14.09.2026 | 14:55
767
DADIL QADAMLAR
O‘tgan hafta O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatida miqyosi va ahamiyati bo‘yicha g‘oyat boy, strategik jihatdan muhim voqealar bilan yodda qoldi.
Mamlakat hayotida bir vaqtning o‘zida inson kapitalini rivojlantirish, tibbiyot va ta’limda chuqur islohotlar, kreativ iqtisodiyot va madaniy diplomatiya, shuningdek, Yevropa, Xitoy va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan geosiyosiy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash yo‘nalishida tarixiy qadamlar qo‘yildi.

Samarqand – xalqaro yoshlar anjumani mezboni
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning XII Yosh parlament a’zolari butunjahon konferensiyasi dunyodagi keskin ziddiyatlar fonida eng muhim global voqeliklardan biriga aylandi. Global beqarorlik va urush o‘choqlari ko‘paygan bir paytda o‘tkazilgan ushbu anjuman kun tartibiga “Notinch davrlarda barcha uchun inson huquqlari, adolat va qadr-qimmatni tiklash” mavzusining qo‘yilgani muhim siyosiy ma’noga ega.
Siyosiy mojarolar hududida 500 milliondan ortiq bolalar va yoshlar yashayotgani, millionlab qizlar ta’limdan mahrumligi umumbashariy inqirozdir. Davlatimiz rahbarining konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida mana shu o‘tkir muammolarga e’tibor qaratildi. Bu bejiz emas. Salkam 40 millionlik O‘zbekiston aholisining 56 foizini yoshlar tashkil etadi. Ular sifatli ta’lim olsa, zamonaviy kasb va texnologiyalarni egallasa, mustaqil fikrlasa va jamiyat hayotida faol bo‘lsa, shundagina bu demografik imkoniyat katta taraqqiyot resursiga aylanadi. Shu ma’noda yoshlar uchun kiritilayotgan har bir investitsiya, aslida, mamlakatning ertangi raqobatbardoshligiga kiritilayotgan investitsiyadir. Bugun yosh qizlar uchun ham imkoniyatlar doirasi kengaymoqda. Ilm-fan, texnologiya, muhandislik, tadbirkorlik, davlat boshqaruvi kabi ilgari qizlar kamroq ko‘rinadigan sohalarga yangi avlod vakillari dadil kirib kelmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida yoshlar bilan ishlashning vertikal tizimi yaratilgani sababli bugungi kunda yosh tadbirkorlar ulushi 35 foizga yetdi, xorijdagi TOP-100 oliygohlarda 3,5 mingdan ortiq yoshlarimiz tahsil olmoqda. Bu minglab yoshlarning dunyoning eng kuchli akademik muhitida bilim va tajriba olayotganini anglatadi. Keyingi muhim masala – bu bilimni O‘zbekiston taraqqiyoti bilan bog‘lash. Xorijda o‘qiyotgan yoshlar bilan muntazam aloqada bo‘lish, ularni mamlakatdagi loyihalar, ilmiy markazlar, davlat idoralari va xususiy sektor bilan bog‘lash orqali juda katta intellektual tarmoq yaratish mumkin. O‘zbekiston BMTning “Yoshlar – 2030” strategiyasini amalga oshirayotgan TOP-10 davlat qatoriga kirgani va Global yoshlar taraqqiyoti indeksida eng tez rivojlanayotgan mamlakat deb topilgani amaliy islohotlar mahsulidir.
Yana bir mulohaza. O‘zbekistondagi o‘zgarishlarning eng muhim jihatlaridan biri – yoshlar bilan muloqot formati o‘zgargani. Bugun yoshlar faqat tayyor qarorni eshitadigan auditoriya emas. Ularning muammosi o‘rganiladi, tashabbusi muhokama qilinadi, ayrim takliflari davlat dasturlari va qonunchilik tashabbuslariga aylanmoqda. Yoshlar parlamentlari ham shu jarayonning bir qismidir. 2024-yilgi saylovlarda 200 ga yaqin yoshning vakillik organlari a’zosi etib saylangani muhim ishora. Demak, endigi vazifa bu ishonchni natija bilan oqlash. Anjuman yakunida qabul qilingan “Samarqand rezolyutsiyasi” hamda kelgusi yili o‘tkaziladigan “Avlodlar muloqoti” xalqaro kongressi O‘zbekistonning global yoshlar kun tartibini belgilovchi markazga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Sog‘lom tibbiyot sari
Prezident huzurida o‘tkazilgan tibbiyot va farmatsevtika ta’limini, xodimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va malaka oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha taqdimot sohada mutlaqo yangi davrni boshlab beradi. Xususan, 2027/2028-o‘quv yilidan “Davolash ishi” o‘rniga 6 yillik “Umumiy tibbiyot” dasturi joriy etiladi. Ta’lim nazariyadan amaliyotga yo‘naltirilib, oilaviy poliklinikalarda rezidentlar uchun o‘qish va amaliyot mujassamlashtiriladi.
2027-yildan ixtiyoriy, 2030-yildan esa majburiy tartibda tibbiyot xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish (litsenziyalash) joriy etiladi. 16 ta baza bilan integratsiya qilingan Yagona elektron reyestr shakllantiriladi.
Ro‘yxatdan o‘tmagan shifokor faoliyat yurita olmaydi. Bu bemorlar xavfsizligi va xizmat sifatini tubdan yaxshilaydi.
Yangi tizimga yordam berish uchun sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan oliy ma’lumotli shifokorlarga BHMning 5 baravarigacha, o‘rta tibbiyot xodimlariga 2,5 baravarigacha muntazam ustama to‘lanadi.
Zamonaviy san’at markazi
Davlatimiz rahbarining Toshkent shahridagi yangi Zamonaviy san’at markaziga tashrifi O‘zbekistonning nafaqat boy tarixiy-madaniy merosga, balki kelajakka yo‘naltirilgan kreativ iqtisodiyotga ham jiddiy e’tibor qaratayotganini ko‘rsatdi.
1912-yilda qurilgan sobiq tramvay deposi va dizel stansiyasi binosi Fransiyaning “Studio KO” byurosi tomonidan sanoat me’morchiligi saqlangan holda zamonaviy madaniy art-makonga aylantirildi. Bu Markaziy Osiyodagi ilk shunday yirik muassasadir. Markaz o‘z faoliyatini Nyu-Yorkdagi Solomon Guggenxaym muzeyi to‘plamidagi installyatsiya bilan “Hikmah” ko‘rgazmasi orqali boshladi. “Tate”, “Centre Pompidou” kabi jahon sanoati gigantlari bilan hamkorlik Yangi O‘zbekistonning zamonaviy madaniy qiyofasini xalqaro maydonda mustahkamlaydi.
Xitoy va Jahon bojxona tashkiloti
Hafta davomida o‘tkazilgan oliy darajadagi qabullar O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi muvozanatli va pragmatik siyosatini yana bir bor namoyon etdi.
XKP Markaziy qo‘mitasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Lyu Xaysin bilan uchrashuvda savdo va investitsiyalardan tashqari, partiyalararo hamkorlik va Xitoy yetakchi oliygohlari filiallarini O‘zbekistonda ochish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilishga kelishib olindi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Xitoy barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarildi. O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi izchil o‘smoqda, Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qo‘shma loyihalar va korxonalar soni ortib bormoqda. Tashrif ana shu o‘zaro loyihalarni amaliy bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-sentyabr kuni Toshkentda VII Global kinologiya forumida ishtirok etish doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Yan Sondersni qabul qildi. Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish, bojxona organlarining salohiyatini mustahkamlash va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tashkilot ko‘magida O‘zbekiston savdoni yengillashtirish sohasidagi qator xalqaro konvensiyalarga qo‘shilgan, zamonaviy bojxona nazorati mexanizmlari joriy etib, Bojxona xizmati faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgan va qabul qilingan. Yan Sonders bilan muloqotda raqamlashtirish natijalari e’tirof etildi.
Serbiya – O‘zbekistonning strategik sherigi
Haftaning eng muhim voqealaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiya Respublikasiga amalga oshirgan ikki kunlik rasmiy tashrifi bo‘ldi. Diplomatik aloqalar o‘rnatilgan 1994-yildan beri O‘zbekiston yetakchisining Bolqon davlatiga amalga oshirgan birinchi tashrifini tarixiy deb baholash mumkin. Zero, Belgradda bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Bu tarixiy hujjat ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.
Qo‘shma biznes forumida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev strategik sheriklikni rivojlantirish uchun 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasini qabul qilishni taklif qildi.
Ushbu reja doirasida to‘qimachilik, elektrotexnika, avtomobilsozlik, farmatsevtika va raqamli texnologiyalar sohalarida birgalikdagi loyihalar amalga oshiriladi. Forumda ikki mamlakatdan 200 dan ortiq rasmiy va ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston Prezidenti Serbiya biznesi uchun qulay investitsiya muhitini yaratishga va har bir qo‘shma loyihani amalga oshirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Tashrifning yana bir esda qolarli voqealaridan biri O‘zbekiston Prezidentining Katta zanjirli Serbiya Respublikasi ordeni bilan taqdirlanishi bo‘ldi. Orden Serbiyaning oliy davlat mukofotlaridan biri bo‘lib, u mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va siyosiy rivojlanishiga katta hissa qo‘shayotgan shaxslargagina beriladi.
Kabinet tizimidan mahallabay yondashuvga
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va oilalar daromadini oshirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuv 3-sentyabr kuni belgilab berilgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda tuman va mahalla darajasida yangi tizimni amalga oshirish, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish va byurokratik g‘ovlarni olib tashlash masalalari tanqidiy tahlil qilindi.
Yig‘ilishda Davlatimiz rahbari eng muhim konseptual masalaga to‘xtaldi. Kambag‘allikni qisqartirish – bu shunchaki “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilganlarga nafaqa berish emas. Reyestr aholini vaqtincha qo‘llab-quvvatlash vositasi bo‘lsa, haqiqiy kambag‘allikni qisqartirish oilani mustaqil va barqaror daromad manbayiga bog‘lash, unga munosib ish o‘rni va sharoit yaratib berish demakdir. Shu bois, kabinetda o‘tirib, qog‘ozda raqam quvish amaliyotiga chek qo‘yilib, islohotlar bevosita mahallaga, har bir xonadonga kirib borishi shartligi qat’iy ta’kidlandi.
O‘tkazilgan yig‘ilish shuni ko‘rsatdiki, davlat tomonidan kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash uchun barcha resurs va vakolatlar eng quyi bo‘g‘inga – tuman va mahallaga berildi. Endigi asosiyvazifa – rahbarlarning kabinetdan chiqib, mahallabay va xonadonbay ishlash orqali har bir oilaga barqaror daromad manbayini yaratib berishidir. Bu Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatidagi eng ustuvor va chekkaga surib bo‘lmaydigan talabi hisoblanadi.
Iqbol MIRZO
“Jadid” gazetasining 2026-yil 11-sentyabrdagi 37-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



