04.03.2025 | 16:50
443
ZAVOL VA UVOL
Tarix – kimga g‘alaba nashidasini tortiq qilib, yana kimlarga mag‘lubiyat alamlarini tottirgan jang-u jadallar; tarix – jon berib, jon olishlar, o‘zlik uchun kechilgan mardonavor yo‘l, jur’at-u jasorat; tarix – dars, saboq va taassufki… zo‘rlik va xo‘rlik ko‘zgusi hamdir. Ko‘plab repressiv rejimlar o‘z maqsadlariga erishish uchun aybsiz insonlar ustidan turli tuhmat-u bo‘htonlar yog‘dirib, ularni qiynoq bilan “aybiga iqror” bo‘lishga majburlaganiga tarixning o‘zi guvoh. Ayniqsa, 1937-1938-yillar qatag‘oni davrida bunday holatlar keng tarqalgan edi.

Nohaq hibsga olingan fuqarolarni ruhan ham jismonan sindirish uchun vahshiylarcha azobga solib, tirnoqlari va tishlarini sug‘urib, boshidan qaynoq suv quyib qiynab, ko‘zi oldida norasidalarini xo‘rlab, oxir-oqibat, bu azoblardan tezroq qutulish uchun ham o‘ziga qo‘yilgan soxta ayblovlarni tan olishga majbur qilingan.
Bu usulning eng fojiali jihati shundaki, qiynoqlar ostida imzolangan hujjatlar asosida minglab begunohlar qatl etilgan yoki Xudo qarg‘agan joylarga surgun qilingan.
Mashhur sahna asari bosh qahramoni o‘z yozuqidan o‘kinib: “Esiz taqdir ekan, qaydin bilibmiz, azizim, dunyoga bevaqt kelibmiz!” deb xitob qiladi. Peshonasiga ana shunday qora qismat bitilgan qahramonimiz Abdukarim Abduvahobxo‘jayev 1894-yili Marg‘ilon shahrida “bevaqt” dunyoga kelgan edi. Abdukarimning otasi g‘isht teruvchi usta o‘tgan. U Abdukarim hali ikki yoshga to‘lib-to‘lmay vafot etib, go‘dak katta buvisining qo‘lida qoladi. Bolakay esini tanigach, boshlang‘ich ta’limni Marg‘ilon shahridagi o‘zbek maktabida oladi. U ish faoliyatini 1916-yili hisobchilikdan boshlab, Marg‘ilon rayon ijroiya komiteti raisi (1927-1928) lavozimigacha ko‘tarilgan.
Abdukarim Abduvahobxo‘jayev Qo‘qon muxtoriyatining a’zosi, aksilinqilobiy “Sho‘royi islom” va “Milliy ittihod” tashkilotlarining faollaridan bo‘lgan.
Qahramonimiz 1936-1937-yillari o‘z xonadonida “aksilinqilobiy guruhlarning bir necha kengashlarini o‘tkazish uchun shart-sharoitlar yaratib bergan”likda ayblanadi. Keyinchalik bu kengashlarda “Milliy ittihod” tashkilotining Qo‘qon, Marg‘ilon, Farg‘ona va boshqa filiallari rahbarlari qatnashganligi kabi vajlar pesh qilingan.
1938-yil 14-oktyabr Toshkentda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasida tuzilgan aktga ko‘ra, 36 nafar mahbus otuvga hukm etilgan va bu ro‘yxatda Abdukarim Abduvahobxo‘jayevning ism-sharifi ham keltirilgan edi.
Qatag‘on qurbonlarining oilalari ko‘pincha “xalq dushmanlarining xotini” yoki “bolasi” degan tamg‘a bilan el-yurtdan ajratilib yakkalangani yetmaganidek, ta’lim olish, ish topish, hatto oddiy fuqarolik huquqlaridan foydalanishda jiddiy muammolarga duch kelgan. Ayrim hollarda qamalgan jadidlarning oilalari uyi va mulkidan ayrilgan, ba’zilari Sibir yoki Markaziy Osiyoning chekka hududlariga surgun qilingan. Farzandlari ota-onasiz qolib, yetimxonaga topshirilgan yoki yolg‘izqo‘l onalar jigarbandlarini boqishga qurbi yetmay “detdom”ga topshirishga majbur bo‘lgan. Tabiiyki, bu sinovlar Abdukarim Abduvahobxo‘jayev oilasini ham chetlab o‘tmadi.
Stalin vafotidan keyin, ayniqsa 1950-yillarning oxiri va 1960-yillarda qatag‘on qurbonlarini “oqlash” kampaniyasi boshlanib, bu jarayon ko‘pchilik jadidlarning farzandlari, yaqinlariga umid bag‘ishlagandi. Ular nohaq qamalib, qurbon bo‘lib ketgan yaqinlarining nomini reabilitatsiya qilish uchun SSSR prokuraturasi, KGB va boshqa organlarga ariza bilan murojaat etgan.
Jumladan, Abdukarim Abduvahobxo‘jayevning oila a’zolari ham 1956-yil 3-mayda O‘zbekiston SSR prokurori nomiga ariza bilan chiqishadi. Arizada shunday ma’lumotlar keltiriladi: “1937-yil avgust oyida otamiz Abdukarim Abduvahobxo‘jayev O‘zSSR NKVD tomonidan hibsga olinib, bir yildan ortiq Farg‘ona shahrida tergovda bo‘lib, so‘ng alohida jinoyatda ayblanib, Shimolga jo‘natilgan. Onamiz ham, biz ham oilada kattalar emasmiz va, albatta, o‘sha paytda biz otamizga qarshi ochilgan jinoyat ishini hal qilish uchun adolatli tergov qilinishiga erisha olmadik.
Bizga yetib kelgan ma’lumotlardan ma’lumki, Markaziy Komitetning sobiq kotibi Ikromov va Moʻtabarxon opamizning turmush o‘rtog‘i Toshkent shahar komitetining sobiq kotibi Boltaboyevlarning hibsga olinishi munosabati bilan otamiz ham hibsga olingan. Bizga qisman ma’lumki, otamizga tergov organlari tomonidan oldindan tayyorlab qo‘yilgan ma’lumotlarga majburan imzo qo‘ydirib, noqonuniy tergov usullari qo‘llangan. Qamoqdaligi paytida uchrashganimizda otamdan bir nechta eslatma oldik. Oxirgi eslatmalarida otam hech qachon qilmagan ishni imzolashga majbur qilinayotgani va tergov harakatlariga ortiq chiday olmasligini yozgan. Balki bunga chiday olmay imzo chekkandir.
…Biz otamizning ishini ko‘rib chiqishni so‘rab, qayta-qayta ariza yozdik, ammo javob bo‘lmadi. Hammamiz hamon aksilinqilobchining qizi degan tamg‘ani his qilmoqdamiz va bizning ish, ijtimoiy faoliyatimiz ma’lum darajada cheklangan.
Bundan tashqari, 19 yil davomida bizni ko‘pincha shubha ostiga olishdi. Bu ma’lum darajada bizning erlarimizga ham ta’sir qildi, ular ham vaqti-vaqti bilan qoralandi.
Otamizning ishini sinchiklab o‘rganib, agar u tirik bo‘lsa, reabilitatsiya qilib, oilamizga qaytarishingizni, agar u o‘lgan bo‘lsa, uning sharafli ismini tiklab berishingizni so‘raymiz”.
Ma’lumki, 1937–1938-yillarda O‘zbekistonda “xalq dushmani” deb otilgan, uzoq muddatga qamoq jazosiga tortilgan yoki GULAG lagerlariga surgun qilingan kishilar nomini oqlashda O‘zbekistonning ikki buyuk davlat arbobi – ilk o‘zbek siyosatchilaridan Nuriddin Muhiddinov va akademik Xadicha Sulaymonovaning xizmatlari beqiyos. Aynan ularning sa’y-harakati bilan Sovet Ittifoqi respublikalari orasida mustabid sovetlarning qatag‘on siyosati va uning oqibatlarini tugatish, qatag‘on qilinganlarni reabilitatsiya qilish borasida peshqadamlik bizda bo‘lgan.
Nuriddin Muhiddinov akademik Xadicha Sulaymonova haqida shunday deydi: “Moskvaga borib, bosh prokuror Roman Rudenkoning kabinetida o‘tirganimizda, uning muovini va ikki xodim papkalarini ko‘tarib kirishdi va muhokama boshlandi.
Meni zavqlantirgan va faxrlantirgan narsa shu bo‘ldiki, ularning har bir savoliga javob qaytarishda, hujjatlarga baho berishda yoki ularning gumon qilgan joylarini tushuntirishda Xadicha o‘zining olimligi, donoligi, qonunlarni yaxshi bilishi va mustahkam irodasini ko‘rsatdi. Uzoq Andijondan chiqqan bir o‘zbek qizi shunday mashhur prokurorni ham, uning mas’ul xodimlarini ham qoyil qoldirdi.
O‘sha yillari O‘zbekistonda 40 mingga yaqin “xalq dushmani” deb otilgan yoki uzoq muddatga surgun qilingan kishilarni oqlash kerak edi. Bu tarixiy ishga Xadicha Sulaymonova o‘ziga xos hissa qo‘shdi”.
Abdukarim Abduvahobxo‘jayev turli bo‘htonlar bilan qatag‘onga uchragan va keyinchalik oqlangan o‘sha 40 ming kishidan biri edi. Uning sharafli nomi, kechikib bo‘lsa-da, aybsizlar ro‘yxatida tiklandi. Ammo… millatning juvonmarg oydinlari, ularning jabrdiyda jigarlarining zavoli va uvoli qattol sovet tuzumining bo‘ynida abadiy tavqi la’nat bo‘lib qoldi.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-fevraldagi 8-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



