19.12.2024 | 12:36
698
Choʻlponning “Zamona xotini” pyesasini kim asrab qolgan yoxud mozorga bekitilgan asar tarixi
20-yillar matbuoti Choʻlpon oʻnga yaqin pyesa yozganidan xabar beradi. Bularning talayginasi sahnalashtirilgan boʻlsa-da, negadir bir nechtasigina saqlanib qolgan. Toʻgʻri, “Yorqinoy”, nashr etilganligi uchun saqlanib qolgan. Yan tomonidan yozilgan va Choʻlpon oʻzbekchalashtirgan, qayta ishlagan “Hujum” pyesasi ham saqlanib qolgan. “Oʻrtoq Qarshiboyev” komediyasi sahnalashtirilganda matbuotda qizgʻin munozaralarga sabab boʻlgan, afsuski, u ham haligacha topilgani yoʻq. Boshqa asrim pyesalari xususida ham xabar, taqrizlar eʼlon qilingan.

Choʻlponning koʻplab pyesa yozishi tabiiy edi. Chunki u jahon dramaturgiyasining oʻnlab shoh asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan va umuman, sahna sanʼatini teran bilan edi. Soʻngra, dramaturgiya zamon holatini tahlil etishda eng qulay hisoblanardi. Deyarli hech kimga maʼlum boʻlmagan “Zamona xotini” fojeasining topilishi kutilmagan voqea boʻldi va Choʻlponning qolgan dramatik asarlarining ham topilishiga umid uygʻotdi. Chunki oʻsha 1937-yillardagi repressiya dahshai ziyolilarning yuragini olib qoʻygan edi va shuning uchun ham Choʻlpongan oʻxshagan adolatsizlik qurbonlarining, oʻsha zamon tasavvuri bilan aytganda, “xalq dushmanlari”ning asarlarini, qoʻlyozmalarini saqlash oʻz boʻynini sirtmoqqa solish bilan teng edi. Mabodo saqlaganlari ham zamonning qaltisligi va shafqatsizligini oʻylab, birovga aytishga jurʼat etmay kelganlar. Hurmatli adibimiz Mumtoz Muhamedov ham “Zamona xotini” fojiasini 1928-yildan buyon koʻz qorachigʻidek asragan va birovga maʼlum qilishga jurʼat etmagan. Toʻgʻri, bu gapdan Yashin akaning xabari boʻlgan, faqat ungagina yorilgan. Biroq ular birovga aytmaslik toʻgʻrisida qasam ichishib, bu sini dil toʻrida saqlab kelginlar. Bugungi demokratiyaning qanot yoyishi va Choʻlpon asarlarining chiqa boshlashi, ular toʻgʻrisida maqola, risolalarning paydo boʻlayotganini koʻrishgach, keksa adiblarimiz endi bu gapni elga bildirish vaqti yetdi, degan qarorga kelishadi. Ular bu ishni kaminaga ishonib topshirdilar, mana koʻrib turibsizki, “Sharq yulduzi” oynomasi gʻoyat xursandchilik va tezkorlik bilan uni eʼlon qila boshladi.
Asarning saqlanish tarixi ham juda ajoyib. Mumtoz akaning haqiqatga va talantga boʻlgan hurmat-eʼtiqodi yoshlik yillaridan boshlangan. U Abdulla Qodiriyni qattiq sevar va uni oʻziga ustoz deb bilar edi. Hatto A.Qodiriy Mumtoz Muhamedovning “Chaman” degan romanini oʻqib bergan va koʻp yerlarini tahrir etgan. Yozuvchi birinchi bor qamalgandayoq Mumtoz Muhamedov ulagʻ yozuvchiga nisbatan adolatsizlik boʻldi, uning zarracha gunohi yoʻq deb oʻylagan va bu fikrini birovga aytishga qoʻrqib, bir qogʻozga tushiradi hamda uni shishaning ichiga solib qoʻyadi. U Moskvada ekan, yagona oʻgʻli toʻsatdan vafot etadi va uni Oʻratepaga koʻmadilar, yoniga haligi shishani ham berkitib qoʻyadilar. Mumtoz aka keyin bu shishani olib oʻrniga qoʻy terisining ichiga Choʻlponning “Zamona xotini” asarini oʻrab, oʻsha oʻgʻlining mozoriga berkitib qoʻyadi. Shishani esa imorat qurganda poydevori ostiga qoldirib yuboradi.
Choʻlpon “Zamona xotini” asarini Leningraddagi majlis zalida xayolidan koʻtarilib, qoldirgan ekan. Asosiy sabab uni NKVD surishtirayotganligi toʻgʻrisidagi xabarni eshitishi boʻlsa kerak. Dramaturgiyaga bagʻishlangan oʻsha majlisda Choʻlpon, Yashin, Ziyo Said, Mumtoz Muhamedovlar ham ishtirok etishgan. Majlis tugagan paytda uning tanishi Toshkentdan telefon qilishgani va ular bilan bogʻlanishi kerakligini aytadi. Choʻlpon telefonda gaplashganda uni NKVDdan surishtirganligini aytishadi. Shu xabar choʻlponni tahllikaga, kuchli hayajonga solgan boʻlsa kerak. U nihoyatda taʼsirchan, ehtirosli inson edi. Choʻlpon pyesani esdan chiqarganini va uni topib qoʻyishni tanishi – andijonlik rus doʻstiga (Choʻlpon uni Taras Bulba deyar ekan) aytib ketadi. U Mumtoz Muhamedovga aytadi. Birga qidirishib majlis zalidan topishadi. Shu boʻyi asarni Mumtoz Muhamedov asrab yuradi. Lekin bir holatga hayronmanki, Choʻlpon keyin nega oʻzining bu asari bilan qiziqmadi, uni sahnalashtirishga intilmaydi, axir undan Mannon Uygʻur ham xabardor ekan, uning iltimosi boʻyicha uchinchi marta qayta ishlanib, fojiaga aylantirilgan ekan?! Bu tomonini Mumtoz aka ham bilmaydi.
Adabiyotshunos Sirojiddin Amedov “Zamonga xotini”ning syujet yoʻnalishi mazmunini eshitgach bu asar sanʼatshunoslik institutida saqlanayotgan Choʻlponning “Mushtumzoʻr” deb ataladigan pyesasining bir betlik bayonini eslatayotganini aytib qoldi. Men “Nafosat” jurnalining shu yilgi ikki sonida bosilgan maqolamda “Oʻzbek teatri” toʻplamida (1929) Tixonovichning maqolasida Choʻlponning “Zamona xotini”, “Uzun quloq bobo” pyesalarini tilga olganligini eslatgan edim. Shu toʻplamda “Mushtumzoʻr” toʻgʻrisida retsenziya ham bosilgan. Bu S.Husaynning “Qizil Oʻzbekiston” gazetasida (1929) bosilgan retsenziyasi edi. Retsenziyadan maʼlumki, “Mushtumzoʻr”da Rustam, uning xotini Rahima xola, muallim, Zokirjon, Azimjon obrazlari ishtirok etadi. Biroq “Mushtumzoʻr”ning finali, bir qancha syujet nuqtalari, sahna, koʻrinishlar, pardalar “Zamona xotini”dan farq qiladi. (Mushtumzoʻr” olti parda, bunisi toʻrt parda). Badiiy jihatdan “Zamona xotini” mukammal, tugal. “Mushtumzoʻr”ni Mannon Uygʻur oʻzi sahna variantini tayyorlagan boʻlishi mumkin. Choʻlpon tomonidan mukammallikka keltirilgan “Zamon xotini”, asl variant. “Zamona xotini” fojiasining topilishi ikki jihatdan ahamiyatlidir: ilmda ikki asar sifatida fikr yuritilib kelingan asarning aslida yagona ekanligi maʼlum boʻldi va Choʻlponning oʻzi qayta ishlab nihoyasiga yetkazgan, hatto kirish soʻoʻi (“Shunigina deyman…”)ni yozib, oʻz imzosi bilan tasdiqlagan asl nusxa qoʻlimizga kirdi.

Xulosa shuki, “Zamona xotini” avval toʻla holda hech yerda eʼlon qilinmagan. Asarning oʻziga qaytaylik endi. Choʻlpon uni kulgili pardada fojiaga aylantiradi. Choʻlpon “Shunigina deyman…” kirish soʻzida umuman rus teatrida ham zamonaviy asarlar kamligini taʼkidlaydi. Oʻzining asari toʻgʻrisida gapirib, “Mana qoʻlingizda muosir (zamonaviy – S.M.) turmushdan bir fojia. Toʻgʻrisi, u yoʻlda bir va birinchi tajriba. Biz sahna, sanʼat olamida tajriba davrini kechiramiz. Bir aniqlab tutilgan bir usulimiz yoʻq”. Demak, Choʻlpon zamona hayotidan fojia yozib koʻradi. (Tarixiy mavzuda Fitrat va bosmachilik deyilgan davr toʻgʻrisida Hamza “Loshmon fojialari”ni yozganini eslatib oʻtaylik). Ikki holat, yaʼni birinchisi zamonaviy mavzuda fojia yozish, umuman dramatik asar yozish tajribasi oʻzbek adabiyotida yoʻq darajadaligi Choʻlpon uchun fojia sirini topishda qiyinchilik tugʻdirgan boʻlsa, ikkinchidan, “Zamona xotini”ning birinchi; ikkinchi variantlarida kulgi hokim belgi boʻlgan. U ham Choʻlponga tazyiq oʻtkazib turgan. Uning oʻzi oʻsha variantni “na kulgu, na fojia boʻlmogʻonligʻidan “pyesa” deyishga toʻgʻri keldi”, deydi. Shu oxirgi variantda ham komik elementlar faol qatnashadi va asarga tragikomediya tusini beradi. Asarda komik vaziyatlar (Sharofatning erkakcha kiynishi bilan bogʻliq oʻrinlar), satirik vaziyatlar (Rustamlarning bazmlari), nutqni kulgili qilib berish (Joʻra nutqi, Zokirjonning ruscha soʻzlar, jumlalarni aralashtirib soʻzlashi), taqlid qilish yoʻllari, personajlarga laqablar berish (Toʻxtasin boʻrdoq, Azimjon qimorboz, Rustam choʻloq, Toʻhfa gʻar va h.z.) juda koʻp. Ayni choqda asarda lirik sahnalar bor (oshiq-maʼshuq Sharofat – Abdilahadlarning visol choqlari, qizlarning qoʻshiq aytish paytlari). Ammo shuni taʼkidlash kerakki, oʻsha komik vaziyatlar fojiaviy vaziyatni yanada keskinlashtirish uchun xizmat etadi. Masalan, Sharofatning erkakcha kiynib, Abdilahad bilan uchrashuvi, ijroqoʻm raisi, Sharofatning otasi Rustam bilan muallim Abdilvohob oʻrtasidagi toʻqnashuv keskinlashtiriladi. Choʻlpon markaziy qahramonlar – Rahima opa va Rustamning murakkab, mushkul taqdirini, ichki dunyosini, oʻzaro murosasiz toʻqnashuvi va kurashini yorqin aks ettirib beradi. Bular kurashi misolida jamiyat va inson, zamon, tarixiy sharoit, muhim va shaxs burchi masalasi haqidagi oʻz qarashlarini olgʻa suradi. Choʻlpon asarda vijdonsiz, munofiq, zolim, “soʻqir, omi va johil” odam davlatga, xalqqa yetakchilik qila olmaydi, faqat odil, haqiqatparast, xalqparvar, pok va fidoyi insongina jamiyatni kamolga yetkazishi, xalqqa baxt berishi mumkin, demoqchi boʻladi. Rustam, Azim qimorboz, Zokir – bularning hammasi eski tuzum vakillari, boylar, zulmkorlar. Har xil hiyla bilan ijroqoʻmni qoʻlga olib, xalqni talaydilar, ularga zulm qiladilar, xotin ustiga xotin oladilar, buzuqliklar qiladilar, adolatparastlarga kun bermaydilar. Rahima xola (u “Qoʻshchi” aʼzosi), muallim boshchiligida haqgoʻy odamlar ularga qarshi faol, ochiq kurashadi, markaz – yuqori tashkilotlar bularni qoʻllab-quvvatlaydi. Choʻlpon asarda bu bilan shu tuzumni, boʻlajak yer islohatini qattiq himoya qiladi. Nega endi xalqni shu tartibga, tuzumga qarshi keskin kurashga chaqirgan (“Buzilgan oʻlkaga” asarini eslang) va yigʻlab, kuyib adolat talab qilgan shoir qanday qilib, bu tuzumni mustahkamlash gʻoyasini olgʻa surdi, uning siyosatini qoʻllab-quvvatlar ekan) Mushtipar, huquqsiz ayollarni erkinlikka chorlabgina qolmay, Rahima xola timsoliga nega jasur, prinsipial, eʼtiqodli, dono, tadbirkor va xalq manfaati yoʻlida eriga qarshi shafqatsiz kurashgan ayolni koʻrsatdi ekan! (Asar yozilgan vaqtda erk talab qilgan ayollar shafqatsiz oʻldirilayotgan paytlar edi va Choʻlpon shunday qurbonlardan biri – Tursunoy toʻgʻrisida endigina “Tursunoy sahnada” degan ajoyib maqolasini ham yozgan edi-ku!..)
Maʼlumki, Choʻlpon xalq ozodlik qurashiga (“bosmachilik” harakatiga) qattiq ishongan edi, uning sheʼrlari bir bayroq, gimn boʻlib, ularga ilhom berar edi. 1923-yillarga kelib, “bosmachilik” harakati magʻlub boʻladi, hatto eng qudratli boshliqlari – Madaminbek kabi sardorlari taslim boʻlib, oʻz ixtiyori bilan Shoʻrolar tomoniga oʻtadi. Choʻlponning umidlari yerda qoldi va 1923-yili “Somon parcha” sheʼrida “Topshirdim oʻzimni muhitning erkiga”, “Muhit kuchli ekan, egdim boʻynimni”, deb yozadi, Uning ustiga Choʻlponni matbuotda, majlis-yigʻinlarda millatchidan olib millatchiga solishadi, koʻzini ochirishmaydi. “Maorif va oʻqituvchi” jurnalida eʼlon qilingan “Eʼtiroz” maqolasida (qurultoyga yuborgan xati) qilmagan xatolarini boʻyiniga olib, yana shunday deydi: “Bashariyatning umumiy saodati ezganlar va boylarga qarshi ezilganlar va yoʻqsillarning kurashida ekanini angladim. Dunyo asosan ikki qarama-qarshi jabhaga boʻlingan boylar bilan kambagʻallarning kurashidan, haq va haqiqatning kambagʻal va yoʻqsillar tomonida ekanligiga qanoat qildim. Mundan soʻng ishimda shu qanoat va ishonchimni asos qilib turmakka qaror qildim. Mundan soʻng shu yildagi azmimni ish bilan koʻrsatib, ish orqasida, haligi xatolarni ishchi-dehqonlarning koʻnglida ketkazishga harakat qilaman. Mundan soʻng oʻz faoliyatim uchun oʻzim sevgan teatr sohasini olib, unda yaqinda (shu yil) RKP (b) Markaziy Komiteti tashviqot-targʻibot shuʼbasi yonida boʻlgan teatr maslahat majlisi qarorlari asosida oʻshani dastur qilib ish qilishimni arz qilaman”.

Bu gapni Choʻlpon 1927-yilda gapirdi, “Zamon xotini” 1932-yilda yozildi, demak, bu asar oʻsha vaʼdaning “amaliy isboti” edi. Asar markaziga boylar bilan kambagʻallar oʻrtasidagi kurashni qoʻydi va kambagʻallar gʻolib chiqdi. Choʻlpon Oktyabr inqilobidan yaxshilik kutgan, umid qilgan va dastlab ishongan edi. Qirgʻinni, bosqinchilik va talovchilikni koʻrgandan keyin avvalgi ishonchlaridan qaytdi. Ozodlik kurashiga kirishdi. Bunda yengilgandan keyin (Xalq yengildi!) murosayu madoraga oʻtildi. Choʻlpon shu Shoʻro tuzumini adolat sari xizmat ettirishni – burishni umid qildi va asarida ana shu adolatli tuzum haqidagi orzu-armonlarini oʻrtaga tashladi. Rahima xola tili orqali Choʻlpon shunday deydi: “…Bilingki, hukumat chirogʻ: sizning qoʻlingizda oʻgʻirlikka ishlasa, mening qoʻlimda toʻgʻrilikka ishlaydi”. (Eri Rustamga qarab aytadi buni). Demak, Choʻlpon shu orzuni aytadi. Buning oʻzi oʻsha murakkab, qaltis zamonda juda havfli, ogʻir edi. Axir dramaturg oʻz qahramonlari tilidan oʻsha zamonga, tartibga, jamiyatga boʻlgan tanqidiy, salbiy qarashini ishora usuli bilan aytib oladi. Asarda bir dehqon (Choʻlpon xalq ovozini berishga koʻp ahamiyat beradi asarda) “Qanday qilaylik, shularning qoʻlida qul ekanmiz!” deydi, boshqasi: “yurtda bulardan yomon odam yoʻq”, deydi. Yoki Zuhra: “Ilohim yer yutsin bolshovoyni. Hammani qon-qaro qaqshatib ketdi!..” deydi. Yoki Rahmat tili bilan Choʻlpon: “Bu hukumat oʻzining amaldorlarini ham hech ayamaydi. Qancha kattalarni oʻzi otib yubordi!” deydi. Muallim esa:”Zamonda kuchli narsa boʻlmaydi dunyoda! Zamon xohlagʻanini qiladi. Yaxshi koʻrganini koʻklarga chiqaradi, yomon koʻrganini yetti qavat yerlarga kirgizadi!” deydi.
Choʻlpon naqadar haq ekan, davr bu soʻzlarni toʻla isbotladi!
Asar gʻoyat tomoshabop: unda hayot-momot kurashi ham, shirin sevgi onlari ham igʻvo-fitna ham, kundoshlik azob va nayranglari ham, iflos-ishrat manzaralari ham, qoʻshiq-xushchaqchaqlik paytlari ham, hazil-mazax sahnalari ham, iztirobli yoki keskin munozarali fasllar ham bor, yana qancha-qancha qiziqarli sahnalar, yoʻllar, usullar bor. Bularning hammasi “ezilgan yurtni, shoʻrlik dehqonni”, “ozodlik yovlarini”, “xotinlar ham odam ekanlar” degan haqiqatni koʻrsatishga xizmat etadi. Choʻlponning maftunkor, sehrga, boy, goʻzal tiliga qoyil qolmay ilojingiz yoʻq. Darvoqe, bu yerda Choʻlpon qanday yozsa, shu tahlitda – oʻsha davr shaklida bosilmoqda. Choʻlpon ijodining yangi bir sahifasi boʻlmish bu asar toʻgʻrisida keyincha bafurja gap boʻlar.
Salohiddin MAMAJONOV
«Sharq yulduzi» jurnalining 1992-yil 10-sonidan olindi.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
125
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
635
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
630



