19.12.2024 | 10:02
465
QADRIYATLARIMIZ QADRI SO‘NMASIN
Tasavvur qiling: uyingizga ancha vaqtdan buyon ko‘rmagan qarindoshingiz yoki do‘stingiz keldi. Qo‘ng‘iroq qilgani yoki “boraman”, deb ogohlantirgani ham yo‘q. Dabdurustdan eshik qoqdi. Iltifot bilan kutib olasiz, hol-ahvol so‘raysiz. O‘z navbatida u ham. Suhbat asnosida mehmonga razm solasiz, uning kayfiyatini bilishga urinasiz. Ichingizda o‘ylaysiz: “Nega keldi? Biror iltimosi bormi? Tinchlikmikan, ishqilib?” Choy uzatasiz, gurungni davom ettirasiz-u, mehmonning og‘zini poylaysiz.
Ma’lum vaqt o‘tgach, mehmon turishga ruxsat so‘raydi. Ko‘chagacha kuzatib chiqasiz. “Uyda aytishga tortindi. Tashqarida aytsa kerak dardini”, degan xayolga borasiz. Mehmon xayrlashmoq uchun qo‘l uzatadi. Miyangizda aylanayotgan o‘y-xayollarni uqqan kabi mayin jilmayib deydi: “Shu tomonga yo‘lim tushgan edi. Sizni bir ko‘rib o‘tay, anchadan beri ko‘rmadim, deb kirdim”. Hayron bo‘lasiz. Shunday beta’ma yo‘qlash ham mumkinmi?

Negadir bunday beg‘araz tashrifdan ajablanadigan bo‘lib qoldik. Nega? Ishimiz ko‘pmi? Ha, ko‘p. Vaqtimiz yo‘qmi? Shunisiga shoshilmaymiz. Ochig‘i, vaqtim yo‘q, deb o‘zimizni o‘zimiz aldaymiz. Agar vaqtdan unumli, aql bilan foydalansak, hamma narsaga ulguramiz. Holbuki, qancha-qancha vaqtimiz bekor ketadi, havoga sovuriladi. Telefonda kerakli-keraksiz gaplar bilan suhbat qurishlarga, barchani ohanrabo kabi o‘ziga jalb etgan internetda maza-bemaza narsalarga termilib o‘tirishga ozmuncha vaqtimiz ketadimi?!
Aslida, vaqtimiz emas, hafsalamiz yo‘q. Odamgarchilikni, mehr-oqibatni, demak, milliy qadriyatlarimizni unutib yuborayotgandaymiz. Yangi-yangi imkoniyatlar, sharoitlar yaratilgan sari azaliy milliy urf-odatlarimizni “esimizdan chiqarib” qo‘ymoqdamiz. Ilgari odamlar bir-biridan xabar olish, suhbatlashib kelish uchun poyi-piyoda, nari borsa, ot-eshakda borgan. Chunki mehr-oqibat yuksak qadriyat sifatida qadrlangan, qarindoshlik rishtalarini mahkam ushlashga katta e’tibor berilgan. Bugun aksariyatimizda mashina bor, shunga qaramay qarindosh-urug‘lar, oshna-og‘aynilar oldiga borib, yarim soat bo‘lsa-da, diydorlashib kelishga hafsala qilmaymiz.
Hafsalasizlik, go‘yoki vaqtni “qizg‘anish” oqibatida qarindosh-urug‘lar, jigarlar o‘rtasida silayi rahm susayib borayotir. Faqat biron-bir sabab tufayli – to‘ymi, tug‘ilgan kunmi, Alloh asrasin, ta’ziyami – ko‘rishishga o‘rganib qolayotganga o‘xshaymiz.
Endi masalaning boshqa tomoniga nazar tashlaylik. O‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloq yoki shahardan boshqa joyda yashayotganlar uchun bu ishlar yanada murakkabroq. Ularning tez-tez borib turishi uchun “masofa uzoq” degan “qo‘shimcha” bahonasi ham bor.
Tug‘ilib o‘sgan manzilidan olisda yashaydiganlarda bitta muammo borki, undan ko‘z yuma olmaymiz. Ular o‘zining qishlog‘i yoxud shahriga ko‘pincha bir kunga, nari borsa, ikki kunga keladi. Bu muddatda, tabiiyki, barcha qarindoshlarini, oshna-og‘aynilarini ko‘rishga ulgurmaydi. “Keyingi gal ko‘rarman ularni”, deb shoshib qaytib ketadi. Keyingi safar ham shu ahvol takrorlanadi. Shunday qilib, ayrim qarindoshlar va yor-u do‘stlarni yillab ko‘rmaydi. Bunaqa holat, o‘ylaymanki, ko‘pchilik uchun tanish. Jumladan, kamina ham mustasno emas.
Yashirmayman, bir-ikki marta noqulay ahvolga tushib qolganman. Qishlog‘imizda qandaydir tadbir bo‘lganida uch-to‘rt yosh yigitlarni tanimay, yonimdagi katta yoshlilardan, bular kim, deb so‘raganman. Ular “Iye, tanimayapsizmi? Anavi falonchi opangizning nevarasi, unisi pistonchi opangizning nevarasi”, deb kulishgan. Bu ham yetmaganday “Qishloqqa tez-tez kelib turish kerak-da”, degan. Rosa izza bo‘lganman.
Bu narsa menga qattiq ta’sir qilgandi. “Ahvol shu tarzda davom etaversa, uch-to‘rtta o‘zim qatorilardan boshqani tanimay, begonalashib ketishimiz hech gap emas-ku. Bu yoshlar mendan iymanib, tortinib o‘zini bir chekkaga olsa, men o‘zim yaxshi biladiganlar bilan gurungdan bo‘shamasam… Bunaqada qarindoshlik aloqalarimiz uzilib ketishi aniq. Biron-bir chorasini ko‘rish kerak… Mehr ko‘zda degan naql bor”.
…Joriy yilning bahorida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida bir necha iqtidorli ijodkorlar bilan birgalikda Samarqand viloyatidagi qator oliy o‘quv yurtlari va ularga biriktirilgan maktablarda uchrashuvlar o‘tkazdik, ko‘chat ekdik. Talabalar va o‘quvchilar bilan bo‘lgan emin-erkin suhbatlar, savol-javoblar, gulxan atrofidagi gurunglar g‘oyat maroqli, esda qolarli bo‘lganini alohida ta’kidlamoqchiman. Shu suhbatlarda mehr-oqibat, ahil-inoqlik, hamjihatlik xususida ham fikrlar bildirildi.
Davrada yoshlarning fikrlarini tinglab o‘tirarkanman, o‘zim ham shular to‘g‘risida gapirdim, miyamda bir savol ta’na-dashnom kabi aylanaverdi: “Xo‘sh, bu borada o‘zing nima qilding, nima qilyapsan? Akalaring, opalaring farzandlaridan xabar olib turibsanmi? To‘rt opangdan uchtasi va yagona singling o‘tdi bu olamdan. Birgina opang qoldi. U bilan talashib-tortishib katta bo‘lgansan, bir sinfda o‘qigansan. Shu opangdan oyda necha marta hol-ahvol so‘raysan? Loaqal telefonda bo‘lsa ham?” Bu achchiq savollarga jo‘yali javob yo‘q…
Tadbirlar tugagandan keyin sheriklarimni kuzatib, o‘zim Samarqandda qoldim. Katta jiyanlarimga o‘ylagan taklifimni aytdim.
– Shanba kuni kechqurun hamma qarindoshlarni to‘planglar, – dedim. – Shaharda ishlaydigan-u yashaydiganlar ham kelsin. Bir piyola choy ustida gurung qilamiz.
Ularga ham bu taklif ma’qul tushdi.
May oyining o‘rtalari. Katta akamning to‘ng‘ich o‘g‘lining uyiga, ishonasizmi, qirqqa yaqin odam yig‘ildi. Safarda bo‘lgan, uzrli sabab bilan kelolmaganlari qancha. Ochig‘ini aytsam, shularning uchdan birini deyarli yaxshi tanimayman. Ko‘pini bolaligida ko‘rganman yoki umuman ko‘rmaganman. Yonimda o‘tirganlardan tanimaganlarimni so‘rab oldim.
Uyalib, iymanib boshlangan suhbat asta-sekin avjiga chiqdi, qizg‘in gurungga aylandi. Bu dunyodan o‘tgan ota-onalarimiz, akalarimiz, opalarimiz, amaki-yu tog‘alarimiz, amma-xolalarimiz, pochchalarimiz, ularning yaxshi amallari yodga olindi. Kim kim bilan qanaqa hazillashgani bormi, uy qurish, kuzda tom suvash, uzum uzish kabi ishlardagi hasharlar, shu jarayonlardagi hazil-huzullar-u hangomalarni eslab miriqib kuldik.
Armiyada, paxta terim paytidagi hangomalar yodga tushdi. Gʻiybatdan, oldi-qochdi, maza-bemaza gaplardan xoli samimiy, dilkash gurung hammaning qulfi dilini ochdi. Yoshi ulug‘lar yoshlarga o‘z tajribalari haqida gapirdi, pand-nasihat qildi. Yoshlar turli mavzularda savollar berdi, biz kattalar bilganimizcha tushuntirdik. Soat tungi o‘n ikkidan oshdiki, hech kimning turgisi kelmaydi.
Gurungdan maza qilib o‘tirar ekanman, o‘ylardim: “Bu ham “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida o‘tayotgan tadbirlarning bir ko‘rinishi, amaliy natijasi emasmi? Mohiyat bir xil. Ayniqsa, gulxan atrofidagi gurungga juda o‘xshab ketdi, o‘rtada gulxan yo‘q, xolos!”
Suhbat so‘ngida “Bu ishimiz juda zo‘r bo‘ldi. Hammamiz miriqdik, mazza qildik. Ma’rifiy suhbat bo‘ldi. Endi buni davom ettirishimiz kerak”, degan taklif bildirildi. Birov har oyda qilaylik, dedi, kimdir uch oyda, dedi. Oxiri mendan so‘rashdi: “Siz nima deysiz?”
– Avvalo, mening taklifimga rozi bo‘lib, jamlanganlaring uchun hammangizga katta rahmat. Ko‘rdilaringki, bu ishimiz barchamiz uchun foydali bo‘ldi. Diydorlashdik, miriqib gaplashdik, o‘tganlarni esladik, eng muhimi, har birimiz o‘zimiz uchun nimadir oldik, – dedim. – Endi bu o‘tirishimizni davom ettirish borasidagi taklifga kelsak, buni qo‘llab-quvvatlayman. Faqat masalaga real qaraylik. Har oyda yig‘ilish oson emas. Shuning uchun, agar hammaga ma’qul bo‘lsa, yilda ikki marta, ya’ni, bugungiday may oyida va kuzning boshlanishi, sentyabr oyida yig‘ilsak… Hovlida, ochiq havoda bemalol yayrab o‘tirish mumkin.
Barcha qarindoshlar bu fikrni ma’qulladi.
Hamma tarqagach, biroz hovli aylandim. Garchi, vaqt tungi soat birdan oshgan bo‘lsa-da, charchoq sezmasdim, aksincha, kayfiyatim ko‘tarinki, o‘zimni ancha yengil his qilardim…
Kelishuvimizga binoan sentyabrda yana to‘plandik. Bu gal ayollar ham keldi. Biz o‘g‘illarim, nevaralarim, kelinim bilan bordik. Oldingidan ham ko‘p odam yig‘ildi. Avval qabristonga borib, ota-onam, akalarim, opalarim, amaki-yu tog‘alarim – bu dunyodan o‘tgan barcha hesh-aqrabolarimiz qabrini ziyorat etib, ularning haqiga Qur’on tilovat qildik. Kichkina nevaralarimga ular haqida gapirib berdim…
Oqshom xuddi avvalgidek, juda maroqli suhbat bo‘ldi. Yana yarim tungacha davom etdi. Sentyabr tunining salqinligi ham sezilmadi.
Mamatqul HAZRATQULOV
“Jadid” gazetasining 2024-yil 13-dekabrdagi 51-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



