Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


09.01.2025 | 10:27

img997

TA’SIRCHAN TARG‘IBOT ZARURATI

Ma’naviy targ‘ibot shunchaki oyog‘i yerdan uzilgan, umumiy, hamma biladigan gaplardan iborat masala emas.  Uning turlarini odamlarning axborotni qanday yo‘llar bilan qabul qilishidan kelib chiqib belgilaymiz:

a) vizuallar – axborotning katta qismini ko‘rish orqali qabul qiluvchilar. Bular juda-juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Xalqimiz bekorga: “Yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal”, demaydi;

b) audiollar – axborotning asosiy qismini eshitish orqali qabul qiluvchilar;

v) kinestetiklar – axborotning katta qismini boshqa sezgilar, masalan, hid bilish, paypaslash va boshqalar hamda harakatlar orqali qabul qiluvchilar;

g) diskretlar – axborotni mantiqiy fikr-mushohada, raqamlar, belgilar, mantiqiy dalil-isbotlar orqali qabul qiluvchilar.

Albatta, bulardan faqat bittasigagina daxldor kishilar kam topiladi. Odatda odamlar bularning baridan foydalanadi. Faqat obyektiv va subyektiv shart-sharoitdan kelib chiqib, kimdir u, boshqa birov bu turni ko‘proq ma’qul topadi.

Har qanday tasnifda bo‘lgani kabi, tabiiyki, bu yerda ham nisbiylik mavjud. Sinkretik, ya’ni aralash turlar ham bor. Masalan, radio faqat eshitiladi, tasviriy san’at asarlari, fotosuvratlar, muzey eksponatlari faqat ko‘riladi. Lekin kino, televideniye ko‘rsatuvlari, boshqa videomateriallar, teatr san’ati mahsulotlari, konsertlar ham ko‘riladi, ham eshitiladi. Modomiki shunday ekan, ma’naviy targ‘ibot bularning barchasidan birday foydalanishga majbur.

Yuqoridagi to‘rt turdan qay biriga kirishidan qat’i nazar, quyidagi tizimlar ma’naviy targ‘ibot bilan bevosita shug‘ullanadi.

Bular:

a) Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tizimi; b) madaniyat tizimi; d) ta’lim tizimlari; e) ommaviy axborot vositalari tizimi;  f) nashriyotlar tizimi; g) mahalla tizimi; h) yoshlar tizimi; j) oila va xotin-qizlar tizimi; j) kasaba uyushmalari tizimi; k) diniy konfessiyalar tizimi; l) ijodiy tashkilotlar tizimlari; m) jismoniy madaniyat va sport tizimi; n) huquqni muhofaza qilish organlari tizimlari va hokazo.

O‘zbekistonimizda ma’naviy targ‘ibot bilan shug‘ullanmaydigan biror tashkilot, muassasa, idora, korxona yo‘q. Chunki Respublika Ma’naviyat kengashi mamlakatdagi bu soha bo‘yicha asosiy yo‘nalishlarni belgilab beradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ana shu kengashning raisi hisoblanadi. Mamlakatimizdagi barcha mintaqalar birinchi rahbarlari, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari o‘z mintaqaviy Ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi hisoblanadi. Shuningdek, tuman va shaharlar hokimlari ham o‘z hududiy ma’naviyat va ma’rifat kengashlari rahbarlari sifatida ma’naviy targ‘ibot ishlarini boshqaradi.

Ma’naviy targ‘ibot ta’sirchanligini oshirishga o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmaydi. Uning ko‘p-ko‘p talab va shartlari, yo‘l va yo‘riqlari bor.  Ma’naviy targ‘ibotchi o‘zidagi axborotni, bir ilojini qilib tarqatib olsa, bo‘ldi emas. Bu – masalaning bir tomoni. Lekin asosiy maqsadga erishgan-erishmaganlik shu axborotning targ‘ibot qaratilgan omma vakillari tarafidan qanday o‘zlashtirilganiga qarab belgilanadi. Shuning uchun ma’naviy targ‘ibotchi tinglovchilarning ong-tafakkuri barcha nozik jihatlarigacha hisobga olgan holda ish yuritishga majbur. 

Kasb taqozosi bilan tajriba sifatida atoqli qiziqchimiz Hojiboy Tojiboyning traktorchi va o‘qituvchilar qiyosi asosidagi bir paytlar juda mashhur bo‘lib ketgan chiqishining maqsadini ko‘p yerlarda kishilardan so‘raganman. Ishonasizmi, eksperiment ishtirokchilarning  80 foizga yaqini: “Bu chiqishida qiziqchi traktorchilarni ulug‘lagan”, deb hisoblashini ma’lum qilishgan. Holbuki, Hojiboy Tojiboy o‘z paytida: “Ey birodarlar, qanday zamon bo‘ldiki, o‘qituvchidek muqaddas kasb egalarining mavqeyi, hatto, traktorchilarning mavqeyidan ham past darajaga tushib ketsa, mamlakat va xalqning kelajagi nima bo‘ladi?!” deb bong urgan emasmidi? 

Mana, bugun taniqli qiziqchining orzulari amalga oshib, mamlakatimizda o‘qituvchilar mavqeyi ortib boryapti, bu kasb egalarini, shuningdek, o‘quvchi va talabalarni ham ta’limdan tashqari ishlarga jalb etish taqiqlandi. 2023-yil 30-aprelda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘qituvchilarning jamiyatdagi maqomi haqida yangi 52-modda kiritildi.

Demak, ma’naviy targ‘ibotda tepadan turib so‘zlash yo‘li ketmaydi, xalq bilan uning yoniga tushib gaplashish kerak.

Ma’naviy targ‘ibotning har qanday turida, avvalo, tushunchalar bilan ishlanadi. Busiz hech mumkin emas. Tushunchalar esa ikkiga bo‘linadi: a)  muayyan (konkret, aniq)  tushunchalar – olma, nok; ruchka, qalam; samolyot, vertolyot, stol, stul; qovun, tarvuz kabilar; b) mavhum (abstrakt, noaniq)  tushunchalar – iymon, vijdon; mo‘min, musulmon; ma’naviyat, ma’rifat; g‘oya, din, axloq kabilar.              

Muayyan tushunchalarni qo‘l bilan ushlab ko‘rish, taroziga tortish, rangini aniqlash, hajmini o‘lchash, qattiq yo suyuq modda ekanini bilib olish mumkin. Shuning uchun bunday tushunchalarga ta’rif berish osonroq.                  

Mavhum tushunchalarni anglash, ta’riflash uchun tasavvur kuchli bo‘lishi lozim. Voiz nutqida ishlatayotgan katta-kichik, muayyan-mavhum har qanday tushunchani to‘la anglab yetgan bo‘lishi, ularning bir-biridan farqli va o‘zaro o‘xshash jihatlarini obdon ajrata olishi shart. Shuni ham unutmaslik kerakki, ma’naviy targ‘ibotda aksaran mavhum tushunchalardan foydalaniladi.

Tushunchalar qamrovi jihatidan katta-kichikka bo‘linadi. Masalan,     “din” – katta tushuncha, “islom” undan ko‘ra kichik tushuncha, ya’ni “islom” atamasi din tushunchasining ichiga kiradi. Buni xuddi “ota”, “o‘g‘il”, “nevara”, “evara”, “chevara”, “pannevara” tushunchalari o‘rtasidagi bog‘liqlik singari anglash kerak.

Afsuski, ko‘p ma’naviy targ‘ibotchilar nutqida amalda “parlament”, “hukumat” va “sud” kabi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatini o‘z ichiga qamrab oladigan “davlat” so‘zi o‘rniga ham “hukumat” atamasi qo‘llab ketilaveradi. Hattoki, ba’zan ommaviy axborot vositalarida ham “hukumat mukofotlari” degan mutlaqo xato istilohga duch kelamiz. Holbuki, O‘zbekiston Respublikasida davlat mukofotlari joriy etilgan, ular  davlat rahbari, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan beriladi.

Fandagi  “induksiya” va “deduksiya” tushunchalari ana shu katta-kichiklikka asoslanadi. Sodda qilib aytganda, “induksiya” kichik (qismning bo‘lagi) hisoblangan tushunchalar tahlili orqali katta tushunchaga – xulosaga kelish, “deduksiya” esa buning teskarisi – katta tushunchalar tahlili orqali kichik tushunchalarni aniqlashtirish. “Induksiya”ni o‘tkir uchi pastga qaratilgan, asosi esa tepada bo‘lgan uchburchak tarzida, “deduksiya”ni esa asosi pastda bo‘lib, o‘tkir uchi tepaga qaragan uchburchak shaklida tasavvur qilish mumkin:

“Induksiya” lotincha “inductio” – burish, to‘g‘rilash; qo‘zg‘atish ma’nolaridan olingan. Unga 5 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da shunday izoh berilgan: “Juz’iy hodisalardan umumiy natija chiqarish, ayrim faktlardan umumiy xulosaga kelish; ziddi deduksiya” (2-jild. – Toshkent: 2006.  – B. 209).

“Sabr”, “oyat”, “sura”, “pora” (“juzv”), “Qur’on”, “vahiy”, “oxirat”, “islom”, “din”, “Alloh” tartibida kichik tushunchadan katta tushunchaga qarab (“induksiya” yo‘li bilan) borilyapti.

“Deduksiya”ga 5 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da: “Umumiy holatdan  juz’iy xulosa chiqargan holda muhokama yuritish; umumiy holatdan juz’iy natija chiqarish; ziddi induksiya”

(1-jild. – Toshkent: 2006. – B. 591),  tarzida izoh berilib, so‘zning lotincha “deductio” – “payqab olish”, “xulosa chiqarish” so‘z birikmalaridan olingani, mantiq ilmiga aloqadorligi ham qayd etilgan.

“Alloh”, “din”, “islom”, “oxirat”, “vahiy”, “Qur’on”, “pora” (“juzv”), “sura”, “oyat”, “sabr” tartibida esa katta tushunchadan kichik tushunchaga qarab (“deduksiya” yo‘li bilan) borilyapti.

Ma’naviy targ‘ibotchi ma’ruza jarayonida qaysi yo‘l bilan ketayotganini aniq bilib turishi, shuni qat’iy inobatga olib borishi lozim. Mantiq ilmining asrlar mobaynida erishgan ana shunday yo‘l-yo‘riqlaridan kelib chiqmasak, odamlarning ong-tafakkuriga ta’sir o‘tkazishimiz, ularning biror narsani oxirigacha tushunib olishiga amaliy yordam berishimiz juda-juda qiyin kechadi.

Biz o‘zimiz ishlatayotgan tushunchalarimizni to‘la anglarmiz. Lekin endi axborotni qabul qilayotgan auditoriya ularni qay darajada tushunayotgani bilan hisoblashishga majburmiz-da. Buning uchun tinglovchilar tarkibi (kontingenti) haqida aniq-tiniq tasavvurga ega bo‘lishimiz ham kerak.

Butun dunyoda so‘z orqali ta’sir etishda til mahoratiga birlamchi e’tibor beriladi. Qadimda ham shunday qilingan, hozir ham talab shu, bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Tabiiylik – tilga e’tiborning birlamchi talablaridan. Tabiiylikdan samimiylik kelib chiqadi. Ma’ruzachining tili imkon qadar adabiy tilga bo‘ysunishi va xalqqa tushunarli va yaqin bo‘lishi lozim. Tilni yaxshi bilmay turib bu tilda samarali ma’naviy targ‘ibot olib borishning aslo iloji yo‘q.

Tarbiyaga yo‘naltirilgan har qanday xatti-harakat, qadam, vosita, dars, tadbir, marosim, o‘git, tizim va hokazoda maqsad aniq-tiniq bo‘lishi, ya’ni tarbiyaga mas’ul har bir shaxsda aynan tarbiyalanuvchi ongida qanday (siyosiymi, iqtisodiymi, diniymi, huquqiymi, mafkuraviymi,  demokratikmi, ekologikmi, tibbiymi…) o‘zgarish kutilayotgani oldindan o‘ylanishi va shu ichki qat’iy reja asosida ish olib borilishi lozim.

So‘zga juda chechan notiq, hatto, vallomat  voiz ham tinglovchilar diqqatini 5-6 daqiqadan ortiq band etib tura olmaydi. Ammo 5-6 daqiqada biron-bir mavzu bo‘yicha ko‘ngildagidek ma’ruza qilishning ham aslo iloji yo‘q. Nima qilish kerak? Yo‘llarini izlash zarur. Yo‘llari esa ko‘p. Gapirishni to‘xtatib, ekranda biror videolavha qo‘ying. Birovning yozganidan parcha o‘qib berganingizdan ko‘ra, uning o‘zi gapirgan audio yoki video parchani qo‘yib bering. Mavzuga bog‘lay olsangiz, she’r o‘qing. Biror qo‘shiqdan xirgoyi qilib bering. Qiziqchilarga o‘xshab rolga kirgan holda mavzuga daxldor bir hangoma aytib bering. Bir kitob ko‘rsating. Biror rasm namoyish eting. Bir xillik hech kimga yoqmaydi, axir.

Ma’naviy targ‘ibotda, bordi-yu, jahon buyuklaridan birining nomi tilga olindimi, endi, albatta, u kishining kim ekani, qachon va qayerda yashagani, nima ish qilgani, nima maqsadda hozir tilga olinayotgani qisqagina qilib aytib o‘tilishi shart. Ko‘pchiligimiz: “Men tilga olgan zotni hamma biladi”, deb o‘ylaydi. Aslo unday emas.  Bil’aks, bu keltirgan ma’lumotimiz maqsadni oydinlashtirish o‘rniga masalani battar chigallashtiradi. Chunki tinglovchiga yetti yot begona odam haqida gapirishning nima keragi bor?

…Bir amr-u ma’rufda Abu Hurayra tilga olindi. Ataylab yonimdagilardan Abu Hurayra haqida so‘radim. “Arabistondagi bir shahar bo‘lsa kerak”, dedi suhbatdoshim. Sababini surishtirsam: “Abu Dabi” degan shahar bor-ku!” dedi.

Bu talablar ma’ruzachi har qancha og‘zaki targ‘ibot qilayotgan bo‘lsa ham, bu chiqishiga oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rishi, nutqining xomaki rejasini obdon pishitib, fikrlarini ixcham tezislar tarzida yozib olishi, kerakli ma’lumotlar bilan qurollanib, so‘ng minbarga chiqishi lozimligini ko‘rsatadi.

Ta’sirchanlikning eng asosiy talabi – ishontirish. Ishontirishning eng asosiy talabi – to‘g‘ri so‘zlash. To‘g‘ri so‘zlashning eng asosiy sharti – so‘z bilan amal birligi. Hech qachon minbarda o‘zimiz amal qilmaydigan so‘zni gapirmasligimiz lozim. Mabodo, gapirib, amal qilmayotgan bo‘lsak, uni xalqdan yashirishning hech iloji yo‘q. Shuning uchun imkon qadar bugun haqida, zamon bilan bog‘liq gaplarni gapirishimiz zarur. Bugunning siyosatini bilmay turib esa zamon talabi darajasida ma’ruza tayyorlashning hech imkoni yo‘q.

Xoja Hofiz Sheroziy (XIV asr)ning  bir bayti shunday jaranglaydi:

Voizon kin ҷilva bar
mehrob-u minbar mekunand,
Chun ba xilvat meravand, 
on kori digar mekunand. 

Mazmuni: “Voizlar mehrob-u minbarda  jilva qilishadi, lekin xilvatga o‘tganlarida esa  boshqa ish bilan mashg‘ul bo‘lishadi”.

Ko‘pchilikning shakllangan tasavvurlariga butunlay teskari, ya’ni ulardan yuz foiz yoxud bir yuz sakson gradus farq qiladigan fikrni ilgari surishda juda ehtiyotkorona yo‘l tutishga to‘g‘ri keladi. Ifodali qilib aytganda, bitta yangi mulohazani o‘rtaga tashlash uchun avval to‘qqizta eski gapni keltirish zarur. Chunki yangilikning qabul qilinishi – doimo og‘ir kechadigan jarayon.

Endi yana bir masala o‘rtaga tushadi, bu – tinglovchilarning kimlardan iborat ekani, ularning  ong-tasavvurlari darajasi.

…Bir amri ma’rufda ma’ruzachi me’roj haqida uzoq gapirdi.

– Voiz nima haqda gapirdi, men yaxshi anglolmay qoldim?  “Me’roj” degandek bo‘ldimi? Nima o‘zi – me’roj? – deb so‘radim.

– E, uka, unaqa narsalarga aqlimiz yetadigan bo‘lganida imom emas, biz gapirgan bo‘lardik, boring, ma’ruzachining o‘zlaridan so‘rang, – deyishdi.

Avval me’roj o‘zi nimaligini obdon tushuntirmay turib ham bu haqda shuncha ma’ruza qilish mumkinmi? Demak, imom, qariybki, o‘ziga o‘zi gapirdi. Bunday ma’ruzaning ta’sirchanligi yo‘q darajada. Bunday ma’ruzaning kimga keragi bor?

Voizning hech mahalda o‘zini akademik, o‘tirgan somelarni esa “ukademik” sanashga haqqi yo‘q.

Dunyoda eng qiyin ishlardan biri – bir kishining miyasida pishgan fikrni boshqalar ongiga o‘tkazish. Faqat bosh talab shuki, badiiy-timsoliy qilib aytiladigan bo‘lsa, qo‘shnining bog‘idagi mevalardan tatib ko‘rish uchun avval qo‘shni bilan birga yetaklashib, o‘sha bog‘ga kirib olish kerak, shundagina mevaga qo‘l yetishi uchun imkon paydo bo‘ladi. Aks holda, bog‘ning devorlaridan narida turib uzoqdan ko‘z qamashtirib yotgan  mevalar haqida shirin orzugina qilamiz, xolos.

Ma’naviy targ‘ibotda, albatta, jamoa vakillaridan tushgan savollarga javob berishga to‘g‘ri keladi. Javob hamisha amal qilish mumkin bo‘lgan tarzda bayon etilishi, buning uchun falsafaning  makon va zamon degan tushunchalarini aslo yoddan chiqarmaslik, ya’ni ta’sirchanlikka erishish uchun   qaysi  jamiyatda va qanday davrda yashayotganimizni har taraflama mushohada qilgan holda ish ko‘rish zarur bo‘ladi.

Modomiki, mukammal shaxs tarbiyasi jamiyatimizning asl maqsadiga aylangan ekan, tarbiyani kompleks, ya’ni har tomonlama uyg‘un  tarzda olib borish – zamon talabi. Masalani shu tarzda qo‘ysakkina, jamiyatni o‘zgartira olamiz. Jamiyatni o‘zgartirmasak, hayot mamlakat va xalq oldiga qo‘ygan maqsadga yetish – huquqiy demokratik tuzumni shakllantirish, ilg‘or davlatlar safiga qo‘shilish mushkul kechadi.

Og‘zaki targ‘ibotda, radio va televideniye chiqishlarida ovoz – odamlarni ishontirishning eng asosiy quroli. Samimiylikka aynan ma’ruzachining talaffuz mahorati orqali erishiladi. Abdurahmon Jomiy (XV asr) huzurlarida birov juda baqir-chaqir bilan, ovozini o‘ta darajada balandlatib she’r o‘qigan ekan, piri komil unga: “Taqsir, she’r o‘qurmusiz yoxud kishi qo‘rquturmusiz?” deya tanbeh bergan ekanlar…

Alisher Navoiy (XV asr) bir buyuk zotning mavzumizga bevosita daxldor zo‘r fikrini keltiradi: “Voiz uldurki, uning suhbatiga boy kirsa, kambag‘alligini his etib chiqsin, kambag‘al kirsa, boyib chiqsin”. Mazmuni shuki, o‘zini, shu voizdan ko‘ra bilimliroqman, deb hisoblagan odam agar uning ma’ruzasini eshitsa, fikridan qaytib, ko‘tarilgan mavzu bo‘yicha voizchalik bilimli emasligini (demak, kambag‘alligini) tan olsin, bordi-yu, o‘zini voizga nisbatan bilimsizroq hisoblaydigan kishi uning suhbatiga musharraf bo‘lsa, chindan ham, undan yetarli darajada bilim o‘zlashtirsin (demak, ma’naviy jihatdan boyisin).

Xullas, ko‘p ma’lumotga ega bo‘lish – boshqa narsa. Biroq uni ommaga tushunarli va ta’sirchan tilda yetkazib berish butunlay bir boshqa mahorat talab qiladi. Bugungi kunda mamlakatimizda ma’naviy targ‘ibot bilan faol shug‘ullanib, katta mahoratga ega bo‘lgan tamoman yangi bir ziyolilar toifasi yuzaga keldi.

Mulohazalarimiz shu soha vakillarining istiqlol yillaridagi  tajribalari tahlilidan kelib chiqqan xulosa va takliflar tarzida qog‘ozga tushdi.

Sultonmurod OLIM,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti “Gʻoya-inkubator” loyihasi eksperti

“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-yanvardagi 1-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605