01.11.2024 | 11:56
790
BUGUNGI VATAN TAYANCHLARI — ERTANGI YURT USTUNLARI
Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Sohibqiron Amir Temurning “Tuzuklar”i, Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomayi sultoniy yoxud javonmardlik tariqati”, Bobur Mirzoning “Boburnoma” asarlari va boshqa koʻplab nodir manbalarda chin farzand, Vatan himoyachisi, oila davomchisi, sha’n va sharaf himoyachisi qanday sifatlarga ega boʻlishi lozimligi haqida qimmatli ma’lumotlar keltiriladiki, bu bizga farzand tarbiyasidagi nozik chegaralarni eslatib turadi.

Yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan “Vatan tayanchi” harakati ham ana shunday muhim zarurat va mezonlar asosida maydonga chiqdi. Ushbu harakat har qanday sharoit va vaziyatda ham jamiyatning eng sadoqatli va faol, har qanday sinov va qiyinchiliklarni ham mardona yengib, oʻz hayotiy maqsadlari tomon ildam harakatlanadigan, Vatan manfaatini qadrlaydigan va himoya qiladigan fidoyi oʻsmirlarni tarbiyalashdek ezgu niyat bilan oʻz faoliyatini boshladi.
“Vatan tayanchi” – bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati rahbari polkovnik Bahrom Zulfiqorov bilan kechgan suhbatimiz harakatning mazmun-mohiyati, faoliyati, xalqaro yutuqlari xususida bordi.
– Prezidentimizning 2022-yil 2-martdagi Mudofaa vazirligi huzurida “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinishi jamoatchilik tomonidan qizgʻin kutib olindi. Nomidan ham ma’lumki, “Vatan tayanchi” otryadlari yuqori sinf oʻquvchilarining eng joʻshqin davrlarini qamrab olishi koʻzda tutilgan. Buning mohiyatida qanday chuqur oʻylangan maqsadlar bor?
– Darhaqiqat, “Vatan tayanchi” harakatiga oʻsmirlar eng shijoatli pallalarda a’zo boʻlishadi. Bu davrda ularda atrofdagi har qanday hodisalarga oʻz munosabatini bildirish, barchani oʻziga jalb qilish ishtiyoqi yuqori boʻladi.

Bu yoshda oʻsmirlar uncha-muncha xavf-xatardan hayiqmaydi, mardlik va jasorat namoyon etishga intiladi.
Hozir ba’zi yoshlarning virtual makondagi olqishlarga moyilligi kuchayib, turli chellenj va vaynlar orqali “layk”lar yigʻishga berilib qolayotgani ham sir emas. Ammo oʻz bilimi, kuchi va qat’iy intizomi bilan ulkan choʻqqilar sari borayotgan oʻgʻil-qizlar ham koʻpchilikni tashkil qiladi. “Vatan tayanchi” harakatini muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan, katta maqsad va tashabbuslar bilan yoʻlga otlangan yoshlar jamoasi desak, toʻgʻri boʻladi.
Shu oʻrinda ozgina izoh berib oʻtmoqchiman. Gap shundaki, “Vatan tayanchi” harakati a’zolari Oʻzbekiston Respublikasining barcha qonunlarini, uning ramzlarini hurmat qiladi va ularga toʻliq rioya etadi. Jamiyatda va tengdoshlari orasida buni targʻib qiladi hamda shaxsan namuna koʻrsatadi. Davlat qonunlariga va ramzlariga behurmatlik qiladigan har qanday shaxsni bundan qaytaradi, unga oʻz munosabatini bildiradi. Zarur hollarda otryad rahbarining yordami bilan bunday holatlarning oldini oladi.
Ushbu harakatni tashkil etish uchun avvalo jahon tajribasi oʻrganildi. Tarixda va bugungi kunda faoliyat yuritayotgan harbiy-vatanparvarlik harakatlari va klublarining faoliyati, dunyo hamda respublikamizdagi yoshlar bilan bogʻliq ijtimoiy muhit, muammo va ehtiyojlar tahlil qilindi. Yoshlarning vatanparvarlik tuygʻulari qay darajada, ularni koʻproq nima qiziqtiradi, qanday qilib harbiy sohaga boʻlgan e’tiborni yanada oshirish mumkin, bu harakatdan Vatan, Prezident, xalq nimalarni kutyapti, degan bir qator dolzarb savollar ustida bosh qotirildi.
Yoshlarimizda ushbu harakatga a’zo boʻlish istagini uygʻotish va bu harakatga qoʻshilishni ular uchun yurak amri va tabiiy ehtiyojga aylantirish ustida bosh qotirildi. “Vatan tayanchi” harakatining asosiy vazifalari aniq belgilanib, unga a’zo boʻlish ixtiyoriy ekanligi belgilab qoʻyildi.
Birinchi navbatda Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari, harbiy okruglardagi mutaxassislar va Harakatning vasiylik kengashi vakillari bilan targʻibot ishlari amalga oshirildi.
Harakatning asosiy maqsadi va vazifalari, “Vatan tayanchi” otryadlari tomonidan amalga oshiriladigan ishlar, otryad a’zolarining vazifalari, ularga beriladigan imtiyozlar keng targʻib qilindi.
Manfaatsiz va xolis
“Koʻpdan quyon qochib qutulmas” degan naql bor xalqimizda. Harakat a’zolari har qanday topshiriqni jamoaviy tarzda bajaradilar. “Vatan tayanchi” harakati a’zosi shaxsiy manfaatidan koʻra Vatan manfaatini yuqori qoʻyadi. Boshqalarga koʻmaklashish, ularning minnatdorligi va roziligi orqali qoniqish hosil qiladi. Tengdoshlarining muvaffaqiyatlaridan quvonadi, qoʻllab-quvvatlaydi. Koʻmakka muhtoj shaxslarga, tengdoshlariga bor imkoniyati bilan yordam beradi. Bu orqali qadr-qimmatini oshiradi, xalqning hurmatiga sazovor boʻladi.
– Jamoalar muhitida har qanday yordamni xolis va beminnat koʻrsatish, odamlarning duosini olish kabi kishiga ruhiy ozuqa beradigan fazilatlar tobora shakllanib bormoqda. Chunki bir insonning roziligi va tashakkuriga sazovor boʻlgan oʻsmir oʻz ishidan mamnun boʻlib, bunday ezgu ishlarni yanada koʻproq qilishga intiladi. Kelajakda xalq hurmati va olqishiga sazovor boʻlishga bel bogʻlaydi.
Bu borada boshlangʻich tajriba va sinovlardan ham oʻtib bormoqdamiz. Oʻtgan davrda otryad a’zolari tomonidan bir qator koʻngilli tashabbuslar amalga oshirildi. Xotira va qadrlash kuni arafasida birodarlik qabristonlari, xotira maydonlarini obodonlashtirishga koʻmaklashildi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida maktablar va mahallalarda koʻplab koʻchatlar, gullar oʻtqazildi. Bu, albatta, harakat a’zolarining jamoaviy tashabbuslari bilan olib borildi. Mehnati singgan, peshona teri toʻkilgan, oʻz qoʻli bilan obod etilayotgan joylar oʻsmirlar tomonidan nazoratga olinayotgani, vayron boʻlishga yoʻl qoʻyilmayotgani, ayniqsa, quvonarlidir. Bora-bora bunday yoshlar oʻz yeriga, makoniga ham befarq boʻlmaydi, Vatanning haqiqiy himoyachisiga aylanadi.
– Siz rahbar sifatida “Vatan tayanchi” otryadining mamlakatimiz hayotida egallayotgan oʻrnini qanday baholaysiz?
– Hozir dunyoda kechayotgan murakkab va tahlikali davrda “Vatan tayanchi” harakati orqali yoshlar oʻrtasidagi fidoyi, vatanparvar, milliy qadriyatlar va urf-odatlarimiz bilan ma’naviy qurollangan jamoalarni shakllantirish muhim hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim gʻarazli kuchlar tomonidan ommani boshqarish uchun kiber ta’sirlar rivojlanib bormoqda. Otryad a’zolari bilan maqsadli va toʻgʻri ishlarni olib borish orqali bunday salbiy holatlarning oldini olish, aniqlash va bartaraf qilish imkoniyati yaraladi.
Hozirgi kunda ana shunday nojoiz ishlar ta’siriga tushib qolayotgan, yetarli darajada bilim va hunarga ega boʻlmagan yoshlar ham jamiyatimiz a’zosi hisoblanadi. Ularni jamiyatdan ajratib qoʻyish mumkin emas. Agar biz “Vatan tayanchi” harakati orqali yuksak maqsadli va bilimli yoshlar qamrovini oshirsak, bunday yoshlar oʻz tengdoshlarini toʻgʻri yoʻlga boshlay oladi. Ular uchun oʻziga xos boʻladi.
– “Vatan tayanchi” otryadlari oʻz oldiga yana qanday maqsadlarni qoʻygan?
– Harakatning maqsadlari juda katta. Kelajakda Harakatga a’zo boʻlish har bir oʻsmirning orzusiga aylanishiga erishishimiz zarur. Oʻzbekistonda unib-oʻsayotgan har bir oʻgʻil-qiz “Vatan tayanchi” harakati a’zosi boʻlishni oʻzi uchun sharaf deb bilishi kerak.
Harakat tashkil etilgandan buyon koʻplab ijobiy natijalarga erisha oldik. Jamoa a’zolari ichida sportchilar, bilimdon kitobxonlar, dasturchilar mavjudligi bizni quvontiradi. Oʻtgan yili “Vatan tayanchi” jamoasi Qozogʻiston Respublikasining Qaragʻanda viloyatida oʻtkazilgan “Aybin-2023” xalqaro harbiy-vatanparvarlik yigʻini doirasidagi harbiy-sport musobaqalarida ilk bor ishtirok etib, 42 ta jamoa oʻrtasida faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Shu yilning iyun oyida Qozogʻistonning Almati viloyatida 52 ta jamoa ishtirokida oʻtkazilgan musobaqada ham vakillarimiz turnikda tortilish, pnevmatik miltiqdan otish, jangovar qurolni yoyib-yigʻish, robototexnika kabi yoʻnalishlarda yuqori natijalarni qayd etishdi. Bu gal ham vakillarimiz faxrli 2-oʻringa sazovor boʻlishdi. Qozogʻistondagi yigʻin davomida Rossiya, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Qozogʻiston davlatlari vakillarida jamoamiz faoliyati katta qiziqish uygʻotdi. Kelajakda oʻsmirlar oʻrtasidagi boshqa tanlov va musobaqalarda ham “Vatan tayanchi” jamoasi ishtirokini ta’minlash boʻyicha amaliy ishlar olib bormoqdamiz.
– Shaxsan oʻzim “Vatan tayanchi” otryadi jamoalarining qator musobaqalardagi ishtirokini yaqindan kuzatdim. Darhaqiqat, harakatda namunali jamoaviy muhit shakllangan, oʻgʻil-qizlar jamoa sha’nini har narsadan ustun qoʻyadi…
– Albatta, jamoani shakllantirish, bor kuch va gʻayratni bir maqsad sari yoʻnaltirish otryad rahbarlari va murabbiylaridan katta mehnat talab qiladi. Harakat a’zolarida oʻzaro ishonch, hurmat va jipslikni shakllantirish, mushkul vaziyatda yelkadoshlik, sinovli pallada bir-biriga tirgak boʻlish koʻnikmasini oshirib borishimiz zarur.
Har yili “Vatan tayanchi” otryadlari oʻrtasida tuman, viloyat hokimlari va Mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi oʻtkazilmoqda. Ushbu bahslarda 9 mingdan ortiq jamoa ishtirok etadi. Har bir bosqichda gʻolib boʻlgan 14 ta jamoa Mudofaa vaziri kubogi uchun oʻzaro bellashadi. Siz ta’kidlab oʻtgan jamoaviy kayfiyat, shijoat, birdamlik mana shu musobaqalarda yanada mustahkamlanadi.
– Bir vaqtlar jadid bobolarimiz ham ilmli va sergʻayrat yoshlarni oʻqitib, millat ma’naviyatini yuksaltirish uchun bel bogʻlagan edilar. “Vatan tayanchi” otryadi yoʻl xaritasida ham bunga alohida urgʻu berilganidan xabarim bor.
– Harakat a’zolari bajara olmaydigan vazifaning oʻzi yoʻq. Chunki uning tarkibida turli sohalar boʻyicha qobiliyat va iste’dod sohibi boʻlgan yoshlar juda koʻp.
Oʻqish – Harakat a’zosining asosiy mashgʻuloti hisoblanadi. Lekin bu ertadan kechgacha partada oʻtirib oʻqish, degani emas. Yigit-qizlarimiz, eng avvalo, har qanday fanning hayotda kerakligini, uning asl mohiyatini oʻrganadi. Har bir fanning oʻz kelajagi uchun muhim boʻlgan jihatlarini chuqurroq oʻzlashtirib boradi.
Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz “Vatan tayanchi” harakati faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha yana bir muhim qarorni imzoladilar. Unga koʻra otryadlarning bir nafar eng a’lochi va faol a’zosi Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning oliy harbiy va harbiylashtirilgan bilim yurtlariga oʻqishga kirish uchun oʻzi toʻplagan balining 5 foizi miqdorida qoʻshimcha imtiyozli tavsiyanomaga ega boʻladi. Bu degani, har yili oʻn minglab yoshlar orasidan eng kuchlilari maydonga chiqadi, saralanadi va kelajakda professional Vatan himoyachisiga aylanadi. Eng muhimi, shu tariqa kelajakda milliy armiyamiz saflarida qalbi pok, gʻururi mustahkam, zuvalasi pishiq, Vataniga sadoqatli oʻgʻil-qizlar soni ortib boradi.
Bobur ELMURODOV suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2024-yil 1-noyabrdagi 45-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
592



