Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


27.08.2024 | 13:13

img571

HASRATLI BITIKLAR yoki XX asrning 20-yillaridagi “Oziq ishlari”dan chiqarilgan xulosa

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasidagi nodir asarlar orasida “Eski Toshkand arzoq kamitet ishlari” degan manba diqqatimni tortdi. Joyini belgilab qo‘ydim. Xayolim jadid ziyolilari va Abdulla Qodiriy faoliyatiga ketdi. Taxmin qildim. Qodiriyning shu qo‘mitada ishlaganini o‘ylab yurdim. Ichki bir tuyg‘u shu noyob manbani varaqlashga undadi. Kutubxonaga qayta bordim. Nodir bo‘limga kirib, manbalarni varaqlay boshladim…

Odatda o‘zbek matbuoti tarixini o‘rganuvchilar Ziyo Saidning “O‘zbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar” asariga tayanadi. Kitob qimmatli ma’lumotlarga boy, tartib va tasnifi ma’qul. Bi­roq bu asar XX asr boshlaridagi boshqa manba va ma’lumotlar hisobiga to‘ldirilsa, o‘zbek matbuot tarixi nisbatan tugal bo‘ladi.

Deylik, shunda Abdulla Qodiriy biografiyasi­da uchraydigan “Oziq ishlari” (“Eski Toshkand oziq shoʻbasining nashri afkori”) gazetasi ham o‘sha tarixdan joy oladi.

Gazetaning birinchi soni 1918-yil 15-mayda chop etilgan. Haftada bir marta bosilgan gazeta “Eski Toshkand arzoq kamiteti ishlari” deb nom­la­nadi. “Arzoq” so‘zi “rizq”ning ko‘pligi, ma’no va talaffuz jihatidan “oziq”qa yaqin tura­di. 1919-yil 7-yanvar 25-sonidan boshlab, gazeta nomi “Oziq ishlari” deya o‘zgartirilib, ikki haftada bir marta chiqa boshlaydi. Gazeta nomi o‘zgarib turgani uchun ilmiy adabiyotlarda uning nomlanishidagi “arzoq” va “oziq” so‘zlari ba’zan aralash keladi. Nashri qachongacha davom etgani ma’lum emas. Biroq nodir fondda saqlanayotgan ushbu gazetaning 1918-yil may oyidan 1919-yil iyuligacha chop etil­gan o‘ttiz yettita soni saqlanadi. Gazetalar jamlanma jildining ich muqovasida shunday muhim bir yozuv bor: “Ushbu “Oziq ishlari” gazetasi 1-nchisidan 9-no‘marasigacha Abdulla Qodiriy (Julqunboy) tahriri ostida nashr bo‘ldi. Men 5-no‘marasidan boshlab tarjimon o‘laroq ishladim. So‘ngra 9-no‘marasidan boshlab… (o‘qish qiyin-B.K.) oxirigacha birgina o‘zim tahririm ila nashr etildi. Mendan boshqa odam ishlagan yo‘q. “Oziq ishlari” gazetasi muharriri Habibullaxo‘ja Orifxo‘jayev”.

Gazetada berilgan ayrim maqolalarni rus­cha­dan o‘zbek tiliga Habibullaxo‘ja Orif­xo‘­ja­yev tarjima qilgan. Shuningdek, gazetada uning “Habibullaxo‘ja” imzosi bilan yozilgan maqolalari ham bor. Taxminimizcha, aynan Habibullaxo‘ja Orifxo‘jayev gazeta taxlamlarini kutubxonaga o‘z qo‘li bilan topshirgan. Ammo gazetalar kutubxonaga qaysi yili qabul qilingani aniq emas.

Gazetani varaqlay boshlayman. 1918-yil 6-iyun sonida “M.Abdulla Q.” imzosi bilan “Eski shahar oziq kamitetining o‘n bir oylik hisobi munosabati-la” degan maqola uchraydi. So‘ngra ikkinchi, uchinchi maqolalarga duch kelaman. H.Orifxo‘jayevning haligi qimmatli ma’lumotidan bir entikkan odam ahvolini endi tasavvur qiling. To‘g‘risi, Qodiriy maqolalariga yo‘liqqan odam ichki tuyg‘u va taxminlari to‘g‘riligidan tillo topgandek quvonadi. Tarixning fojialarga to‘la bo‘lgan ocharchilik davrini aks ettirgan bu qimmatli manbalar haligacha nima sababdan o‘rganilmay chang bosib yotganidan o‘kinasan ham.

Birinchi maqoladan o‘qiymiz: “Xalq o‘n bir oydan beri qanoatlanurlik darajada oziq ololmaganidan va oziq kamitetining ishsizligidan oziq kamitetiga yaxshi qaramay ishonch­sizliklar bildirib kelmoqda edi… Oziq kamiteti xalqqa eng zarur oziqlarni va boshqa nimarsalarni arzon baho ila yetkurib bermoqni o‘z zimmasiga oluvchi bir tashkilot ekanligi hech kimga yashirin emas. Binoan alayh har bir oziq tashkilotiga mutasaddi bo‘luvchi zotlarning mazkur jihatlarga rioya qilib ish ko‘ruvlari, albatta, lozimdir…”

Biroq xalqning og‘ir ahvolini yaxshilashga qaratilgan bu ijtimoiy-iqtisodiy qo‘mita yaxshi ishlamaydi. Muallif sababini yozadi. Birinchidan, “Vatanimizdagi kun bakun bo‘lib turgan tartibsizliklar, o‘zaro urushlar boshlanib, yo‘llarning to‘xtaluvi Turkistonga tayinlangan oziqlarni o‘z vaqtida yeta olmovi bo‘lsa kerak”. Ikkinchidan, “bosh taqsimiylarimizning arzimagan bahonalar ko‘rsatib, eski shahar xalqining o‘z nufusiga loyiq hissa bermovlaridir… Yo‘l buzilib g‘alla keluvi to‘xtagan vaqtlarda eski shahar xalqi shishib o‘lmoqg‘a majbur bo‘lur, ammo topilgan oziqlarning barisi yolg‘uz (ayov­lik) Rusiya dahasiga berilgan vaqtlar ham bo‘lur edi. Bosh taqsimiylar “garchi achchig‘ bo‘lsa ham” Nikolay zamonini unutmoqg‘a, har bir millatni bir huquqdagi grajdan hisoblamoq­g‘a va shunga suyalib ish ko‘rmoqg‘a, albatta, lozim edi. Lekin nima sababdandir tekizlikg‘a qarshi ish ko‘rib keladilar”.

Muallif barcha zamonlar uchun tansiq bo‘lgan ijtimoiy tenglik, adolat va insof bilan ish yuritilishi tarafdori. Biroq oziq-ovqat taqsimlovchilar bunday mezonlarga amal qilmaydi. Shunga ko‘ra, ya’ni “binoan alayh biz ayb­ning hammasini o‘z kamitetimiz ustiga ag‘dar­may bosh taqsimchilardan o‘pkalasak ­haqli­roq bo‘lamiz”, deb ta’kidlaydi. Muallif gapi­ni: “Oziq kamitetining yangi mutasaddilarining xalq uchun foydalik xidmatlarini kutuvimiz ila barobar mundan so‘ng bosh taqsimchilari­miz­ning tekizlikg‘a rioya qilib ish ko‘rushlarin umid qila­miz”, deb tugatadi. “Tekizlik” – tenglik anqo­ning urug‘i. Mahalliy aholi o‘z uyida ularga “xo‘ja bo‘lmoq istagan” kelgindi kimsalar tomonidan kamsitiladi, tahqirlanadi.

Gazetada berilgan “Kunlik oziq kartichka­lari tarqatiluv munosabati-la” nomli maqolaga “M.A.Q.” imzosi qo‘yilgan. Unda ham xalqning maishiy hayoti, turmush tashvishlari muhokama qilinadi. Aslida ish boshida turganlar “millat ayirmasi ila ish yurituvchi shaxslar bo‘lg‘oni” uchun adolatsizlikka yo‘l qo‘yishadi. Buning natijasida esa “yangi shahar grajdanlari bahuzur kun kechirib, eski shaharliklar o‘gay bola qabilindan ochlik-yalong‘ochlik”da “ochlikdan o‘lmakg‘a majbur bo‘lib keldilar”. Oldingi maqolaga mos ohangda: “Tekizlik va adolat uchun jon berib yurgan hukumatimiz, albatta, va’dasiga muvofiq ish ko‘rsa kerak”, deyiladi umid bilan. Bunda muallif adolat va haqiqat talabidagi millatparvar shaxs qiyofasida ko‘rinadi. Eski Toshkent bilan yangi Toshkent aholi­siga oziq-ovqat yetkazib berish jarayonidagi taqsimchilarning tarozisi nosozligidan norizo bo‘ladi.

“A.Q” imzoli “Iqtisodiy kuch” maqolasi gazetaning izma-iz uchta sonida beriladi. Unda Turkistondagi “kooperativ va matlubot ismidagi jamoat do‘konlari o‘z ismlariga loyiq zarracha bo‘lsin faqir xalqg‘a” foyda berma­yot­gani, aslida ular aholining maishiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilashda Daniya, Irlandiya, Ispaniya va Germaniya kabi davlatlarning tajribalariga tayanishi zarurligi ta’kidlanadi. Yevropada fao­liyat yuritgan matlubot jamiyatlari tarixiga tegishli fikrlar ma’lumot xarakterida berilgan bo‘lib, ular mahalliy xalqning madaniy sa­viyasini ko‘tarishga xizmat qilgan.

“M.Abdulla.Q.”, “M.A.Q”, “A.Q.” imzolar ega­­si Abdulla Qodiriy ekaniga shubha yo‘q. Zotan, Oziq qo‘mitasida ishlagan davrda yozgan ijtimoiy maqolalarida adib aholining ahvoli­dan xabardor, xalq uchun qayg‘urgan, moddiy ta’minotda adolat va tenglikni talab etgan faol jurnalist sifatida ko‘rinadi. Muhimi, yozuvchi qalbida ezgulik bor. U yangi kundan obodlik, to‘qchilik va yaxshilikni umid qiladi.

Abdulla Qodiriy uslubiga xos bir jihat shuki, maqolalar tilida “o‘tgan ishga salovat, deydirlar”, “ismi bor – jismi yo‘q” , “bir-birining orasida osmon ila yercha farq ko‘rilur”, “dardiga darmon bo‘lur” kabi ta’sirchan ifodalar o‘rinli ishlatiladi. Qisman bo‘lsa-da, bu maqolalarda og‘ir va mashaqqatli tarixiy davr ruhi, maishiy-ijtimoiy hayot manzarasi o‘z ifodasini topgan. Bu ifoda uning “Qimmatchilik hasrati”, “Dumbasi tushib qolgan emish” kabi kichik felyetonlari­da ham kuzatiladi. Julqunboy achinib, ku­yinib, nim tabassum va achchiq hasrat bilan qimmatchilik tufayli qiynalgan odamlar holiga oilaviy muhiti hamda o‘z hissiy kechinmalarini qo‘shib yozadi. Gohida yozganlaridan foyda bor-yo‘qligiga qaramaydi; ichkarisini bo‘sha­tishni istaydi. “Har holda hasratimni yozib, yurakimni bo‘shatib olganim uchun o‘zimni yengil kabi sezmoqdaman”, deydi.

Darvoqe, Oziq qo‘mitasi davr talabiga ko‘ra maydonga kelgani va mamlakatdagi ochar­chilikka barham berish uchun tuzilgani sir emas. Chunki 1917–1920-yillardagi ommaviy ocharchilikda “ota-onalar suyukli bolalaridan, bolalar ota-onalaridan ayrildilar”. Bu “favqulodda fojialik va falokat yillar”i bo‘lgan edi. Davr matbuotida “Ochlarga ko‘mak”, “Ochlarni unut­mangiz”, “Och qishloqqa ko‘maklasha­miz” sarlavhalar bilan xabar va maqolalar bosi­ladi. Ulardan birida Rusiyaning chekka bir o‘lka­sidagi ochlik xususida bunday gap yozilgan ekan: “Ochliq orqasidan miyasi shishgan, devona bo‘lish darajasiga yetgan dehqonlar yerda ag‘nab yotib, qattiq yerni chaynaylar ham o‘z bolalarini o‘ldirib yeyishar ekan. Boshqa kishilarning o‘liklarini yerdan kavlab olib, pishirib yeyish oddiy bir ish bo‘lib ketgan…” Oziq qo‘mitasida ishlayotgan, voqelikni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan va xabarlarni o‘qib borayotgan insonparvar, haqiqattalab qalam ahli adolat, tenglik, to‘kinlik uchun kurashdi. Inson qadrini o‘ylab, farovonlik orzusida bo‘ldi. Darhaqiqat, o‘tmish fojialariga oid bunday dalillar tarix kitoblari sahifalaridan o‘rin olmog‘i lozim. Qolaversa, o‘z vaqtida bitib qo‘yilgan tarixiy dalillar juda o‘jar bo‘ladi. Shamolda uchmaydi, o‘tda yonmaydi, o‘chirsang – o‘chmaydi…

Tarixiy muhitni teran anglash va dildan his ­etish uchun o‘sha davrning qimmatli manbalari­ni sinchiklab o‘rganish, ulardan munosib xulosalar chiqarish kerak. Aslida ocharchilik, qahatchilik zamonidagi hasratli bitiklarga na­zar­dan maqsad ham bugungi farovon turmush qadriga urg‘u berishdir. Qahatchilik zamonlarida mollar ozuqasi bo‘lgan kunjarani yeb, shishib azob tortgan va o‘lganlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan enam: “Ochlik neni yedirmas, to‘qlik neni dedirmas”, der edi. Isrofga berilish – yomon, to‘qlikka sho‘xlik, manmansirash – illat. O‘zligini anglagan oqil odam aslo bunday marazlarni o‘ziga yuqtirmaydi. Zero, har kim dunyoning qaysi bir burchagida bugun ham odamlar ochlikdan qirilib ketayotganini idrok etishi, ne’matlar qadriga yetishi, shuningdek, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun shukrona aytishi lozim.

Bahodir NURMUHAMMAD


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img119

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img630

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img624