Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


14.10.2024 | 11:51

img1226

CHIN ZIYOLI GʻOYASI yoki jadidlarning xayriya jamiyatlari haqida

“Milliy g‘oya”ning falsafiy ma’nosi bir millatning birlashuvi va milliy o‘zlikni anglab yetishni bildiradi. Jadidlik harakati asoschilaridan biri Ismoil Gʻaspraliga ko‘ra, milliy g‘oya millat taraqqiyoti uchun zarur va eng muhim ishlarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan dastlabki poydevorni yara­tish­ni anglatadi. Gʻaspralining Turkistonda­gi eng yaqin hammaslagi Mahmudxo‘ja Behbudiyning ta’kidlashicha, ta’lim maktablari va millatning isloh etilishi milliy g‘oya bo‘lib, uni targ‘ib qilish millatning har bir vakili uchun ham farz, ham qarzdir.

Yosh avlodning jahon tillarini chuqur o‘zlash­tirishi o‘z iqtidorini namoyon etishning asosiy yo‘llaridan biri. Shunday bo‘lsa-da, bugungi kunda jadid ma’rifatparvarlarining boshlang‘ich ta’limni ona tilida berishga mo‘ljallangan dasturi o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Jadidlar ushbu dasturni tizimli amalga oshirishda millat foydasi uchun kerakli “umummilliy g‘oya” ishlab chiqish va uni targ‘ib qilish yo‘llarini qidirdi. O‘z navbatida, millatni muhim bir “umummilliy g‘oya” ostida birlashtirish ishiga jamiyatning ziyoli qatlamini keng jalb qilish zarur edi.

Dastavval jadidlar o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilish­da eng muhim vosita bo‘lgan xayriya jamiyatlarini tuzishga kirishadi. Turkistonda musulmon xayriya jamiyatlarining tarixi XIX asrning so‘ngidan boshlanadi. Samarqand shahar qozisi Nizomiddinxo‘ja tashabbusi bilan 1894-yili 1500 so‘m mablag‘ jamlanib, mahalliy aholi uchun “Dorul-ojizin” ta’sis qilindi. Oradan ikki yil o‘tib, 1896-yili Farg‘ona viloyati O‘sh shahrida mahalliy musulmonlar tomonidan birinchi “Dorul-ojizin” tashkil etildi. Ushbu “Dorul-­ojizin”ning moliyaviy ta’minotini shahar savdogar­lari o‘z zimmalariga olishgan. Yuqori­dagi ma’lumotlar Turkis­ton general-gubernatorligida mahalliy xalq tashkil etgan zamonaviy xayriya muassasalari to‘g‘risidagi ilk gazeta xabarlari bo‘lib, bu “Dorul-ojizin”larning asosiy vazifasi shahar aholisining yordamga muhtoj qatlamini issiq ovqat va boshpana bilan ta’minlashdan iborat edi. 1897-yili amir Abdulahad­xon ham Buxoro shahrida kam ta’minlangan va nogironlarga mo‘ljallangan “Dorul-ojizin” ta’sis etdi. Bu xayriya muassasasida muhtojlarga ikki mahal issiq ovqat amir hisobidan berilar edi. Ayni shu vaqtdan e’tiboran Turkistonda mahalliy xalqlarning zamonaviy musulmon xayriya tizimi­da yangi davr boshlandi.

Turkistonda keng qamrovli zamonaviy xayriya jamiyati ta’sis qilish masalasi birinchi bor 1906-yili “Taraqqiy” gazetasida kun tartibiga qo‘yildi. Ana shunday keng qamrovli musul­mon xayriya jamiyati oradan 3 yil o‘tib, 1909-yili 15-iyul (ayrim ma’lumotlarda 10-avgust) kuni Toshkentda ­“Jamiyati imdodiya” nomi ostida ­joriy qilindi. Ushbu muassasa ta’sischilari boshida Toshkent jadidlarining yetakchisi Munavvar qori Abdurashidxonov turdi. “Jamiyati imdodiya”ning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘lgan:

1) mahalliy xalqning barcha qatlamlari ta’lim ­olishi uchun turli yo‘nalishdagi maktablar tashkil etish; 2) yo‘qsil bolalar va yetimlarga g‘amxo‘rlik qilish; 3) turli boshpanalar bunyod etish; ­4) musulmon talabalariga moddiy yordam ko‘rsa­tish va hokazo.

Albatta, har qanday xayriya ishini amalga oshirish uchun mablag‘, dastak lozim. Shu ma’noda Behbudiy matbuot sahifalarida e’lon qilgan o‘nlab maqolalarida savdo va ishlab chiqarish vakillarini boshlangan xayriya ishlari­ni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga da’vat qiladi. U shunday maqolalaridan birida “…Turli davrlarda taraqqiyot va islohotlarni sarmoya va uning vakillari dastaklab kelgan. Millatga dalda berish, maktablar islohi, yoshlarimizni Yevropa oliy o‘quv yurtlariga kirishlariga tayyorlash, umummilliy ishlarni amalga oshirish uchun bizga “Xayriya jamiyatlari”, kutubxonalar, jamg‘armalar, turli to‘garaklar, gazetalar, jurnallar, nashriyotlar va hokazolar kerak. Millatning taraqqiyoti mana shu yo‘l bilan amalga oshiriladi va bu ishlar uchun mablag‘ zarur. Mablag‘ esa bizning boylarimiz qo‘lida”, deb yozdi va ularni millatni “uyg‘otish”ga qaratilgan ushbu xayrli ishlarni qo‘llashga chaqirdi.

“Jamiyati imdodiya”ning faoliyati juda og‘ir kechdi. Jamiyat daromadining asosini a’zolik badali tashkil qilgani uchun ham u ta’sis etilganidan boshlab bir yarim yil davomida yangi a’zolar jalb qilish va keyingi faoliyatini yurgizish uchun mablag‘ yig‘ishdan boshqa hech qanday faoliyat olib bormadi. Turkistonlik jadidlar Ichki Rossiya musulmonlari amalga oshirgandek sadaqa va zakotni xayriya jamiyati foydasiga jalb qilishga muvaffaq bo‘la olmadilar. Buning chuqur ijtimoiy muammolari bor edi. Shahar­ning katta boy va savdogarlari jamoat ishlariga bosh qo‘shmadi va bunday xayriya ishlariga mablag‘ sarf qilishdan o‘zlarini chetga tortdilar.

Behbudiy Turkiston ziyoli qatlamining bu tariqa ish tutganini “…har kim o‘z foydasi va shaxsiy ishi bilan band. Bizda umummilliy yoki diniy va milliy ishlar foydasiga harakat qiladigan odamlar yo‘q. Bizda, bosh­qa millatlarda bo‘lganidek, millatning taraqqiyoti uchun jon kuydiradigan kishilar yo‘q”, deb tushuntirishga harakat qildi.

“Oyina” jurnalida chop etilgan bir maqolada Turkiston musulmonlari shartli ravishda uch guruhga bo‘lingan edi: 1) badavlat insonlar: yer egalari, savdogarlar, ishlab chiqaruvchilar; 2) turli kontora yoki alohida odamlar qo‘lida xizmat qilayotgan o‘qimishlilar; 3) “millat” tushunchasi haqida umuman tasavvurga ega bo‘lmagan oddiy xalq. Bu tasnif muallifining fikricha, agar mana shu guruh vakillari birlashsa va tillari va dillari bilan moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatsa, millat manfaati va ravnaqi uchun istalgan ishni amalga oshirish mumkin.

Turkistonda milliy g‘oyani xalq ongiga singdirish va uni keng targ‘ib qilishga katta to‘siqlardan biri milliy matbuotning yo‘qligi edi. Ichki Rossiya musulmonlari sof siyosiy ishlar bilan shug‘ullangan vaqtlarda Turkis­ton jadidlari va ziyolilari yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilish uchun turli jamiyatlar tuzish targ‘ibotini davom ettirayotgan yoki ayrim joylarda endi boshlayotgan edilar. Jadidshunos olim Begali Qosimovning fikriga ko‘ra, Turkiston jadidlari­ning gazeta, xayriya jamiyatlari ta’sis etish, yangi usul maktab­larini yoyish, teatr ishlari va boshqa barcha harakatlari bir milliy g‘oya uchun xizmat qildi. Olimning ta’kidlashicha, har bir g‘oyaning milliy g‘oyaga aylanishi uchun u ikki talabga javob berishi ­kerak: 1) g‘oya millatning haqiqiy ehtiyojidan, turmush tarzidan, asriy an’analaridan, va albatta, imkoniyatlaridan kelib chiqishi kerak; 2) ushbu g‘oya millat tomonidan anglab yetilishi, boshqa so‘z bilan aytganda, milliylashtirilishi zarur. Ya’ni g‘oya millatning har bir vakili yuragiga yetib borishi lozim.

Behbudiy “A’molimiz yoinki murodimiz” sarlavhali maqolasida turkistonliklarning turli tadbir, to‘ylaridan tortib milliy o‘yin­larigacha bo‘lgan har kunlik turmush tarzini tahlil qilar ekan, xalqni ko‘zini ochib yon-tevaragidagi millatlar qanday yashayotganiga qarashga chaqiradi. U xalqni isrofli tadbirlardan voz kechib, ularga sarf qilina­digan mablag‘ni iqtisodiyotning barcha tarmoq­lariga milliy kadrlar tayyorlash maqsadida davlat ta’lim muassasalarida bolalarning o‘qishi uchun yo‘naltirishga da’vat etadi. Behbudiy bu harakatlarini umummilliy ishlar, oliy maqsadlar, xohishlar va intilishlar deb ataydi.

Badiiy adabiyot, xususan, she’riyat milliy g‘oya targ‘ibotida juda katta rol o‘ynadi. Jadid shoirlari birinchi navbatda yangi ilm-fanni ulug‘­ladi va xalqni uni o‘rganishga targ‘ib qildi. Ular zamonaviy ilm-fanga taraqqiyotga erishish­ning birdan bir yagona yo‘li deb qaradilar. Siddiqiy-Ajziy she’rlaridan birida turkistonliklarni “bir g‘oya atrofida jipslashib, bir yo‘ldan bormoqni” va bir “oliy maqsad”ga intilib, u uchun kura­shishga chaqirdi.

Turkistonlik jadidlar eng avvalda musulmon­larga siyosiy huquqlar berilishi tarafdorlari tomonida turmadilar. Sabab, savodsiz, zamo­naviy ilm, ma’rifatdan bexabar xalqqa siyosiy huquq berilishi hech bir muam­moning hal qili­nishiga olib kelmasligini ular juda yaxshi tushu­nardi. O‘sha davrda zamon tili bo‘lgan rus tili va rus qonunlarini bilmaslik va eng asosiysi – musulmonlarning zamonaviy bilimlardan xabarsizligi qo‘lga kiritilgan barcha siyosiy huquqlarni yo‘qqa chiqarishi aniq edi. Buning natijasida esa “birgina rus ma’muri qirq o‘qimishli musulmonni jilovida ushlab yurishda davom etaveradi”. Shuning uchun ham Turkiston jadidlari milliy g‘oyani targ‘ib qilishdagi asosiy urg‘uni xalq orasida zamonaviy ilm, ma’rifatning targ‘ibotiga qaratdi.

Buxoro jadidlarining mafkuraviy yetakchisi hisoblangan Abdurauf Fitrat “Qur’on” sarlavhali maqolasida millat taraqqiyoti xususida fikr yuritar ekan, o‘z fikrlarini ilm o‘rganishni ulug‘lovchi Qur’on oyatlari orqali tushuntirishga harakat qiladi. Fitrat Qur’onni istalgan millatni saodatli va kuchli qilishga qodir bo‘lgan ijtimoiy qonunga qiyoslaydi. Bundan tashqari, u musulmonlar­ning o‘sha vaqtdagi ahvolini Islom diniga qadar bo‘lgan arablarning “johiliyat davri”ga o‘xsha­ta­di. Fitrat Qur’onda barcha musulmonlar saodat va taraqqiyotga erishish uchun harakat qilishlari kerakligiga chaqiriq ko‘radi. Maqolasi­ning so‘ngida Fitrat turkistonliklarga savol bilan murojaat qiladi: “Ajabo, biz o‘zimizni inson deb atab, haqiqiy inson kabi harakat qilishni xotirga keltirmaymizmi? Nahotki, biz qiyomatgacha o‘zimizning johilligimizni tushuna olmasak va sabablarini qidirishga hamda ularni hal qilish choralarini topishga qodir bo‘lmasak?”

Turkiston uchun millat va Vatan nima ekanini aniq tasavvur qila oladigan, o‘z xalqiga, yurtiga sodiq o‘qimishli va ziyoli yosh avlod kerak edi. “Sadoyi Turkiston” gazetasida yozilganidek, bu yosh avlod o‘zining xizmati, harakati, yordami va sodiqligi bilan haqiqiy ziyoli ekanligini ko‘rsatishi kutilardi.

Turkiston jadidlari milliy g‘oyaning samarali targ‘iboti uchun 1914-yildan boshlab turli nash­riyot, shirkat va kutubxonalar tashkil qila boshladilar. Bunday muassasalarning asosiy maqsadi milliy g‘oya targ‘iboti va siyosiy irodaning mustahkamlanishiga xizmat qiladigan gazeta, jurnal va kitoblarni nashr qilish va aholi orasida tarqatishdan iborat edi. Bunda asosiy e’tibor o‘rta avlod musulmonlar auditoriyasiga qaratildi. Ana shunday tashkil etilgan muassasalar qatoriga Qo‘qondagi “Gʻayrat” kutubxonasini, Toshkentdagi “Nashriyot” shirkatini, Buxorodagi “Ma’rifat” kutubxonasi va “Barakat” kooperati­vi­ni misol qilish mumkin.

Turkiston jadidlari boshlang‘ich pallada ta’lim, zamonaviy bilimlar targ‘ibi hamda mahalliy aholining turmush sharoitini o‘zgartirishga qaratilgan dastur asosida ish olib bordi. Aynan mana shu masalalar jadidlarning milliy g‘oyasi asosini tashkil etdi. Jadidlarning g‘oya va maqsadlari, ular targ‘ib qilgan fikrlar bugungi kunda ham o‘z dolzarb­ligini yo‘qotgan emas. Jadid ma’rifatparvarlarining faoliyati, ijodi va hayot yo‘li bilan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni keng oshno qilish, jadidlar ta’biri bilan aytganda, “millat ustuni” bo‘lgan ziyolilarga katta mas’uliyat yuklaydi.

Zaynobiddin ABDIRASHIDOV,
Anqara Hoji Bayram Vali universiteti professori

“Jadid” gazetasining 2024-yil 11-oktyabrdagi 42-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img121

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img632

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img627