06.05.2025 | 17:09
535
DO‘ST HAQIDA SO‘Z
Taniqli davlat va jamoat arbobi, sharqshunos olim, mohir pedagog va diplomat Rustam Sobirovich Qosimov (1955–2021), Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, xalqimizning tom ma’nodagi ziyoli, ma’rifatparvar farzandi edi.
Mamlakatimizda ta’lim tizimini takomillashtirish, ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarni yangi, yuksak bosqichga ko‘tarishda bu insonning xizmati katta.
Hayot bo‘lganida Rustam Sobirovich bu yil 70 yoshni qarshilagan bo‘lar edi.

Yaqinda bu zakiy va donishmand insonning ibratli hayot yo‘li, samarali ijtimoiy va siyosiy faoliyati, betakror fazilatlari haqida zamondoshlari va yaqin do‘stlari, hamkasblari va shogirdlarining samimiy xotiralaridan iborat “Rustam Qosimov zamondoshlari xotirasida” kitobi nashrga tayyorlandi.
“Inson qadri ulug‘, xotira muqaddas” degan ezgu g‘oyaga amal qilgan holda, quyida mazkur to‘plamdan o‘rin olgan yodnomalardan birini e’tiboringizga havola etmoqdamiz.
“Ba’zan botinimizdagi otash o‘chadi-yu, kimnidir uchratganda otilgan uchqundan qayta alanga oladi”, deyishadi. Men Rustam Sobirovich Qosimovga ilk bor duch kelganimda ayni shunday holatni boshimdan kechirdim. Bizni mustahkam do‘stlik rishtalari bog‘lagan edi. Deyarli tengdosh bo‘lsak-da, meni “oka” deb atar, bu meni ham xijolat qilar, ham ko‘nglimga xush yoqar edi. Xalqona aytganda: “Og‘ang do‘sting bo‘lmas, illo do‘sting – har qachon og‘angdir”. U menga ruhan do‘stdan-da yaqinroq edi…
Rustam Qosimov – asl o‘zbek ziyolisining yorqin tajassumi; atoqli olimlar, rektor, diplomat va elchilar shajarasi vakili; serqirra talant sohibi – psixolog, poliglot, qomusiy bilimlar egasi bo‘lgan olim; binobarin, ajoyib tashkilotchi va Xudo yorlaqagan rahbar.
Yangi O‘zbekistondagi ko‘pgina ezgu ishlarga u o‘zining bilimi va kuch-g‘ayrati bilan munosib hissa qo‘shdi. Bilgan odamlarning bari uni hurmat qilar, ayrim johil amaldorlar esa ko‘p-da yoqtirmas edi. Kitoblar va ilm-u fan – Rustam Sobirovichning jon-u dili edi, u hamisha bir qadam ilgari yurganiga aksariyat zamondoshlar guvohmiz.
Bir necha tillarni a’lo darajada bilar, bemalol gaplashish, bahslashishdan tashqari, guvohi bo‘lmaganman-u, biroq aminmanki, shu tillarda ravon yoza olardi ham. Suhbatlar, bahs-u munozaralarda turli ellar buyuk mutafakkirlarining so‘zlarini zargarona injalik bilan, ularning o‘z tilida misol keltirganiga o‘zim shohidman.
Marg‘ilon shahrining 2000 yilligini nishonlash uchun hukumat tomonidan tuzilgan ishchi guruh tarkibida birga ishlaganmiz. Bizga atoqli shoira Uvaysiy yashagan oddiygina me’moriy uyda muzey tashkil qilish topshirildi. O‘shanda Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan Rustam Sobirovich Marg‘ilonda o‘tkaziladigan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun tuzilgan tashkiliy qo‘mita rahbarlaridan biri edi.
Qurilishlar asnosida shoiraning hovlisidagi mo‘jaz maydonchadan bir necha qabr topildi: ularda jasad qoldiqlari emas, qadim qo‘lyozma kitoblar joylangan kanop qoplar bor ekan. Shoira buvilarining bitiklarini dahriy bolshavoylar bosqinidan asrash uchun avlodlari shu taxlit yo‘l tutmoqqa majbur bo‘lgan, qabr qazib noyob qo‘lyozmalarni ko‘mgan ekan. Tus sodda odamlar… xayol qilganlarki, bu jaholat, kitoblarga, ilm-u ma’rifatga qarshi bu harb-u zarb hademay tugaydi. O‘shanda qoplar qayta yer ustiga olib chiqiladi, bu nazmiy va falsafiy bitiklarni o‘quvchilar o‘z tillarida o‘qib, bahra oladilar…
Ammo tarix o‘zani boshqa yoqqa burildi. Gerostratcha vayronkorlik “ijodkor”lari hech yoqqa ketmadilar; yetmaganiga, savodi chiqqan alifbosidan millatimizni mahrum qildilar. Qo‘lida arab imlosidagi bitiklar saqlanib qolgan odamlarni esa shafqatsizlarcha qatliom etdilar. Yillar bo‘yi butunlay unutilgan qo‘lyozmalar yer osti zulmati va zax asoratidan yaroqsiz holga keldi. Samarqandi va qo‘qoni ipak qog‘ozning noyob hafif varaqlari bir-biriga yopishib, chirib ketdi…
O‘shanda qadim bitiklar “xilxonasi”ga tegishli organlardan vakillar keldi, qoplar chiqarib olindi. Qo‘lyozmalar ehtiyotkorlik bilan changdan tozalandi va ro‘yxatga olish uchun tuman hokimiyatiga olib ketildi. Bitiklarning bari arab imlosida; fors, arab va eski o‘zbek tillarida edi.
Hokimiyat binosida epchilgina yosh xodim kitoblarni shartta-shartta ajratib, ularga tavsif bera ketdi. Rustam Sobirovich yigitni diqqat va qiziqish bilan, gapini bo‘lmay tingladi; bilganlarini aytishiga qo‘yib berdi, hatto ma’qullab ham turdi. Yigitning xos “ma’ruza”si tugagach, qayerda o‘qigani, ustozi kimligini so‘radi.
Keyin… keyin esa hammani hayratda qoldirib, kitoblarni butunlay boshqacha – yozilgan tiliga ko‘ra, fors, arab va o‘zbekcha qilib ajratdi; u yoki bu qo‘lyozmaning nima haqdaligini aniq-ravshan tushuntirdi. Shu tariqa ahli majlisga ham, haligi yigitchaga ham bilimni namoyish qilish emas, til va tarixni bilish muhimroq ekanini uqtirib qo‘ydi.
U kishi muloyim va bariton ovoz sohibi, o‘ta bilimdonlik ila va diplomatlarcha so‘zlar, fikrini o‘zbek va rus tillarida yorqin ifoda eta olardi. Men uning YuNeSKO vakillari bilan ingliz tilida, fransuzcha iqtiboslarni joy-joyiga qo‘yib gaplashganiga shaxsan guvoh bo‘lganman.
Uning ajoyib sulukatlari bor, hatto sigaretni ham zodagonlarcha bir nazokat bilan chekar edi. Harakatlari, gap-so‘zlaridan sahnada rol o‘ynayotgandek tuyulardi-yu, lekin hech bir artistonalik yo‘q, barchasi tabiiy, uni kuzatish nihoyatda maroqli edi.
Biz Rustam Sobirovich bilan juda ko‘p muzey ekspozitsiyalarini tayyorladik. Men undan noyob rahbarlik tajribasini o‘rgandim – doimo o‘zgalar fikrini hurmat qilar, odamlarni tinglashni bilar, tanbeh bersa halimlik bilan, ko‘ngilga tegmaydigan qilib berar edi. Har qanday fikrni, hatto g‘oyat keskin g‘oyalarni ham eshita olar edi. Xulosa qilishga shoshmas, obdan o‘ylar-fikrlar, keyin esa hammasini yana qaytadan muhokama qilar edi. Basharti, biron taklif ma’qul kelmaganda ham, mutaxassis olimlar, dizaynerlar, rassom va hunarmandlar fikrini rahbariyatga yetkazishga va’da berar edi.
Biz o‘nlab ob’ektlarni xuddi yo‘q joydan barpo etgandekmiz. Shulardan biri Qarshidagi VIII asrda qurilgan va Chingizxon qo‘shinlari tomonidan vayron etilgan Odina masjididir. Qarshini mo‘g‘ul bosqinchilaridan himoya qilgan mardlarning eng oxirgilari shu yerdan panoh topgan. Sho‘ro davrida masjid qayta tiklandi, lekin charxning kajraftorligini qarangki, madaniy osori atiqa o‘rnida o‘ta xavfli “jinoyatchi”lar – Buxoroning mashhuri jahon ruhoniylarini hibsda saqlash uchun turma barpo etildi. Hatto istiqloldan keyingi 2000-yillarda ham bu yer mudhishligi bilan dong‘i ketgan qamoqxona edi.
Masjid qoshidagi madrasa mullavachchalari yashaydigan hujralar kaftday derazali bir kishilik kameralarga aylantirilgan edi. Bu “hujra”larga din arboblari tashlangan – buni ta’mirlash mahali topilgan yozuvlar ham tasdiqlaydi. Kameralardagi cho‘yan quvurlar esa eng mudhish “topilma” bo‘ldi – ular o‘tgan Vaqt sababli emas, qondan zanglab ketgan. Hammamiz dahshatga tushdik: bu quvurlarda gunohsiz qatl etilgan ajdodlarimizning qoni oqqan…
Masjid hovlisida sardoba – yomg‘ir suvlari jamlab qo‘yiladigan usti yopiq inshoot bor ekan. Sardobada ham qiynoq kameralar bo‘lib, ularda mahbuslar suvxona gumbaziga osib qo‘yilgan.
Mohiyat e’tibori bilan qaraganda, biz u yerda O‘zbekistondagi qatag‘on qurbonlarining bo‘lajak muzeyi analogini barpo etgan edik.
Ta’kidlash joizki, Rustam Sobirovich jonkuyar rahbar, qo‘l ostidagilarga otalarcha e’tiborli edi. Esimda, Qarshidagi Odina masjidida biror oycha ishlaganimizdan keyin muzeyshunoslardan biri sariq kasalga yo‘liqib, yotib qoldi. Yaqin kunlarda Qarshiga mamlakat rahbari kelishi kutilayotgan edi, shunga qaramay, Rustam Sobirovich bemorni zudlik bilan Toshkentga jo‘natdi, kasalxonaga joylashishini ham o‘zi nazorat qilib turdi. Toshkentga qaytgach, bemorni shaxsan so‘rab bordi.
Qarshidagi ishlardan keyin Rustam Sobirovich poytaxtimizdagi mintaqada qatag‘on qurbonlariga bag‘ishlangan ilk muzeyning barpo qilinishida o‘sha muzeyshunos olimni arxiv masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis qilib oldi. Bosh vazir o‘rinbosarining yordami bilan men ham ikkita ekspeditsiyani Sibirning tashlandiq GULAGlariga yuborishga muvaffaq bo‘ldim. Har ikkala ekspeditsiya ko‘ngilli metsenatlar tomonidan ta’minlandi va ular qatag‘on qilingan, jasadi Sibirning ovloq yerlaridagi umumiy qabristonlarda abadul-abad qolib ketgan o‘n minglab o‘zbekistonliklarning taqdiridan hikoya qilguvchi nodir materiallarni olib qaytdi.
Rustam Qosimovning qo‘llovi bilan Moskvaga (“Memorial”) va Sankt-Peterburgga ham ekspeditsiyalar uyushtirildi. Yana bir ilmiy guruh esa quloq qilingan o‘zbeklar badarg‘a etilgan Ukrainaga yo‘l oldi. Guruh a’zolari Ukrainadagi katta bir qabristonda qatag‘onga uchragan Karimov familiyali kishining avlodlariga duch keladilar; taassufki, ular endi o‘zbek tilida gapirmas ekan.
Skeptik kimsalarning shubha-yu ehtimollariga qaramay, Qosimovning qattiq turishi bilan qatag‘onning sovuq timsollaridan biri bo‘lgan “qora quzg‘un” eksponati ham izlab topilib, muzeyga qo‘yildi. Bu – o‘sha mash’um yillarda tuni bilan odamlarni qamoqxona-yu otuv ijrosiga tashigan mudhish avto ekanini bilasiz.
Rustam Qosimov boshchilik qilgan yana bir muhim loyiha Samarqanddagi Ulug‘bek rasadxonasiga oid. Ekspozitsiyalar ishlanayotgan kunlarning birida mening oldimga bir odam keldi – Ulug‘bekning ikki shogirdiga tegishli qo‘lyozmani sotmoqchi ekan. Bu haqda men Rustam Sobirovichga, u kishi o‘z navbatida o‘sha paytdagi Bosh vazir Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga xabar berdi. Bosh vazir qo‘lyozmani sotib olish va zudlik bilan Ulug‘bek rasadxonasi muzeyiga qo‘yish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.
Rasadxonadagi tarixiy fotosuratlarda muhrlangan toshni ko‘tarishga ruxsat olgan ham aynan Rustam Sobirovichdir – bu muzeyni yangi ko‘rgazma bilan boyitishga yordam berdi. Mamlakatimizdagi ko‘pgina haykal va monumentlar shu insonning san’atni chuqur tushunganligi tufayli yaratildi.
U O‘zbekistonda oliy va o‘rta ta’limning isloh etilishiga ham katta hissa qo‘shdi, ta’lim muassasalari rahbarlarini testdan o‘tkazish komissiyasi a’zosi sifatida faol ish olib bordi. Ta’lim va madaniyat o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldi. Oliy ta’limdagi korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashdi. Uning fikricha, sohada burch va vazifalarining ahamiyatini anglagan malakali va mas’uliyatli odamlargina ishlashi shart.
Albatta, hamma narsa faqat unga bog‘liq emas edi. Lekin Rustam Sobirovich o‘z prinsiplari va idealiga har qachon sodiq qola bilgan shaxsdir. Aynan shu fazilatlari tufayli Birinchi prezidentning ham, mamlakatimizning amaldagi rahbarining ham hurmatiga sazovor bo‘ldi.
Hamisha adolat va ijtimoiy tenglik uchun kurashgan R.Qosimov yurtimizda bir xil me’moriy uslubdagi qishloqlar barpo etilishining ham tarafdorlaridan bo‘lib, bundan yagona turmush madaniyatini shakllantirish nazarda tutilgan edi.
Shunday qishloqlardan birida Rustam Sobirovich xo‘jako‘rsinchilik bo‘lib qolmasin, deb har bitta kottejni kechasi, shaxsan o‘zi borib tekshirdi. Bir xonadonda o‘g‘il bolalar xonasidagi karavotga Merilin Monroning cho‘milish kiyimidagi surati tushirilgan adyol yopilgan ekan. Mahalliy amaldorlarning xonani bu taxlit “bezagani”dan Rustam Sobirovich hang-mang bo‘ldi. Darhol yig‘ilish chaqirdi, bu ishni qilganlar bola tarbiyasi uchun ham mas’ul ekani, ularning kaltabinlik va loqaydligi noto‘g‘ri ekani haqida kuyunib, uzoq gapirdi.
Surxondaryoda – Termiz yaqinida sho‘ro davrida mevalarining o‘ziga xosligi bilan mashhur limonxona bo‘lar, bu tansiq ne’mat faqat partiya arboblarining dasturxoniga tortilar edi. Mustaqillik yillari “Obod qishloq” dasturi doirasida o‘sha limonxona o‘rnida o‘zining maktab, tibbiyot punkti, kutubxonasi bo‘lgan 60 kottejdan iborat qishloq barpo etildi. Bir gal o‘sha qishloqni tekshirgani bordik. Pollar qo‘porilib ketgan, isitish quvurlari yo‘q, cho‘yan batareyalar pol ostiga ko‘milgan… Javob beradigan odam yo‘q – pudratchi pulni olib juftakni rostlagan.
Bu taxlit o‘lda-jo‘lda ishlar Rustam Sobirovichni qattiq ranjitar, u o‘ziga nihoyatda talabchan, boshqalardan ham shuni talab qilar edi. Hamma amaldorlar ham u kishidek kuyunchak emas edi. Domla mutafakkirlardan biri aytgan gapni ko‘p takrorlar edi: “Og‘riqni his etsang – tiriksan, o‘zganing og‘rig‘ini his etsang – insonsan”.
Kuyunchaklik, mas’uliyatni haddan ortiq his etish uning sog‘lig‘iga putur yetkazdi. O‘zgalarning ishini, tashvishini hadeb ko‘ngilga olavermaslik kerakligini ko‘p bora uqtirdim; odam shunday tarbiyalangan bo‘lsa, iloji yo‘q ekan – nachora.
O‘z vaqtida Amudaryo sohilidagi Hakim Termiziy maqbarasi yonida joylashgan bir yarim asrlik chegara postini modernizatsiya qilish ham Rustam Sobirovich bilan menga yuklatilgan edi. Bu shaharcha hozir ham O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasidagi o‘ta muhim janubiy savdo nuqtasi hisoblanadi.
Rustam Sobirovich shaharchada yashaydigan chegarachilar, ularning oilalaridagi shart-sharoit uchun mas’ul edi. U odamlar bilan batafsil suhbatlashdi, ularni shoyon e’tibor bilan tingladi, ovloq bir joyda ayollar va bolalarning yashash sharoitiga oid har bitta tafsilotni o‘rganib chiqdi. Menga esa loyihalash va bezash, binolar hamda xizmat xonalarini obodonlashtirish, ko‘rgazmali va boshqa materiallar vositasida harbiy-siyosiy tayyorgarlikni takomillashtirish vazifasi yuklangan edi.
O‘shanda Rustam Sobirovichning qurolni bemalol ishlata olishi, harbiyotni ham bilishi va chegarachilarning texnik tayyorgarligini shu ishning ustasiday tekshirgani meni lol qoldirgan. Bu sohani qanday qilib bu qadar chuqur bilishini so‘raganimda, aytdiki, ilgari arab mamlakatlarida tarjimonlik qilgan va ish yuzasidan harbiyotni ham o‘rgangan ekan.
Rustam aka asl ziyoli oilada ulg‘aygan insonning mukammal timsoli, bir-biriga butunlay zid sohalarga oid turli bilimlar va turli nuqtayi nazarlarni o‘zlashtirgan bo‘lsa-da, xolis estet va intelligent bo‘lib qola olgan shaxs edi.
Chunonchi, u O‘zbekistonning xalqaro madaniy-gumanitar hamkorligi va “xalq diplomatiya”sini rivojlantirishni kuchaytirish lozim, deb hisoblar, ammo bu xil yondashuvga siyosiy va iqtisodiy munosabatlargina O‘zbekiston uchun manfaatli deb hisoblaydigan ayrim hamkasblari ishonchsizlik va beparvolik bilan qarar edilar. Biroq Rustam Sobirovich siyosiy va iqtisodiy aloqalar hamisha siyosiy konyunkturaga, logistika va boshqa omillarga bog‘liq degan nuqtayi nazarida sobit edi. Zotan, madaniy-gumanitar aloqalar, ayniqsa, “xalq diplomatiya”si mamlakatlar o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga imkon beradigan mustahkam ko‘prik o‘rnatadi.
Rustam Sobirovich ma’lum muddat diniy munosabatlar sohasini boshqardi. U kishining fikricha, islom O‘zbekistonda har doim ilg‘or din bo‘lgan.
Ayni vaqtda bilim va madaniyat turli mojarolardan, jaholatparastlikdan xalos bo‘lishga yordam beradi, deb hisoblardi. U ayrim diniy mulozimlarning savod va saviya darajasiga tanqidiy qarar edi. Yoshlar bir necha xorijiy tillarni, eng avvalo, ona tilini yaxshi bilishlari lozim, til bilish – hayotda yangi-yangi imkoniyatlarni ochish manbaidir, derdi. Ayni chog‘da, domlaning fikricha, davlat va din o‘rtasida muvozanat bo‘lishi lozim. U kishi diniy aqidalarning chetdan tiqishtirilishiga ham, dinning jamiyat hayotidan ihotalab qo‘yilishiga ham qarshi; din va davlatning, o‘zaro raqobatchilik qilmay, hamkor va uyg‘un faoliyat yuritishi tarafdori edi.
Rustam Sobirovich odamlarni biror-bir belgiga ko‘ra – shaharlik yoki qishloqlik ekani, poytaxt yoki viloyatda yashashiga qarab ajratish, tabaqalashtirishga hamisha qarshi edi. Der ediki, “Yurtimizning barcha fuqarolari avvalo O‘zbekiston farzandlari bo‘lishlari zarur”. Buning uchun u shahar va qishloqlarda yashash sharoitlari bir xil bo‘lishini orzu qilardi.
Rustam Sobirovichning kamdan kam rahbarlarda uchraydigan yana bir odati bor – u badiiy ko‘rgazmalarga, kino va spektakllar premyeralariga muntazam borar edi.
Olim sifatida ahli ilm orasida katta hurmat-e’tiborga ega bo‘lsa-da, davlat xizmati uning uchun muhimroq edi. Qaysi lavozimda ishlamasin, shu sohada uzoq yillar, halol va samarali mehnat qilganlarga o‘zgacha e’tibor bilan qarashi g‘oyat ibratlidir. Esimda, Islom akademiyasi rektori ekanida atoqli sharqshunos olim, kamtarin inson Ubaydulla Uvatovning 80 yillik yubileyini katta tantana bilan o‘tkazishga bosh-qosh bo‘ldi. Bunday munosabatni – rahbar bo‘lib ishlayotgan zamondoshlarimiz uchun o‘ziga xos mahorat darsi, deyish mumkin.
Uning yuksak insoniy fazilatlarini nafaqat shogirdlari, balki hamkasblari va do‘stlari, hatto g‘animlari ham e’tirof etadilar. Qisqa umri davomida qayerda ishlagan bo‘lsa, hamisha shunday bo‘lgan. Kimki inson, kimki o‘z ishining fidoyisi va ustasi – uning izzatida edi.
U O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Bosh vazir o‘rinbosari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi rektori va boshqa nufuzli lavozimlarda ishladi. O‘ta mehnatsevar odam edi, hatto xastalanib qolganida ham hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish g‘oyasini ro‘yobga chiqarishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarni izchil va talabchanlik bilan o‘tkazib keldi. Ba’zi bir diniy ulamolar, olim va hamkasblari har doim ham uning qat’iy talablariga javob bera olmas edi. Ayrim safdoshlarining Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyatini tushunmasligi, uni yetarli baholay olmasligi unga og‘ir botar edi. O‘limidan bir muncha vaqt ilgari markazning hozir qad rostlayotgan mahobatli binosi asosini shakllantirishga ulgurdiki, mazkur ish tiriklik dunyosini oldinma-ketin tark etgan Rustam Sobirovich va sobiq muftiy Usmonxon Alimovning unutilmas xizmatlaridan bo‘lib qoldi.
Olijanob insonlar, ular amalga oshirgan ishlar el-yurt xotirasida qiyomatga qadar saqlanib qoladi. Rustam Sobirovichning ortidan ajoyib ziyoli farzandlar, minglab iste’dodli shogirdlar va undan butun umr minnatdor do‘stlar qoldi; shular safida men ham borligimdan faxrlanaman.
Uning vafoti hammamizni qayg‘uga soldi. Mening esa qaddimni, ko‘nglimni cho‘ktirib ketdi…
Rustam Qosimovning madaniy-tarixiy ildizlari bag‘oyat qadim navqiron davlatimizning shakllanishi va taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi, insoniylik fazilatlarini munosib baholash biz – O‘zbekiston ahlining burchimizdir.
Tursunali QO‘ZIYEV,
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 2-maydagi 18-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



