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarga olib kelib, qora bozorni legallashtirishga zamin yaratishi mumkin.
Farmatsevtika xavfsizligi instituti (PSI) tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatadiki, dunyoda qalbaki va kontrafakt dori vositalarining muomalasi har yili taxminan 10 foizga o‘sib bormoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu o‘sishga turtki bo‘layotgan omillardan biri, dori vositalarining veb-saytlar orqali nazoratsiz savdosi rivojlanishidir. JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, internetda sotiladigan dori vositalarining 50 foizi qalbaki hisoblanadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 2 373 turdagi dori vositalari ishlab chiqaradigan 152 ta mahalliy korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Biroq shunga qaramay, iste’mol qilinadigan farmatsevtika mahsulotlari hajmining asosiy qismi – qariyb 1,3 milliard dollarlik tovar (yoki 82 foizi) chetdan keltiriladi.
O‘z navbatida, dori vositalarini ko‘p miqdorda import qilish sifat nazorati bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi. Mamlakatlar o‘rtasidagi standartlarning nomuvofiqligi, import qilinadigan tibbiy mahsulotlar qabul qiluvchi davlatning sifat nazorati talablariga to‘liq javob bermasligiga olib kelmoqda.
O‘zbekistonda qalbaki va kontrafakt dori vositalarining muomalasi sog‘liqni saqlash sohasidagi eng dolzarb muammolardan biriga aylanib ulgurdi. Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda aholi orasida katta talabga ega bo‘lgan dori vositalari ko‘proq soxtalashtirilmoqda.
Qalbaki va kontrafakt dori vositalari muomalasi bilan bog‘liq asosiy muammolardan biri bu samarali nazorat mexanizmlarining yo‘qligi va aholining qalbaki dori vositalarini sotib olish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq xavf-xatarlardan yetarlicha xabardor emasligidir. Bu esa qalbaki va sifatsiz dori vositalarining noqonuniy aylanishiga sharoit yaratib, o‘z navbatida fuqarolar salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Sobir NORMAMATOV,
farmatsevt:
– Qalbaki va kontrafakt dori vositalari aylanmasi shu qadar rivojlanib ketyaptiki, bir qarashda soxtasini haqiqiysidan ajratib olish soha mutaxassislari uchun ham qator murakkabliklarni keltirib chiqarmoqda. Bunday dori preparatlarining originalidan farqi faqat maxsus kimyoviy laboratoriyadagina ayon bo‘lishi mumkin. Ammo dori-darmon xaridi payti xalqimiz e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan bir nechta jihatlar ham borki, yurtdoshlarimiz bu orqali nafaqat o‘zining, balki boshqalarning ham sog‘ligini asrashga katta hissa qo‘shishi mumkin.
Xaridor aldanib qolmasligi uchun avvalo sotuvchidan dori-darmonning yuk xatini ko‘rsatishini talab qilishi zarur. Uning bu harakati qonunchilik talablariga to‘la mos keladi. Yuk xatida dori vositasining seriyasi, tartib raqami, ishlab chiqaruvchisi va ulgurji narxi ko‘rsatilgan bo‘ladi. Bundan tashqari, dorixonada sotuvga ruxsat berilgan har bir dori-darmonning Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan sertifikati bo‘lishi kerak. Yuk xati va sertifikati mavjud bo‘lmagan dori-darmonlarni sotib olish va iste’mol qilishdan cheklanish zarur.
Bu ko‘rinishdagi jamoatchilik nazorati anchayin sust bo‘lgani uchun xaridorlar dori vositalarining qutisiga, tashqi ko‘rinishiga alohida e’tibor berishi kerak. Qalbaki dorilarning qutisi haqiqiysiga qaraganda xiraroq ko‘rinishda bo‘ladi. Oddiy taqqoslash bilan ham ko‘p narsani oydinlashtirish mumkin. Qalbaki deb taxmin qilingan dori vositalari haqida esa dori vositalari sifatini nazorat qiluvchi milliy organlarga xabar qilishi kerak.
Farmatsevtika sohasi butun dunyoda katta biznes ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz. Xalqimiz topib aytgan: pul bor joyda nafs bor, shayton bor. Korrupsiya, dori vositalarini ro‘yxatga olish va sotishni tasdiqlash jarayonlarida shaffoflikning yo‘qligi oxirgi paytlar oddiy fuqarolar uchun juda jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Hindistonning “Marion Biotech” kompaniyasi dori vositalarini qabul qilganidan so‘ng O‘zbekistonda 65 nafar bola vafot etdi. Yana qanchadan qancha norasidalar og‘ir kasalliklarga chalindi. Butun xalqimiz yuragini jarohatlagan bu mudhish hodisa hali odamlar yodidan chiqqani yo‘q, albatta. Buning sababchisi bo‘lgan insonlar hayotining qanchadir qismini panjara ortida o‘tkazar, ammo begunoh farzandidan ayrilgan ota-onalar-chi, ularning holi ne kechyapti hozir?
Ushbu fojiali voqea ham dori vositalarining sifati va xavfsizligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish muhimligini, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish, dori vositalari sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish va qalbaki dori vositalaridan foydalanish bilan bog‘liq xavf-xatarlar to‘g‘risida aholi xabardorligini oshirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Muhammad ISMATOV,
dorixona ishchisi:
– Yurtdoshlarimizning aksar vakillari biroz sodda. Ish jarayonida shunday vaziyatlar bo‘ladiki, ba’zi xaridorlar so‘ralgan dorining narxini eshitib, yoqamizdan olishgacha boradi. “Insofing bormi o‘zi? Namuncha qimmat? Bu dorini falon joydagi dorixonadan ancha arzon narxda sotib olardim”, deb jahl qilgancha chiqib ketadi. Uning qalbaki yoki kontrafakt dori vositasi bo‘lishi mumkinligini aytsang, eshitishni istamaydigan odamlar ham topiladi. Arzoniga uchish esa tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Yana bir muhim jihatlardan biri shuki, zarur bo‘lgan dori vositalari topilmagan taqdirda, ba’zi bir insofsiz sotuvchilar tomonidan sodda va ishonuvchan xaridorlarga davolanish uchun mo‘ljallanmagan dori vositalarining taklif va tavsiya etilishi ham bemor hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari qalbaki va kontrafakt dori vositalari muomalasining oldini olish hamda farmatsevtika mahsulotlari sifatini nazorat qilishning zamonaviy tizimini to‘liq joriy etish maqsadida qator tavsiyalar ishlab chiqqan edi. Ana shu tavsiyalarning hayotga joriy etilishi ham tizimning anchayin tartibga tushishi uchun asos bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, inson o‘z sog‘ligi uchun avvalo o‘zi javobgar ekanligini aslo unutmasligi kerak. Shuning uchun xarid qilinayotgan har bir dori-darmonning haqiqiy ekanligiga ishonch hosil qilish, uni yo‘riqnomaga muvofiq iste’mol qilish, aks ta’sir ko‘rsatgan holda esa zudlik bilan shifokorga murojaat etish talab etiladi. Yana bir muhim jihat shundan iboratki, agar siz xarid qilayotgan dorining haqiqiy emasligiga shubhangiz bo‘lsa, hech ikkilanmay dori mahsulotlarini nazorat qiluvchi milliy markazlarga murojaat qiling. Zero, sizning bu harakatingiz boshqa bir fuqarolar sog‘ligi uchun foydali bo‘lishi mumkin. Jamiyatda jamoatchilik nazorati qanchalik kuchli bo‘lsa, uning mustahkamligi ham oshib boraveradi.
Islomjon QO‘CHQOROV,
jurnalist
ILDIRGI:
Ba’zan turli davralarda noqonuniy dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish hududlarda ham uchrab turganini eshitib qolamiz. Yaqinda xizmat safari bilan vodiy viloyatlarida bo‘lganimda Uchko‘prik tumani va Qo‘qon shahrida ham shu kabi holatlar kuzatilayotganini o‘sha yerlik aholi vakillari kuyinib gapirgandi. Noqonuniy dori vositalarini ishlab chiqarib, odamlar, ayniqsa, norasida go‘daklar hayotini xavf ostiga qo‘yayotgan ba’zi “tadbirkor”lar shu jirkanch ishlarining kasofati avlodlariga urishidan, begunoh bemor chaqaloqlar hayot shamini va ularning ota-onalari ko‘zidagi miltillab turgan umidni so‘ndirib qo‘yishdan qo‘rqmasmikan?! Bu turdagi kimsalar balki hozircha qonuniy jazodan qutulib qolayotgandir, lekin vijdon azobidan qayerga qochib bo‘larkan…
“Jadid” gazetasining 2024-yil 11-oktyabrdagi 42-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



