Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


14.04.2025 | 17:49

img463

“DO‘ST QIDIR, DO‘ST TOP JAHONDA…”

Markaziy Osiyo hududida yashagan xalqlar qadim-qadimdan do‘st-inoq, quda-anda, qon-qardosh bo‘lgani barchaga ma’lum. O‘lkadagi har bir mustaqil mamlakat o‘z milliy davlatchilik asoslarini qayta bunyod etib, ko‘ksini ko‘tarib, dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rnini topgunga qadar, haq gapni aytadigan bo‘lsak, bir muddat o‘z ichki masalalari, ijtimoiy-iqtisodiy tizimidagi muammolarini hal etishga ko‘proq kuch va vaqt sarflashdi. Aslida dunyodagi hech bir mamlakat o‘z holicha yolg‘iz yashay olmaydi. Oddiy bir insonning yashash sharoitida olis-yaqin qo‘ni-qo‘shnilari bilan muomala-munosabat naqadar muhim bo‘lsa, mamlakatlar uchun ham dunyo hamjamiyati va ayniqsa, qo‘shnilari bilan o‘zaro birdam, do‘stona munosabat shu qadar zarurat sanaladi.

Yaqinda qadimiy Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Men qo‘shni mamlakatlar yetakchilarining samimiy muloqotini oyinayi jahon orqali ko‘rib, to‘g‘risi, quvonganimdan ko‘zlarimga yosh keldi. Chunki istiqlolning avvalgi yillarida, har kim o‘zi bilan o‘zi band bo‘lgan mahallarda chegaralarga simto‘rlar tortildi, zovurlar qazildi. Mundoq do‘ppini yerga qo‘yib, mulohaza qilib ko‘rilsa, o‘zbek, tojik, qirg‘iz, qozoq, turkman – bu qon-qardosh xalqlar bir-birlarini ko‘rmasa, muloqot qilib turmasa, ularning turmush tarzi tugal bo‘lmaydi. O‘zbek tojikning to‘yiga, qirg‘iz qozoqning bayramiga bormaydigan bo‘lsa, men aminmanki, ularning yegan oshi ham tatimaydi. Bizning azaliy qardoshligimizning eng go‘zal ramzi – bu bizning ochiq qalbimizga mos ochiq dasturxonimiz. Tojiklarning bayram va to‘ylarida o‘zbekcha kuy-qo‘shiq yangraydi, ular ham “Lazgi”ni jon-u dildan yaxshi ko‘radi. Qirg‘izlar “Andijon polkasi”ga raqsga tushadi. Ildizlari bir bo‘lgan bu xalqlarni ajratish go‘yo etdan tirnoqni ayirishdek gap aslida.

Menga chegara hududida bunyod etilgan ramziy uch qirrali minoraning ko‘rinishi juda ma’qul bo‘ldi. Iste’dodli tojik shoiri Mirzo Tursunzodaning:

“Do‘stlar qo‘l berib ahd-u vafoga,
Boshin ko‘tarmakda yuksak fazoga” –

degan misralari xuddi bu kun uchun aytilgandek. Zotan, do‘stlik-qarindoshlikning sas-sadolari olis moziy qa’ridan keladi; bu qardoshlikning tomirlari esa juda baquvvat va chuqur. “Yuksak fazoga” bo‘y cho‘zgan uch mamlakat ramzining do‘stona ezgu g‘oyalarini muhtasham belbog‘ avaylab o‘rab, quchib, opichlab – birlashtirib turibdi. Bu san’at namunasi bo‘lgan monument poyiga gullar qo‘yilganida bamisoli o‘sha ramziy novdalar chechak ochganday bo‘ldi. Demak, millatlar orasidagi do‘stlik rishtalari mustahkamlanar ekan, kelgusida bu qardoshlik navnihollari o‘z mevasini beradi. Hamkorlikda quriladigan zavod va fabrikalarda o‘zbek, tojik, qirg‘iz millatiga mansub mutaxassislar bahamjihat mehnat qiladi. Ular do‘stlik tilida so‘zlashadi.

Mening boshqa millatga mansub juda ko‘p do‘stlarim, ilmiy sohada faoliyat olib borayotgan shogirdlarim bor. Ular menga xuddi otalariga ko‘nglini ochgandek o‘zlarining shodiyona kunlarini ham, g‘amgin pallalarini ham so‘zlab berishadi. Quvonchiga sherik bo‘laman, muammolari bo‘lsa, qo‘limdan kelgancha hal etishga yordam beraman. Yoshlik yillarimda tanishgan bir qancha tojig-u qirg‘iz do‘stlarim, keyingi yillarda  orttirgan shogirdlarim bilan har doim aloqadaman. Ular meni Mustaqillik bayrami, Navro‘z ayyomi, hayit kunlarida tabriklaganlarida boshim osmonga yetadi va ularning oilasiga, el-yurtiga baraka tilab duolar qilaman. Asl do‘stlikning mag‘zi ham shunda.

Anjuman kunlari Prezidentlar Xo‘jand qal’asiga borishdi. Bu qadimiy qal’a bir necha ming yillik tarixga ega ekani ko‘pchilikka ma’lum. Xo‘jand deganda beixtiyor milliy qahramonlar – pahlavon Jaloliddin Manguberdi va bahodir Temur Malik esga keladi. Ular yurgan yo‘llar, qoldirgan izlar ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Qadimiy Xo‘jand shahri va uning mahobatli qal’asi shunday nodir xotiralarni yodga soladi. Aytgancha, Xo‘jand qal’asi hovlisida namoyish etilgan anjomlar, bir qator xalq hunarmandlari oldida turgan buyumlar xuddi o‘zbek ustalari yasagan san’at namunalarini eslatadi. Nima bo‘lganda ham, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikalari Prezidentlarining muloqotlari, belgilangan rejalar biz, ziyolilar uchun ham dasturilamal bo‘lib, ilmiy-ijodiy va xizmat faoliyatimiz ko‘lamini yanada kengaytirishi shubhasiz.

Ardoqli shoirimiz Erkin Vohidovning do‘stlik to‘g‘risidagi mashhur she’ridan bir parcha keltirish bilan so‘zimni yakunlamoqchiman:

Do‘st bilan obod uying,
Gar bo‘lsa u vayrona ham.
Do‘st qadam qo‘ymas esa,
Vayronadir koshona ham…

Do‘st qidir, do‘st top jahonda,
Do‘st yuz ming bo‘lsa oz.
Ko‘p erur bisyor dushman,
Bo‘lsa u bir dona ham.

Oqil SALIMOV,
akademik

“Jadid” gazetasining 2025-yil 4-apreldagi 14-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img108

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img618

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614