Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


11.05.2024 | 18:36

img380

“ELNING BAXTI YONMASIN, TINCHLIK BOʻLAVERSIN!” deya duo qiladi Bekchon buva

Daf’atan qulog‘imizga g‘alati tuyilgan bu duo buvaning xayoliga to‘satdan kelmagan – huv uzoqlarda qolgan, bundan roppa-rosa sakson ikki yil avval dunyoning u chekkasida kechayotgan, el-yurt kishilari tilida vahimalarga chulg‘angan urush – la’nati urush deganiga olib keta­yotganlarida Devsolgan qal’aning hamon ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan haybatli devorlari tagidan o‘tadigan qadim “Xon yo‘li”da eski yuk mashinasi kuzovida tengqurlari bilan bir-birlari pinjiga suqilishgancha o‘tirgan onlarida – ramaq lahzalarda shuurida uyg‘ongan va bir umr yodida muhrlangan umidbaxsh tilak bu!

O‘shanda ularni tuman mar­kazidagi eski harbiy komis­sariat binosi oldi­ga to‘p­lash­gan, ro‘yxat bo‘yicha nomma-­nom sanab, so‘ng harbiy kiyimdagi oq sochli birovi “nemislar Moskva ostonasigacha kelishgani, ularni ortiga qaytarish, mamlakat sarhadlaridan haydab chiqarish, yurtda tinchlik o‘rnatish dolzarb masalaga aylangani, bu jabhada qo‘lga qurol olib, jasorat ko‘rsatish har bir yigit­ning burchi ekani” haqida gapirgan.

Uning qulog‘iga gap kirmagan, komis­sariat binosi tashqarisida to‘plangan odamlar orasidan onasini izlagan. Ko‘z­­laridagi jiqqa yoshni ko‘y­lagining yengiga artgancha karaxt bir holda turgan mushtipar onasini ko‘rganida kecha tuni bilan tinim bilmay yo‘lga hozirlaganlari – bo‘z xaltadagi yegu­liklar bir botmon toshdek yelkasini o‘yib yuborgan…

* * *

Hazorasp – ko‘p qadim el. Necha ming yillik tarixida ne-ne jang-jadallarni ko‘rmagan. Odamlar tilida Dev­solgan (bunday bahaybat qal’ani odam bolasi tiklaganiga ishonish qiyin-da) va yana Sulaymon qal’a deb ataluvchi qadim qal’aning yoshini qadimshunoslar uch ming yildan ziyod deyishadi. Sakkiz yuz yil oldin Sulton Sanjar qo‘shini qal’ani qamalga olganida el yigitlari salkam yarim yil turib berishgan. O‘shanda Rashididdin Vatvot tilidan ko‘chgan, dushman tarafga o‘q-yoyda uchirilgan to‘rt satr she’r haqida odamlar ha­mon faxr bilan aytib yurishadi. To‘rt satrda shoir yurtni himoya qilayotgan jasur navkarlar ruhiyatini mohirlik bilan ko‘rsata olgan. She’r mazmuni taqriban shunday: “Sen qancha urinma, Hazoraspdan bir eshakni ham ololmaysan”. (Shoir “ming otliq” ma’nosini bildiruvchi “Hazorasp” atamasi misolida ajoyib so‘z o‘yini qilgan).

…19 yashar Bekchon safda turarkan, yana rahmatli otasi haqida o‘ylagan. Otasi Matnazar aka bobolari kasbi – duradgorlik bilan ro‘zg‘or tebratgan. Sovetlar yurtni o‘z ilkiga o‘tkazgach, avvalida shirkat, so‘ng kolxoz tuzganlarida tesha-tuzovini yig‘ishti­rib, hamma qatori kolxozga chiqib ishlagan.

Matnazar akaning besh o‘g‘li bor edi: Samandar, Qalandar, Ahmad, Bekchon, Erka­boy. Ularning uchovi taq­diriga qurol tutish – yurtni himoya qilish yozilgan ekan.

Samandar urushdan omon-eson qaytib keldi. Erkaboy urushdan so‘ng harbiyga olindi va taqdir ekan – tinch zamonda omonatini harbiyda topshirdi.

Bekchon aka esa…

* * *

Urushga otlangan uch yuzdan ko‘proq yigit­larni Amudaryo orqali kemalarda Chorjo‘yga yetkazishdi. U yog‘iga poyezdda to‘q­qiz kun yo‘l bosib, vaqtinchalik harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazadigan qismga – Moskva yaqinidagi poligonga olib borishdi. Harbiy tay­yorgarlik uzoqqa cho‘zilmadi – o‘rmonda biror hafta miltiqdan o‘q otish, granata uloqti­rishni o‘rgatishdi-yu, janglar avjiga chiqqan front chizig‘iga jo‘natishdi.

Bekchon va yana qirq chog‘li yigitlarni Leningrad fronti tarkibiga yuborishdi. U vaqtda hali shahar to‘la qamalga olinmagan, bos­tirib kelayotgan dushmanni ortga uloqtirib tashlash umidi bor edi.

Keyin shahar to‘la qamal holatiga tushadi. Shiddatli bo‘lmasa-da, har kun, har soatda front chizig‘i bo‘ylab qisqa janglar bo‘lib turadi. Eng yomoni, qamaldagi shaharda oziq-ovqat taqchilligi ro‘y beradi. “Katta yer”dan oziq-ovqat tashib keltirish to‘xtab qolganidan askarlarning kunlik oziq-ovqat me’yori ham oy sayin qisqartirib boriladi. Bu yoqda tinch aholi ochlikdan qirila boshlaydi…

Nemislarning shaharni bosib olmasdan, ochlik yordamida taslim qilish maqsadi ayon bo‘lgach, qo‘mondonlik askarlarning bir qismini qishda Ladoga ko‘li orqali olib chiqib, vaziyat og‘ir bo‘lgan boshqa frontlarga tashlaydi.

* * *

Bekchon buva 2-Ukraina fronti tarkibida ikki yilga yaqin qaqshatqich janglarda ishtirok etib, 1944-yilning oktyabr oyida og‘ir yaralanadi. Ikki oydan ziyod harbiy gospitalda davolangach, uni “harbiyga yaroqsiz” deb topib, zaxiraga bo‘shatishadi.

“1944-yilning 15-dekabri kuni uyga keldim, – deb gurung beradi keksa jangchi. – Karvak qishlog‘idan urushga ketgan men tengi va yoshi katta yigitlarning o‘n beshi halok bo‘lgani haqida “qora xat” kelgan ekan. Keyin yana qancha shumxabar keldi…

Qishloqlarda ham ahvol yaxshi emasdi. Bor oziq-ovqat frontga olib ketilganidan yurtda ocharchilik ro‘y bergan, ko‘p odamlar paxtaga o‘g‘it o‘rnida ishlatiladigan kunjarani ilojsizlikdan yeb, jigarlari ado bo‘lib, bevaqt vafot etishgan. Ustiga ustak, ikki yil ketma-ket tarqagan vabo ham ko‘p­­larning yostig‘ini quritgan. Kolxozning og‘ir ishi qariyalar, xotin-qizlar, hali suya­gi qotmagan o‘smirlarga qolgan ekan. Onam-u yaqinlarim diydoriga to‘ymasdan kolxoz ishiga chiqib ketdim. Meni chorvachilik fermasiga ishga yuborishdi. Tezroq urush tugasin, yurtda tinchlik bo‘lsin, deb kecha-yu kunduz ishladik. Urush vaqti kolxozchilarga ish haqiga “ish kuni”ga qarab bug‘doy berishardi. Onam, ukalarim va men ochdan o‘lmasligimizga yetarli bug‘doy olsak, do‘ppimizni osmonga otardik.

Ey, urushning nomi o‘chsin! Ne azoblarni ko‘rmadik. Qishlog‘imizdan urushga ketgan yigitlarning yarmisiyam tirik qaytmadi. Aksariyati nogiron bo‘lib qaytishdi…”

Bekchon buva nafaqaga chiqqunicha chorvachilik fermasida ishladi.

* * *

Hozir 103 yoshni qarshilayotgan Bekchon buvaning xotirasi yaxshi, ammo quloq­lari chala eshitadi. Suhbatimizda nevaralari Shohistaxon “tilmoch”lik qildi.

“Buva, so‘rashyapti, Ro‘zi enam bilan qachon to‘ylaringiz bo‘lgan?”

“To‘y? Qanaqa to‘y? Ro‘zi enangga uylangan vaqtim – urush endi tugagan davrlarda to‘y bormidi? Odamlarda qorin qayg‘usi. Hozirgidek kelinga bo‘xcha-bo‘xcha kiyim bormi, “qalin” degani qayda? O‘n kilocha guruch damlab, yaqinlarni chaqirib, enangni tushirib olganman. Hozir odamlar to‘kinlikdan ming odamni chorlab, katta-katta to‘ylar qilishyapti. To‘yxona deganlari chiqdi. Turli yeyimliklarni stollar zo‘rg‘a ko‘taradi. Shu kunlarga yetkaz­ganiga shukr! Lekin uvolniyam unutmaslik ke­rak…”

* * *

Bekchon buva Ro‘zi momo bilan butun umr kolxozda ishlab, katta ro‘zg‘orni tebra­tishdi. Farzandlari ketma-ket tug‘ildi: Qodir, To‘ti, Riyimbergan, Ra’no, Salima, Gulbahor, Gulchehra, Xudoyberdi… Katta farzandlari allaqachon qarilik gashtini surishmoqda. Barchalari ajdodlaridan meros shu qishloqda muqim yashashyapti.

Terapevt shifokor o‘g‘li Riyimbergan har kuni otasi holidan xabar oladi – yuz bilan yuzlashgan qariya doimiy nazorat va tibbiy yordamga muhtojlik sezadi.

Bekchon buvadan nevara, chevara va evaralari haqida so‘raymiz. Buva lahza o‘y­lan­masdan yod bo‘lib ketgan raqamlarni takrorlaydilar:

“Xudoga shukr, hamma farzandlarim ha­yot. 36 nafar nabiram, 120 chevaram va 16 nafar evaram bor. Evaralarim soni yil sayin oshyapti. Shularning to‘ylarini ko‘ray, deb niyat qilaman”.

* * *

Buva gap orasida qiziq bir taqqoslashni keltirdilar:

“Bugun ham sovetlarni maqtaydigan bor. Ammo o‘sha zamonda Xorazmda oddiy paqir yoki mix ham tayyorlanmas edi. Buni qarang, hozir Xorazmda yengil mashinalar ishlab chiqarilmoqda. Mashina chiqadigan Pitnak shahri bizlarga besh qadam. Shu kunlarni ham ko‘rdik-a! Bizlar urushga ketgan davrda Hazoraspda ikki qavatli bino degani yo‘q edi. Hozir qishloqlarda besh va yetti qavatli turar joylar tiklanyapti. Qishloqlar shaharlardan qolishmaydi. Har qadamda to‘yxona – ku­nora to‘y! Elning baxti yonmasin, yurt boshida turgan insonlar omon bo‘lsinlar!”

* * *

Yana bir ta’sirli holat. Bekchon buva gurungimiz davomida Xorazmda necha nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi qolgani haqida so‘radi. Yaxshiyam, kuni kecha viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Odilbek Odamboyevdan shu haqida ma’lumot olga­nim, aks holda yer chizib qolar ekanman.

“Besh nafar qolibsizlar, buva! Gurlandan Bobojon Madaminov, Qo‘shko‘pirdan Vafo Is­kan­darov, Urganch shahridan Sobir Qurbo­nov, Yangibozordan Amin Matniyozov va siz”.

Buva chuqur xo‘rsinadi: “Mingdan birimiz qolibmiz-da! U yoqlarda – begona tuproqlarda qolganlar qancha edi? O‘zim tengi, birga o‘ynab-o‘sgan yigitlardan yetti nafari urushdan qaytmadi…”

So‘ng yana so‘raydi: “Qolganlarning eng yoshi kattasi kim ekan?”

“Gurlanlik Bobojon buva 105 yoshda ekan­lar. Qolganlari 101-99 yoshlarda, sizdan kichikroqlar”.

“Urush bo‘lmasin-da, bolam. Bu “Afg‘on urushi” degani ham qancha yigitlarning umriga zavol bo‘ldi. Hozir ham televizorda ko‘zim tushadi – men sakson yillar oldin qon kechgan Ukrainada yana urush bo‘layotgan ekan. E, attang!.. Ne-ne g‘o‘r yigitlar behuda o‘lib ketadi. Bizning avlod azob-u uqubatlarni ko‘rdik, shuning o‘zi yetmasmidi! Shu kecha-yu kunduz yolg‘iz tilagim: xalqimizning baxtiga urush bo‘lmasin! Bizlar ko‘rdik, endi avlodlarim ko‘rmasin! Tinchlikning qadriga yetib yashaylik!”

* * *

Urush degan baloyi ofat o‘chog‘ini o‘chirish uchun qon kechgan, qolgan butun umrini tinch mehnatda kechirib, bir etak farzandlari kelajagini yaratgan Bekchon buva huzuridan qaytar ekanman, yo‘lim o‘sha qadi­miy Devsolgan qal’a poyidan tushadi. Uch ming yillik tarixga ega vohadagi eng “keksa” qal’a xarobalari bugun go‘yo qaytadan yasharmoq­da. Prezidentimizning yurtimiz sayyohlik salohiyatini oshirish borasidagi tarixiy farmonidan so‘ng Xiva shahri qatorida Hazorasp ham xalqaro sayyohlik yo‘nalishiga kiritildi. Bugun ko‘hna qal’ani qayta ta’mirlash, bu yerda hunarmandlik rastalari, rassomlik us­ta­xonalari, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bunyod qilingan. Deyarli har kuni dunyoning turli burchaklaridan tashrif buyurgan sayyohlar qadim qal’ani hayrat bilan tomosha qilishadi. Ajdodlari­miz yaratgan me’moriy obidalar ta’rifi bahri muhitlar oshgan. Xalqaro sayyohlar oqimi ko‘payishini inobatga olib, vohaga tezyurar elektr poyezd yo‘li tortilmoqda.

Ushbu temir yo‘l tarmog‘i qadim Devsolgan qal’a yaqinidan o‘tgan.

Sakson ikki yil oldin urushga ketayotib Bekchon buva ajdodlari tiklagan qadim qal’a devorlariga boqib, yurtga sog‘-omon qaytishni, bobolari kabi asrlarga tatiydigan inshootlar barpo etishni orzu qilgan edi. Qo‘li gul inson bu orzusini mustaqillik yillarida farzandlari ochgan bog‘dorchilik fermer xo‘jaligida amalga oshirdilar. Buva o‘z qo‘llari bilan ekkan turli mevali daraxtlar, ayniqsa ta’rifi yurt oshgan “Karvak olmasi” allaqachon mo‘l hosilga kirib, bozorlarimiz to‘kin bo‘lishiga hissa qo‘shayotir.
“Yaxshidan bog‘ qoladi” deyilmish otaso‘zi­miz yana bir qayta o‘z isbotini topayotir.

* * *
9-may – Xotira va qadrlash kuni arafasida Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov Bekchon buvani ham ziyorat qilib, Prezidentimiz sovg‘asi – 20 million so‘m pul mukofoti, shuningdek, viloyat va tuman hokimliklari­ning tuhfalarini topshirdi. Bekchon buva nabirasi tengi rahbarga hurmat yuzasidan: “Hokim buva” deb murojaat qilarkan, yurt tinchligi, obodligi yo‘lida kecha-yu kunduz orom bilmay ishlayotgan Yurtboshimiz va boshqa rahbarlarga uzoq umr, mustahkam sog‘liq tilab, duo qildilar-da, mashhur tilagini takrorladi:
– Tinchligimiz qadim qal’alarimizdek barhayot va mustahkam bo‘lsin!

Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasi 2024-yil 10-may 20-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img119

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img630

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img625