13.04.2024 | 07:41
461
“BOTMASIN CHIQQAN QUYOSH…”

ORZU
Jadidlik davrining butun ijtimoiy-siyosiy mohiyatini namoyon qiladigan, bu davrni ichdan yoritib turgan va, ayni damda, o‘zining qisqa umri bilan barcha ongli ziyolilar qalbini birdek o‘rtab, larzaga solgan ulkan bir hodisa bor. Bu – Turkiston muxtoriyatidir.
Turkiston muxtoriyati yaqin tarixning eng murakkab, ziddiyatli va kun-bakun o‘rganilishi lozim bo‘lgan sahifalaridan biri sanaladi. Chunki bunda chorizmdan qutulish, Muvaqqat hukumat siyosati, yolg‘on va’dalar bilan bolsheviklarning hukumat boshiga kelishi, butun xalqni – ishchi va dehqonlarni hukmronlik kursilariga o‘tqazish bilan qiziqtirish kabi voqealar talqini sinchkovlikni talab qiladi. Boshqa tomondan hali bu davrda, garchand Chor Rossiyasiga qaram bo‘lsalar-da, Xiva xonligi bilan Buxoro amirligi qaysidir ma’noda mustaqil siyosat yuritar edi. Turkiston muxtoriyatining ular bilan munosabati ham qiziq. Bir tomoni Qo‘qon, Toshkent va Samarqand bilan bog‘liq bo‘lgan Muxtoriyatning qamrov hududi ancha keng edi. Manbalarda aholisining soni 10 mln. deb ko‘rsatiladi.
Turkistonda hududlararo, qadimchi va jadidlararo ichki parokandalik ham bor edi. Shu bois ilg‘or ziyolilar Vatan taqdiri masalasida bir-birlarini yakdil bo‘lishga da’vat qilishdi. Shunga ko‘ra juda ko‘p manbalarda birlashmoq, birdamlik g‘oyasi, milliy-mahalliy kuchlarni jamlash fikri yetakchilik qiladi.
Turkiston muxtoriyatiga oid adabiy tarixni shartli ravishda qisqa uch davr ko‘lamida kuzatish o‘rinli bo‘lsa kerak:
Turkiston muxtoriyati e’lonigacha bo‘lgan birinchi davrda yozilgan asarlarda ijodkorlar qalbida yashiringan erkka tashnalik ta’rif-tavsiflar bayoni keladi. Bularning ko‘pida yorug‘ istiqbol orzusi bor edi.
Bu tuyg‘u, ya’ni bir necha o‘n yillar davomida turkistonlik ziyolilar qalbida yashirin nish urgan hurriyatga tashna ichki bir ovoz sekin-asta “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” sifatida o‘z “sado”larini chiqara boshladi. Insoniylik, adolat, tenglik, erkinlikdan so‘z yuritishga jazm etildi. Chor hukumati ag‘darilib, o‘rniga Kerenskiyning Muvaqqat hukumati kelgan bir pallada yarim asr davomida zulmdan azob chekkan el o‘zining hurriyatli kunlari boshlanganiga juda katta umid bog‘ladi. Yurt ertasi, taraqqiysi yo‘lida qator anjumanlar, yig‘inlar, maslahat kengashlari, syezdlar, qurultoylar o‘tkazildi. Turli tashkilotlar, sho‘rolar, xayriya jamiyatlari tuzildi.
QUVONCH
1917-yil 27-noyabr kuni Qo‘qonda Turkiston muxtoriyati e’lon qilindi. Voqelikning bu ikkinchi davri bo‘lgan ayni sanada Muxtoriyat umri boshlandi. Yetmish ikki kunlik oraliqda matbuotda quvonchdan tug‘ilgan she’rlar, publitsistik maqolalar, tabriklar bosildi. Bu bir nafaslik shodiyona kunlar edi.
“Hurriyat” gazetasida Behbudiy “Turkiston muxtoriyati” nomli maxsus maqola yozib (1917-yil 19-22-dekabr), Muxtoriyat tarixini, bir necha marta “Sho‘roi Islom” tomonidan o‘tkazilgan syezdlar maqsadini tushuntirdi. Parokanda yurganlarni sulhga, ixtiloflarga barham berishga chaqirdi.
Muxtoriyat xavf ostida qolayotgan bir mahalda Behbudiy “Qozoq qarindoshlarimizg‘a ochiq xat”ini (“Hurriyat”. 1918-yil 26-yanvar) yozadi: “Bovurlar! Bilingki, hozirda Turkistondagi barcha xalqlar uchun muxtoriyat e’lon qilindi va siz bilingki, “Haq olinur, berilmas!” Ya’ni “Muxtoriyat”ni Turkiston bolalarining o‘zi birlashib g‘ayrat ila olurlar, albatta, boshqalar tarafidan berilmas. Boshqalarning qo‘lidan kelsa, bermaslar. Biz bo‘shlik qilsak va Turkistondagi xalqlar birlashib, muxtoriyat yo‘lig‘a sa’y qilmasak, albatta, hozirgi qog‘oz ustidagi muxtoriyatimizni ham yo‘q qilurlar, bul, albatta, shundaydur va bul so‘zg‘a hech kim ixtilof qilolmaydur”… “Munday fursat va zamonning bizg‘a qaytib kelishi ma’lum yo‘q, qadrini bilib ishlamoq kerakdur. Vaqt o‘tgandan so‘ngra o‘kinmoq foyda etmas…”
O‘kinchdan, afsus-nadomatdan, sochni yulib vovaylo qilgandan foyda bo‘lmaydi. Fursat muhim, vaqt g‘animat edi. Chunki Muxtoriyat, mustaqil bo‘lish, hurriyat har qanday hodisadan ulug‘roq ne’mat edi.
Abdurauf Fitrat “Muxtoriyat” nomli maxsus maqolasida Turkiston muxtoriyati e’lon qilingan kechani “milliy laylatulqadrimiz” deb nomladi.
Taniqli jadidshunos Sirojiddin Ahmad “Milliy hurriyat adabiyoti” kitobida Muxtoriyat munosabati bilan yozilgan ayrim yangi she’rlaridan namunalar berdi. Masalan, Abdulla Begi: “O‘z yerinda, o‘z elinda o‘z kuchin-erki borin, Endi turkistonlilar-da bildi, chinlab angladi”, deb yozdi. Tatar shoiri Said Sunachalay “Muxtoriyat sadosi” she’rida Muxtoriyatni otgan tongga, uyqudan uyg‘onishga o‘xshatib, musulmonlarni birlashuvga chorlaydi. Shavqiy Shahrixoniy esa: “Bo‘lsin baqoli davlat Muxtoriyat muborak!” deb ozod elni qutlaydi. Bu davlatning umri uzun – boqiy bo‘lish orzusini yozadi. Hidoyatulla Aliyev degan shoir: “Botmasin chiqqan quyosh istamam hech boshqani”, deb istak bildiradi.
G‘ulom Zafariy Muxtoriyat haqida “Quvvatimiz askardir” maqolasini yozadi. Har qanday yo‘l bilan bo‘lsin askarni qo‘llash, unga o‘zini, o‘zligini anglagan har bir odam moddiy yordam berishi lozim, degan fikrlarni aytadi. Afsuski, Muxtoriyat askar bilan, kuch bilan himoyalanib, hurriyat saqlab qolinmadi. Saodatli damlar qo‘ldan ketib, muxtoriyatchilar qatl etildi, qochib yashirinishga majbur bo‘ldi.
ARMON
Uchinchi davri Turkiston muxtoriyatining qonga botirilishidan keyingi afsus-nadomatlarga to‘la bo‘lgan davr bo‘lib, orzumandlar qalbida armonlar qoldi.
Behbudiyning xavotirga tushgani – oxir-oqibat kuchsizlik, parokandalik o‘zining manfur qiyofasini ko‘rsatdi. 1918-yil fevralida Muxtoriyat qo‘ldan ketdi. O‘zaro ayrilish, birlashmaslik, Behbudiy ta’biricha, buning oddiy nomi – ahmoqlik. Obrazli qilib aytganda, “o‘zlarining tomiriga o‘zlari bolta urmoqlik” edi. “Birlashg‘on Turkiston xalqining bo‘linishiga o‘zimiz sabab bo‘lmasak edi. Barcha ixtilofchilar va boshqalar-da, albatta, zarar ko‘rarlar va ular ila barobar tatarlar-da, biz-da mundan zarar ko‘rurmiz va ixtilofimizning jazosini tortarmiz. U kunlarimizda yig‘larmiz, ammo foyda etmas”. Darhaqiqat, shunday – jazosini tortishdi, yig‘lashdi. Ammo foydasi bo‘lmadi. Ixtilof va tarqoqlik azob-uqubatini Turkiston millati bir necha o‘n yillar tortdi.
Hamza Hakimzoda Niyoziy “Turkiston Muxtoriyatina” degan she’ridan tashqari davr ziddiyatlari, o‘zaro ixtiloflar, ulamo bilan taraqqiychilarning kelisha olmaganlari haqida kulgili yo‘sinda “Muxtoriyat yoki avtonomiya” nomli ikki pardalik drama yozadi. Mazmunan bu sahna asarida o‘zlarini zamona ulamosi o‘laroq ko‘rsatguvchi bir guruh kimsalar oddiy ijtimoiy-siyosiy vaziyatlarni to‘g‘ri baholay olmasdan, o‘z nafslari yo‘lidagi o‘ylari, o‘zaro suhbatlari ko‘rsatiladi. Shunday muhim bir pallada, millat istiqboli hal bo‘ladigan mahalda bir qancha kimsalarga dunyoni suv bossa to‘piqlariga chiqmasligi Hamzaga alam qiladi. “Ulamo”lar suhbatidan ularning “haftanomiya” bilan “haftamabel”ni farqlay olmasliklari ma’lum bo‘ladi.
“X. Domla (oyog‘ ustida turib). U haftanomiyasi ham butun falokat axir, yangi kelgan vaqtda otlar hurkib, ipin uzub, arobalar olib qochib, necha odamlari bosib o‘ldirmaydimi?
Hamma hayron turar.
T.Domla (kulibroq). Yo‘q, u aroba-ku, taqsir! Uni haftamabel, deydi. Haftanomiyasi boshqa”
Davr va zamon yo‘rig‘idagi hodisalar guvohi Hoji Muin bezovta bo‘lib, “Namoyishlar to‘g‘risida”, “Bolsheviklar va biz” degan maqolalar yozdi. To‘g‘ri, hurriyat qo‘lga kiritildi, Muxtoriyat e’lon qilindi. Ammo u xavf ostida, dushman Muxtoriyat tinchligini buzishi, Muxtoriyat binosini barbod etishi, Muxtoriyat navniholini sindirib, parcha-parcha qilishi mumkin. Shu bois barcha ixtiloflarga barham berib, barcha kuchlarni birlashtirish, dushmanga qarshi hozirlik ko‘rish lozim. Hoji Muin: “Har holda bolsheviklar tek turmaslar. Biror bahona topib, bizning tinchligimizni buzarlar, deb gumon qilamiz. Chunki bularning chin muddaolari hanuz hosil bo‘lgan emasdir. Shuning uchun bizlarga kerakkim, bu to‘g‘rida har ehtimolga qarshi hozirlik ko‘raylik. Tamom birlik bilan kuch yig‘aylik. O‘z hurriyat va muxtoriyatimizni saqlamoq uchun mol va jonimizni fido etmakka hozir bo‘lib turaylik”, deya bong urdi.
Afsuslar bo‘lsinkim, oradan bir oylar o‘tib, Hoji Muinni bezovta etgan o‘sha notinchlik, zo‘ravonlik, adolatsizlik sodir bo‘ldi. Erk qo‘ldan ketdi, Muxtoriyat qonga botirildi. Qo‘qonga doshnoqchilar tashlandi. Qishloqlar yondirildi, tinch aholi qirg‘in qilindi. Qo‘qon shahri to‘pga tutildi. Muxtoriyat mahv bo‘ldi. Muxtoriyatni qonga botirish – bu bolsheviklar siyosati, ularning mustamlakachilik siyosatidan, quyuq va’dalar bilan birga qo‘y terisini yopinib olgan bo‘rilarning ishidan boshqa narsa emas edi.
Turkiston muxtoriyatining qonga botirilgan o‘sha ayanchli kunlar fojialarini tavsiflab, toshkentlik Karimbek Kamiy “Voy, yuz voyki, Farg‘ona xarob o‘ldi, darig‘, zulm o‘qi birla bu kun gardi turob o‘ldi, darig‘…”, deya ulkan “Afsusnoma” bitdi. “Shahri obod edi Ho‘qand, xarob o‘ldi, darig‘”, deb yig‘ladi. Holbuki, she’r bitilgan pallalar Navro‘z kunlari edi. Yangi kun nafasi, bahor faslining havosi hech kimga tatimadi.
Qonli fojialar ta’siri ijodkorlar qalbini vayron qildi; yaralariga tuz sepdi. Ularning so‘zlarida afsus-nadomat paydo bo‘ldi. Cho‘lpon safarga chiqqan mahallarida “Vayronalar orasida” yurdi. Andijondan O‘shga qarab, muallif o‘z ta’biriga ko‘ra “yangi ruh va eski til bilan “tavakkal”ni aytib” yo‘lga chiqadi va vayron bo‘lgan o‘lka manzaralarini ko‘radi. Yo‘l bosib, “O‘sh bilan Andijonning qoq o‘rtasidag‘i Xo‘jaobod qishlog‘ig‘a” yetib boradi. Xaroba qishloq holini Cho‘lpon bunday tasvirlaydi: “Yo‘lda bir qishloqni ko‘rduk: yarmidan ko‘bi kuyib ketubdur. Sababini aravakashlardan so‘radim: “Bosmachilar bilan urushqoni chiqqan armanilar 3-4 yil bo‘ldi talab, o‘t qo‘yib yubordilar”, dedi…” Borib O‘shni ko‘radi. Garchand “iqlim va havosi” avvalgicha bo‘lsa ham, uning “bu kungi buzg‘un va xaroba holi bilan o‘n yil burungi O‘sh” emas edi. Shu bois Cho‘lpon “Yuqorida qo‘yg‘on sarlavham O‘sh shahrining chinakam tilmochi!” degan qat’iy fikrni yozadi. Cho‘lpon yo‘lda “bo‘shab qolg‘on hovli-joylarni va ularning yiqilib, ag‘darilib yotqon uy va devorlari”ga ko‘zi tushadi.
Shuning uchun ham:
“Ey, tog‘lari ko‘klarga salom bergan zo‘r o‘lka,
Nega sening boshingda quyuq bulut ko‘lanka?” –
deb savol qo‘yadi shoir.
Bu fojia tinch aholini qon yig‘latdi. Qishloqlarning xarobalari bir necha yil kultepa sifatida o‘tgan-ketganning yuragiga vahima soldi. Jadid ziyolilari boshidan o‘tkazgan zolim kunlar, qalblariga o‘rnashgan o‘kinch va armon – bular tarixning yaralangan yurakdan qon tomgan sahifalaridir…
SABOQ
Muxtoriyat tufayli umidlar uyg‘ondi, kurashlar, harakatlar, intilishlar samara berdi, degan ma’noda quvonchli his-tuyg‘ular bayon etiladi, ko‘zlarda quvonch ko‘zyoshlari qalqiydi.
Ayni ijtimoiy-siyosiy hodisa matbuotda turli yo‘sinda yoritildi, qutlandi, uni saqlab qolish uchun askarlar zarurati aytildi, ehtiyot qilishga, hurlik qadrini bilishga, xushyorlikka chorlovlar bo‘ldi.
Hur zamon nima ekanini tasavvur qilish uchun o‘sha jadidlar orzusi bilan ming mashaqqatlar evaziga e’lon etilgan va, taassufki, qo‘lda ushlab qolishning imkoni bo‘lmagan, aqalli uch oy ham umr ko‘rishga ulgurmagan Turkiston muxtoriyatining holini bir tasavvur qilmoq kerak.
Muxtoriyat bamisoli baxt qushi edikim, kelib Turkiston tojiga qo‘ndi. Ammo bu baxt qushi boshimizdan uchdi, aniqrog‘i, uchirildi.
Tarix ibrat va saboq uchun oyina sanaladi. Muxtoriyat tarixi, shu Vatan uchun jon fido qilganlar xotirasi yodga olinmog‘i lozim. Bugun ularning jasoratlari, shijoatlari, hurriyatga tashna bo‘lganliklarini eslanishi lozim. Ruhi shod bo‘ladi.
Xullas, Turkiston muxtoriyati oyinasida jadid ziyolilarining qalbi ko‘rinadi, umidlari, shodliklari va keyin esa qalblari afsus-nadomat bilan to‘lgani kuzatiladi.
Turkiston muxtoriyati ziyolilarning birlik tug‘ini mustahkam tutmagani, boylarning Vatan taqdiriga beparvo qaragani va moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlamaganlari oqibatida barham topdi. Tarix muhtasham ko‘zgudir.
Turkiston muxtoriyatining qismati hur va ozod insonlarni hamisha xushyorlik va ogohlikka chaqirib turadi. Muhim, qisqa muddatli umr ko‘rgan Turkiston muxtoriyati boshidan kechgan kunlar shuurli, millatparvar har kimga bugungi istiqlol ne’matining qadriga yetishdan saboq beradi. Shunday ekan, hozirgi sertahlika va notinch davrda jondan aziz istiqlolimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, Vatan kelajagi yo‘lida yakdil va hamjihat bo‘lish barchamizning muqaddas burchimizdir.
Bahodir KARIM, filologiya fanlari doktori, professor.
2024-yil 16-fevral 8-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
60
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
585
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
582



