Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


03.06.2024 | 11:52

img502

MADANIY QADRIYATLAR – TEXNOLOGIK RIVOJLANISHNING ASOSIY DRAYVERI

Akademik Ibrohim ABDURAHMONOV bilan suhbat

– Ibrohim Yo‘lchiyevich, sizning ­ilmiy faoliyatingiz doirasi so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston muhitida keng jamoatchilik nazariga tushdi. Buning sababi nimada?

– E’tirof uchun katta rahmat. O‘z faoliyatimga baho berish menga noqulay. Ba’zi so‘zlarim nokamtarlikday tuyulsa, mushtariylarimiz to‘g‘ri tushunishadi degan umid­da­man.

Biologiya sohasiga yoshligimdan qiziq­qa­nim, biolog-o‘qituvchi oilasida o‘sib-­ulg‘ayganim bois sohadagi eng “qaynoq” yoki zamonaviy yo‘nalishlarni kuzatib, bolalik paytlarimdan dunyodagi nufuzli laboratoriyalarda ishlashni orzu qilardim. Yaxshi bilasiz, o‘sha paytlarda hozirgi urf bo‘lgan atama bilan aytganda, DNK masalasi trendda edi. 1990-yillar oxiriga to‘g‘ri kelgan maktab davrimizda “qo‘shaloq zanjirli” irsiyat asosi bo‘lgan DNK bilan ishlash usuli, ya’ni uni hujayradan ajratib olish, tozalash, bir qismini “qirqib” yana qayta ulash, bir organizmdan ikkinchisiga ko‘chirib o‘tkazishni inson qo‘li bilan amalga oshirish mumkinligi meni hayratlantirgan. Nufuzli fan olimpiadalari­da qatnashar­kanman, atrofdagilar bilan ko‘proq shu masalada gaplashardik va albatta, gen muhandisligi sohasi mutaxas­sisi bo‘lish asosiy maqsadim va hayotim mazmuniga aylanib bo‘lgandi. Qo‘shaloq zanjirni kashf etgan AQShlik olim J.Uotsonning “Cold Spring Harbor” (AQSh) labo­ratoriyasiga borib ishlayman deb maq­sad qilardim, tilni o‘rgansam, unga xat yoza­man degan fikrim bo‘lardi. 

Shu tufayli biologiyaning yuqori cho‘qqiga yetaklaydigan yo‘nalishini tanladim, tinmay intildim, AQShda o‘qidim, nufuzli laboratoriyalarda ishladim va bu orqali barcha uslublarni o‘rgandim. Jamoa­miz bilan birga, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning shaxsan rahnamoligi ostida ko‘pchilikka qiziq bo‘lgan ishga, ya’ni bitta g‘o‘za tolasi hujayrasini gen injenerligi yoki “genlar nokauti” (yorug‘likning qizil va uzoq qizil nuri retseptori genini klonlab, faoliyatini susaytirish orqali) usulida uzaytirish, se­leksiya jarayonini DNK bo‘laklari bilan tez­latish mumkinligini avval laboratoriyada, keyin real g‘o‘za navlarida dalada ko‘rsatib berdik.

Bu qiziq tajriba va tadqiqot, albatta, ilmiy jamoatchilikning e’tiborini tortdi. Avval ko‘pchilik ishonmadi, biroq keyinroq kichik e’tiroflar bo‘ldi: 2010-yilda Jahon Fanlar akademiyasi (BMT, Italiya)ning nufuzli “TWAS Prize 2010” mukofotini oldim. 2013-yilda e’tirof kenga­yib, Xalqaro g‘o‘za maslahat kengashi (ICAC, Vashington, AQSh)ning “Yil olimi” mukofoti bilan taqdirlandim. Muhimi, o‘tgan 23 yil davomi­da yangi DNK texnologiyalarimizni xalqaro laboratoriyalarda kengroq tatbiq qi­lish boshlandi. Yaqinda, aniqrog‘i, 2023-yil “YUNESKO hayot fanlari mukofoti” (Fransiya)ga loyiq topilganimiz men va jamoa­miz uchun katta e’ti­rof bo‘ldi. Quvonchimiz shundaki, o‘zbek olimlarining ishlanmalari butun insoniyatga foyda keltira boshladi.

Albatta, mehnatlarimiz Yangi O‘zbekis­ton muhitida keng jamoatchilik nazariga allaqachon tushib ulgurgan edi. 2021-yili Prezidentimiz tomonidan “O‘zbekiston Res­pub­likasida xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator” faxriy unvoni bilan taqdirlandim. Ilm-fan va innovatsiya, oliy ta’lim hamda endilikda qish­loq xo‘jaligi sohalari­ni rivojlantirish vakolati va imkoniyati be­ril­ganini ham bir olim sifatida o‘zim uchun katta mukofot va imkon deb hisoblayman.

Siz tilga olgan e’tiroflar “oldin birov qilmagan, yangi yo‘nalishdagi tadqiqotlar va nostandart natijalar” samarasidir. Qolaversa, yutuqlarimiz so‘nggi yillarda jamiyatda va iqtisodiy rivojlanishda ilm-fanning o‘rni ortgani, olimning qadri-qimmati ulug‘lanib, ilmiy yutuqlarga katta qiziqish va havas bilan qaralayotgani, har bir oilada farzand kamoli ilm orqali belgilanayotgani natijasida jamoatchilik orasida keng­roq tarqaldi deb o‘ylayman.

– Siz O‘zbekiston Fanlar akademiya­si­ning Genomika va bioinformatika mar­kazini ham boshqargansiz. Hozirgi sharoitda bu Markaz tarkibiga kiruvchi ilmiy sohalarning ijtimoiy hayotdagi o‘rni qanday?

– Darhaqiqat, yuqoridagi yutuqlarga eri­shishda, Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazining tashkil qili­nishi alohida o‘rin tutadi. Prezidentimizning kelajakni ko‘rib, o‘sha yillarda jamoamizga bildirgan ishonchi va o‘z vaqtida ajratilgan moliyaviy ko‘mak tufayli 2012-yilda Markaz­ga asos solinib, 2017-yilda to‘la shakl­landi va ilmiy dargohga aylandi.

Ta’kidlaganimdek, tiriklikning mole­kulyar darajadagi tadqiqotlari hayot fanlari­ning turli yo‘nalishlarida – tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, atrof-muhit, kriminalistika va diagnos­tikadan tortib to yashil iqti­sodiyotning turli yangi chaqiriqlarigacha yechim taqdim qila oladi.

Shu bois Markaz faoliyati, ya’ni DNKni o‘rga­nish va uning asosida inson manfaatiga yo‘naltirilgan tezkor iqtisodiy yechimlar berish taj­ribasi va ko‘nikmalari, asosiysi, tajribali mutaxassislar jamoasi Yangi O‘zbekiston ijtimoiy hayotida juda muhim o‘rin egallaydi. Birgina misol, kovid pandemiyasi davridagi tezkor yechimlar, virusni tushunish, tarqalishining monitoringi hamda diagnostikasi, unga qarshi kurashish choralarida markazning o‘rni katta bo‘ldi.

– Innovatsiya degan tushunchalar ilgari oddiy davralar nari tursin, ilmiy doiralarda ham ko‘pda tilga olinavermasdi. Keyingi yillarda bu sohaning shiddat bilan hayotga kirib kelishi davr taqozosimi yoki boshqa sabablar ham bormi?

– Albatta, qaysi soha tarmog‘ini olmaylik,­ ­yangi texnologiyalar, ilmiy yutuqlar va innovatsiyalar asosida rivojlanib, takomillashib bormoqda. Innovatsiya – murakkab jarayon, biroq bir so‘z bilan innovatsiya bu – pul deyish mumkin. Ya’ni orttirilgan bilim va tajribani yoki kashf qilingan yangilik va ishlanmani sotib daromadga ega bo‘lish, mablag‘ ishlab topish, turmush tarzini yaxshilash, yengillashtirish, vaqtni tejash, mahsulotni arzonlashtirish, ommalashtirish innovatsiyadir. Innovatsiyalar daromadni oshirishga va olingan mahsulot tannarxini pasaytirishga qaratilgan bo‘lishi lozim.

Demak, keyingi yillarda innovatsiya degan tushunchaning hayotimizga shiddat bilan kirib kelishi davr taqozosi va jamiyatda insoniyat intellektining cheksiz imkoniyatiga ishonch ortishi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning asl mazmun-mohiyati ham ilm-fan va innovatsiya yordamida mamlakatni rivojlantirishga qaratilgan.

– Davlatimiz rahbarining Innovatsion rivoj­lanish vazirligini tuzish tashabbusi asosida, siz vazir vazifasiga tayinlandingiz. Keyin oliy ta’lim sohasiga ishga o‘tdingiz. Innovatsion rivoj­lanish vazirligi tashkil qilinganda ­uning oldiga qo‘yilgan vazifalar to‘la-to‘kis bajarildimi?

– Yuqorida aytganimdek, bu vakolatning shaxsan menga berilishi davlatimiz Rahbarining yuksak ishon­chi, e’tirofi va qolaversa, men uchun katta sinov va ulkan imkoniyat bo‘ldi. Maqsad – kichik tajribani kengaytirish, barcha sohalarga Genomika markazidagi yuqori texnologiyani joriy qilish va yoshlarga shart-sha­roit yaratish tajribasidan kelib chiqib, turtki berib yuborish, shuningdek, mamlakat ilm-fani, texnologiyalar va innovat­siyalari rivojlanishi ekotizimini shakllantirish asoslarini yaratish edi.

Hududimizda va yaqin davlatlarda kam uch­ray­digan Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil qilinishining o‘zi katta innovatsiya edi. Innovatsion rivojlanishni esa turli yo‘nalishlardan turib ta’minlash mumkin – kimdir yuqori texnolo­giya­lar, kosmik tadqiqotlar, IT texnologiyalar, ener­getika yoki tibbiyot, qishloq xo‘jaligini asos qilib olsa, kimdir innovatsiyalarni, masalan, turizm­ni rivoj­lantirish asosida ham olib kirgan. Esimda, vazir sifatida mamlakatning asosiy innovatsion rivojlanish yo‘lini tanlash eng og‘ir masala bo‘lgan. Prezidentimiz belgilayotgan rivojla­nish strategiyasidan kelib chiqib, 60 foiz aholimiz yoshlardan iboratligi uchun biz mamlakatda innovatsion taraqqiyotni inson kapitalini rivojlantirish orqali amalga oshirishni belgilaganmiz.

Bu keng qamrovli qadam edi va dastlab huquqiy asoslar hamda intellekt uchun sharoit, rag‘bat ekotizimini shakllantirish asosiy vazifa bo‘lgan. Qolaversa, inson kapitalini rivojlantirish uchun ta’lim alohida e’tibor talab qiladi. Bejiz emas, keyinchalik biroz muddat oliy ta’lim sohasida faoliyat yuritdim.

Maqsadga erishildimi? O‘rinli savol va nazarimda qadam davom etmoqda, natijalar ijobiy tomonga o‘zgarmoqda, desam to‘g‘ri bo‘ladi.

Eng muhimi, bu sohada huquqiy poydevor yaratildi, “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida” hamda “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi ikki yirik qonun qabul qilindi. Qisqa va o‘rta muddatli Innovatsion rivojlanish va 2030-yilgacha ilm-fanni rivojlantirish strategiyalari qabul qilinib, ishlar tizimli yo‘lga qo‘yildi. 100 ga yaqin mutlaqo yangi yondashuvli normativ-huquqiy hujjatlar tasdiqla­nishi va 30 ga yaqin zamonaviy innovatsion infra­tuzilmalar yaratilgani sohada yoshlarga imkon berilishi, ilmning qadri oshishi, rag‘batning paydo bo‘lgani ijodkorlik va erkinlik muhitini shakllantirdi.

Ilm-fan sohasiga davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hajmi 3 baravarga oshdi, yosh olimlar soni 6,5 ming nafardan 10,8 ming nafargacha yetdi. Innovatsion faoliyatni moliyalash­ti­rish bo‘yicha maxsus institutlar tashkil qilindi. Ilmiy natijalar iqtisodiyot tarmoqlariga kira boshladi, ilmiy tadbirkorlik (startap­lar) ekotizimi paydo bo‘ldi. Ta’lim qamrovi va sifati oshdi, ilmga intilish – Uchinchi Renessans uchqunlari va “zuvalasi” shakllantirildi.

Birgina dalil, islohotlar tufayli mamlakatimiz Global Innovatsion indeksda yuqorilaganini quvonch bilan tilga olish kerak. O‘zbekis­tonning Global innovatsion indeksga qaytishi va uning 8 yil avvalgi ko‘rsatkichdan 40 pog‘ona yuqorilagani – Yangi O‘zbekistonda boshlangan islohotlarning dastlabki natijasi va ko‘zlangan katta marraga qarab tashlangan birinchi qadamdir. Buni, albatta, respublikamizda olib borilayotgan shaffoflik va ochiqlik siyosati hamda innovatsion faoliyatdagi ijobiy o‘zgarishlarning natijalari, deya e’tirof etish mumkin. Biroq bu boshlanishi, katta o‘zgarishlar hali oldinda, men bunga aminman.

– O‘tgan yildan boshlab respublikamizdagi eng keng tarmoqli soha – Qishloq xo‘jaligi vazirligiga rahbar etib tayinlandingiz. Qo‘polroq tuyulsa ma’zur tutasiz, ammo sizning sohadan sohaga o‘tib yurishingiz sababi nimada? Ehtimol, barcha sohalarga innovatsion yondashuv zarurligi talabidan kelib chiqila­yot­gandir?

– Aytib o‘tganimdek, o‘tgan yillarda mamlakatning innovatsion rivojlanish poydevori yaratildi va inson kapitalini rivojlantirish chora-tadbirlari belgilanib, rivojlanish istiqbollari ta’limga integrat­siya qilindi. Tom ma’noda “g‘ildirak o‘rnidan jildi” va soha tajribali mutaxassislarga boyidi. To‘g‘ri savol qo‘ydingiz. Hali qilinadigan ish ko‘p bo‘lsa-da, tushunishimcha, innovatsiya va oliy ta’lim sohalari bilan bir qatorda iqtisodiyotimizning uchdan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga e’tiborni kuchaytirish davr taqozosiga aylandi.

Haqiqatan ham, eslab o‘tganim Global innovatsion indeks tahlillariga ko‘ra hozirgi zamo­naviy texnologik rivojlanish asrida har qanday soha­ning innovatsion rivojlanishini faqat 2 ta yondashuvgina ta’minlab bera oladi. Birinchisi bu – sohada raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo‘lsa, ikkinchisi – sohada “chuqur” ilmiy tadqiqotlar (masalan hujayra, DNK yoki genlar darajasida) asosida o‘ta aniqlikdagi yechimlar ishlab chiqishdir.

Iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va tuproq deg­radatsiyasi, oziq-ovqat xavfsizligi, sifat kabi jiddiy muammolarni yengib o‘tish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlariga qiymat qo‘shadigan, uy xo‘jaliklari daromadlarini oshiradigan yangi bozor imkoniyatlaridan foydalanishga ega bo‘lish, fermerlar va tarmoq korxonalari uchun talab qilinadigan yangi bilim, vositalar va texnologiya­larni yaratishga faqatgina ilmiy tadqiqot va innovatsiya­lar orqali erishish mumkin.

Qishloq xo‘jaligidagi innovatsiyalarning zami­rida serhosil, iqlimga mos, kasalliklarga chidamli yangi nav, yangi urug‘ hamda zot va nasl yara­tishni joriy qilish yotibdi. Bu esa intellekt va ilmiy tadqiqotlar, sohada ziyoli qatlamning rivojlanishi, sohaga nostandart yechimlar taklif qilish bilan chambarchas bog‘liq. Balki, yuqorida tilga olingan sohalarda ishlash davomida orttirgan tajriba va qishloq xo‘jaligidagi ilmiy ko‘nikmalarimni ino­batga olib menga vakolat berilgandir. Lekin bu vakolat faqat yanada ko‘proq izlanish va yangi bilimlarga intilishni taqozo qiladi. Oldingi tajriba ham, bilim ham hozirgi iqlim o‘zgarishlari va murakkab geosiyosiy davrda sohani boshqarishda yetarli emasligini yaxshi tushunaman.

– Ijtimoiy hayotda fanning o‘rni yuksak ekanini butun dunyo e’tirof etadi. Hayotda keskin va murakkab vaziyatlarda ham ilm-fan yordamga keladi. Butun dunyoni larzaga solgan koronavirus epidemiyasi keng tarqalgan vaqtlarda o‘zbek xalqi bahamjihatlikda bu ofatdan eson-omon o‘tib olgani katta yutuq bo‘lgani hech kimga sir emas. Bu jarayonda ilm-fan nechog‘li harakatda bo‘lganini, xalqimiz dardiga darmon izlaganini hamma ham bilavermaydi. Shu haqda to‘xtalsangiz.

– Darhaqiqat, koronavirus pandemiyasi har bir davlat uchun o‘z ilmiy jamiyati, olimlari va yuqori texnologik laboratoriyalari bo‘lishi, ba’zan “takrorlanish” deb qaralsa-da, strategik yo‘na­lishlarda ­ilmiy guruhlar doimiy tadqiqotlar olib borishlari zaruriyatini ko‘rsatdi. Esimda, pande­miya boshlanganda hamma kabi biz ham tushkunlikka tushdik, vaksina yetishmovchiligi, mab­lag‘ bo‘lsa-da, tasdiqlangan vaksinalarni olol­maslik xavfi juda tashvishli edi. Bu borada tez ilmiy qarorlar chiqarib yechim topish uchun jonkuyar olim­larimiz, innovator yoshlari­miz, avval yaratilgan yuqori texnologik laboratoriyalari­miz­ning bor­ligi, hurmatli Prezidentimizning qat’iyatli qaror­lari va ko‘maklari dalda bo‘ldi.

Genomika va bioinformatika hamda Ilg‘or texnologiyalar markazlarida jamoamiz bilan O‘zbekis­tonga kirib kelgan koronavirusning barcha genotip­lari genomlarini o‘rganib (aytish kerak­ki, bir virus 29 ming nukleotid zanjiridan iborat), mutatsiyalanib borishini baholadik va koronavirus genomini o‘qishga muvaffaq bo‘lgan 50 ta mamlakat qatoridan joy oldik. Natijalar nufuzli jurnallarda chop etildi. Koronavirus genomidagi mutatsiya­larga tayanib, o‘sha paytda juda tanqis bo‘lgan virusga PZR (polimerli zanjir reaksiyasi) testlar to‘p­lamlarini yaratib, hukumatimiz ko‘magida, oyi­ga 1 mln dona mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik, testlar arzonlashdi. Aholimizning katta qatlamini tahlil qilish imkoniyati yaratildi. PZR testlarining keng yo‘lga qo‘yi­lishida, har bir nuqtadagi mutaxassislarni tayyorlashda O‘zbekiston genomika maktabi katta uslubiy ahamiyat kasb etdi. 

Davlatimiz Rahbarining siyosiy irodalari va tashqi aloqalardagi o‘zaro ishonch diplomatiyasi tufayli xitoylik olimlar bilan mutlaqo yangi avlod gen-muhandisligi asosida rekombinant oqsil vaksinasini yaratib, qisqa muddatlarda 3-faza klinik sinovlarini yakunlashga erishdik. Muhimi, 11 million doza yuqori vaksinani mahalliy kor­xonalarimizda ishlab chiqishni yo‘lga qo‘ydik. Shu orqali emlanish zarur bo‘lgan 22 milliondan ortiq aholimizning 66 foiziga, ya’ni 14 million kishiga vaksina o‘z vaqtida yetkazib berilib, ko‘plab og‘ir asoratlarning oldi olindi. Bu ilm-fanning kuchi va katta yutug‘i bo‘ldi deb o‘ylayman.

Muhimi, koronavirusning O‘zbekistonda tavsif­lan­gan genomlari asosida olimlarimiz tomonidan kovidga qarshi 6 ta yangi nomzod vaksinalar yaratildi. Shundan pomidor asosida yaratilgan iste’mol qilinadigan “TOMAVAK” va virus oqsili asosidagi “RENOVAK” vaksinalari klinikoldi sinovlaridan o‘tib, ilmiy maqolalar chop etildi.

– Ilm-fan intellektual salohiyatni yuksaltirishi, xalq boyligi ekani bor gap. O‘zbekiston  bu sohaga juda katta e’tibor qaratayotganini dunyo e’tirof etmoqda. Xo‘sh, xalqimiz ha­yotida, respublikamizda kechayotgan islohotlarda ilm-fanning o‘rni qanday bo‘lmoq­da? Ilmiy ishlar, ayrimlar o‘ylaganchalik, papka­larda qolib ketma­yap­timi, hayotga yangilik olib kiryaptimi, foydasi tegyaptimi? Ko‘pchilikni shu savollar qiziqtiradi.

– Bu o‘rinda davlatimiz Rahbarining ilm-fanga bo‘lgan e’tiborini va ilm namoyandalariga bo‘lgan yuksak ehtiromini tilga olib o‘tish kerak, albatta. Prezidentimiz 2017-yilning 30-dekabr kuni mamlakatimizning yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda: “Bugungi zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilmoqda. Zotan, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz ­yechish qiyin. Mazkur sohani va olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimizning ustuvor vazifalaridandir”, deb ta’kidlagan edi. Oradan qisqa muddat o‘tib, tizimni isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Endilikda bu soha tubdan o‘zgaradi. Ilm-fanni yaqin va uzoq kelajakda rivojlantirishning asos tamoyillari ishlab chiqiladi, fanga ajratiladigan mablag‘lar esa kamida o‘n baravar oshiriladi.

Hozirda ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirishning 17 ta maqsadli ko‘rsatkichlari aniq belgilangan bo‘lib, ularga muvofiq, 2025-yilga qadar ilm-fanga yo‘naltiriladigan jami mab­lag‘larning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushini 6 baravarga (1,2 foiz), 2030-yilgacha esa 10 baravarga (2 foiz) oshirish maqsad qilingan. Bu mamlakatimiz uchun juda muhim qadam hisoblanadi.

Shuningdek, 2025-yilga qadar ilm-fanni umu­miy moliyalashtirish hajmida ilmiy-tadqiqot va taj­riba-konstruktorlik ishlariga xususiy sektor tomonidan ajratiladigan mablag‘lar ulushini amaldagi 8 foizdan 20 foizga, 2030-yilgacha esa 30 foizga yetkazish, innovatsion ishlanmalar va startap loyi­halarni moliyalashtirish maqsadida xorijiy yetakchi investitsiya kompaniyalari bilan hamkor­likda (2021-yilda 2 ta, 2025-yilda 10 ta) venchur fondlarini tashkil qilish amalga oshirilmoqda.

Qolaversa, ilmiy-innovatsion loyihalarni qo‘­shim­cha moliyalashtirish maqsadida O‘zbe­­kis­­tonda milliy innovatsion tizimni shakllantirish uchun 50 million AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli zayom mablag‘lari Jahon banki tomonidan tasdiqlandi va amalga tatbiq qilinmoqda. Bu olim­lar uchun dunyo fani darajasidagi chinakam raqobat muhitini yaratdi.

2018–2022-yillarda ilmiy va ilmiy-tadqiqot muas­sasalari tomonidan ilmiy ishlanmalarni tijorat­lash­tirishning umumiy qiymati 455 milliard so‘mni, jumladan, ishlab chiqarilgan yangi mahsulot haj­mi 367 milliard so‘mni va ko‘rsatilgan xizmatlar haj­mi 88 milliard so‘mni tashkil etdi. Innovatsion faol tadbirkorlik subyektlari soni 600 tadan 1500 taga, ichki va tashqi bozorlarda tijoratlashtirilgan ilmiy ishlanmalar soni 300 taga yetdi. Bu keyingi yillarda Global innovatsion indeks pog‘onalarida yanada yuqoriga ko‘tarilish va albatta, 2030-yilga kelib ilg‘or 50 mamlakat qatorida bo‘lishimiz kafolatidir.

Ilmiy ishlanmalarga qaytadigan bo‘lsak, ­ularni joriy qilish yoki innovatsiyaga aylantirish bora­sidagi muvaffaqiyatlar negizida milliy qadriyatlarni, mafkurani, madaniyatni inobatga olish ham yotadi. Aytmoqchimanki, har qanday ilmiy kashfiyot, ishlanma yoki biror chet el texnologiyasini jamiyatga ko‘r-ko‘rona joriy qilib bo‘lmaydi. Bunday urinishlar besamar ketaveradi. Innovatsiyalarni madaniyat va milliy qadriyatlar nuqtayi nazari bilan boyitish va moslashtirish yangi inno­vat­siyalarning ommalashishida, soddaroq qilib aytganda “bozorgirligi”da muhim o‘rin tutadi. Innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilishda madaniy qadriyatlarga “yumshoq” komponent emas, balki texnologik rivojlanishning asosiy drayveri sifatida qarash lozimligi bugungi rivoj­lanishimiz va kelajagimizning kafolatidir. Qishloq xo‘jaligi sohasi ham bundan mustasno emas.

– O‘zbek xalqining dehqonchilik madaniyati qadim-qadimdan shakllanib kelgan. Ma’lum davrlarda qishloq xo‘jaligi resurslari g‘orat qilingani, muammolar yerlarni shudgorlashdan tortib urug‘ tanlashgacha, sug‘orishgacha ko‘pa­yib borgani sir emas. Bu muammolarni bartaraf etishda ilm-fan qanday ko‘mak bermoqda?

– Ajdodlarimiz asrlar davomida qishloq xo‘jaligi bilan faol shug‘ullanib kelgani bois bu borada katta tajriba maktabi yaratilgan. Biroq dunyo miq­yosida ro‘y berayotgan keskin iqlim o‘zgarishi va kutilmagan tabiat injiqliklari agrar sohada mehnat qilayotgan fermer va dehqonlardan bunday katta tajriba bilan birga ilm-fan yutuqlari va innovatsion yechimlardan ham samarali foydalanishni talab etmoqda. Bundan tashqari, yildan yilga global muammo sifatida e’tirof etilayotgan suv resurslarining yetishmasligi, yerlar degradatsiyasi kabi muammolar agrar sohada faqatgina ilm-fan yutuqlari va soha olimlarining ko‘p yillik izlanishlari natijalariga ko‘ra ish ko‘rishni taqozo qilmoqda.

Darhaqiqat, davlatimiz Rahbari o‘z chiqishlari­da qishloq xo‘jaligida unumdorlikni oshirish, tannarxni kamaytirish, suvni tejash zarurligini ta’kidlaydilar. Afsuski, yurtimizda bir gektar maydondan olinadigan o‘rtacha hosil ilg‘or mamlakatlardagiga qaraganda ancha kam. Lekin o‘g‘it ham, yoqilg‘i ham, suv ham 2 karra ko‘p ishlatiladi. Shu bois xorijdan serunum chigit va urug‘lar olib kelib, dehqonlarni yangi agrotexnologiyalarga o‘qitib, hosildorlikni paxtada 50 sentner, g‘allada 100 sentnerga yetkazish ustida ish olib borilmoqda.

Shuningdek, respublikamizning jami sug‘orila­digan ekin maydoni 4,3 million gektarni tashkil etadi. Ularning salkam yarmi esa turli darajada sho‘rlangan. Buni qarangki, iste’molchilar soni ko‘paymoqda, lekin mahsulot yetishtirish imkoniyatlarimiz tobora kamayib bormoqda. Shu­ning uchun bu kabi muammolarga ijobiy yechim topish uchun birinchi navbatda, ilm-fanga taya­­nish, suyanish lozim. Ya’ni sohada zamonaviy ilmiy ishlanmalarni, innovatsion g‘oyalarni qo‘llash orqaligina masalaga yechim topish mumkin.

Hozirgi paytda qishloq xo‘jaligi tizimida 10 ta oliy ta’lim muassasasi, 26 ta professional ta’lim maskani, 21 ta ilmiy-tadqiqot instituti hamda 51 ta ilmiy-tajriba stansiyasi mavjud. Ularda faoliyat olib borayotgan 3 mingdan ziyod xodimning 790 nafari bevosita ilmiy izlanish­lar bilan mashg‘ul.

O‘zbek olimlari qishloq xo‘jaligi ekinlari genomi chuqur molekulyar tahlillari asosida zamonaviy markerlarga asoslangan seleksiya das­turlarini jo­riy qilgan. Bu an’anaviy seleksiya usullaridan kam vaqt va mablag‘ talab etishi bilan ustundir. Natijada O‘zbekistonda ilk bor RNK interferen­siya – genlarni “o‘chirish” texnologiyasi yordamida ­yangi hosildor, ertapishar va tola sifati yaxshilangan biotexnologik “Porloq” turkumidagi g‘o‘za navlari yaratilgan va parvarish­lanib kelinmoqda.

Shuningdek, aynan shu texnologiyani qo‘llash orqali, g‘o‘zaning “Bardosh”, bug‘doyning “Bar­kamol” va kartoshkaning “Bisyor” navlari olinib, fermer xo‘jaliklarida dastlabki sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi. Qolaversa, g‘o‘zada bir vaqtning o‘zida qurg‘oqchilik, sho‘rxoklik va sovuq stress­lariga javob beruvchi gen aniqlanib, mahalliy navlarga tatbiq etildi. In-vitro usulida yangi virusga chidamli qishloq xo‘jaligi ekinlarini olish tajribalari ham natijadorligi bilan ahamiyatlidir. O‘zbekistonda mana shunday 7 ta yuqori texno­logik in-vitro korxonalari fao­liyat yuritib, yiliga virusdan xoli 15 mln dona meva ko‘chatlari yetish­tirilmoqda.

Endigi ustuvor vazifa qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi muammolarini muvaffaqiyatli hal qilish uchun yanada zamonaviy biotexnologiyalarni joriy qilish, genomika bilan bog‘liq yangi yo‘na­lish­larni rivojlantirishdir. Xususan, genomni aniq tahrirlash (CRISPR-Cas9), “speed breeding”, genom seleksiya va markerlarga asos­langan seleksiya texnologiyalarini hamda sintetik biolo­giyani keng rivojlantirish muhim.

Bu ekinlarning zararkunandalar, kasallik­lar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq og‘ir ekologik sharoit­larga chidamli navlarini yaratishga imkon beradi. Bundan tashqari, prognoz modellashtirish, mashinal tadqiq (machine learning) va sun’iy intellektni tatbiq etish zarur. Bu genom ma’lumotlari asosida genetik xususiyatlarning eng istiqbolli kombinatsiyalarini prognoz qilishga yordam beradi va yangi navlarni yaratish uchun ketadigan muddatni qisqartiradi. Shuning­dek, suvdan foydalanishni optimallashtirish va tuproq deg­radatsiyasini kamaytirishga erishiladi.

– Jadid bobolarimiz ichida agrar soha rivojiga kimlar hissa qo‘shgan, deya olasiz?

– Jadid bobolarimizdan bir necha nafarini misol qilish mumkin. Ular el-u yurtni ravnaq toptirish, xalqqa, ayniqsa, yoshlarga yangicha uslubda ta’lim-tarbiya berishga katta e’tibor qaratishgan, shu maqsadda chet tillarini mukammal o‘rganib, xorijda tahsil olish orqali zamonaviy bilim va taj­ribalarni yurtimizga olib kelgan. O‘sha davrning iqtidorli yoshlari orasida Solih Muhammedovni misol qilsa bo‘ladi. U 1924–1927-yillar mobaynida Germaniyaning Shtutgart shahridagi Oliy ziroat akademiyasida bog‘dorchilik-agronomiya yo‘nalishida tahsil olib, tug‘ilib o‘sgan yurtiga tayyor agronom kadr bo‘lib qaytgan.

U mehnat faoliyatini Kattaqo‘rg‘ondagi tajriba stansiyasida boshlab, so‘ng Samarqanddagi urug‘chilik boshqarmasi rahbari bo‘lib ishlaydi. Qay­si mas’ul lavozimda faoliyat olib bormasin, sohani ilmiy jihatdan o‘rganishga, yangi tajribalar orttirishga katta ahamiyat qaratadi. Keyinchalik u Davlat urug‘chilik boshqarmasi rahbari bo‘lib ishlaydi.

Yana bir bobomiz xorazmlik Olimjon Qodiriy ham Moskva, Berlin shaharlarida tahsil olgan. U 1923–1927-yillarda Germaniyaning Visen­xauzen shahridagi Qishloq xo‘jaligi akademiyasi­da ta’lim olgan. Yevropada oliy ma’lumot olgan o‘zbek agronomi Olimjon Qodiriy O‘zbekistonga qaytib kelib, Samarqand qishloq xo‘jaligi institutining “Tuproqshunoslik va umumiy yer ishi” kafedrasida mehnat qiladi va aspiranturada o‘qiydi. U qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish va bu sohadagi o‘zbekcha darsliklarni ko‘paytirish yo‘lida samarali faoliyat olib borgan.

Toshkentlik Abduvahob Murodiy bobomiz esa Berlin Oliy ziroat maktabini bitirgan. U O‘zbekistonning birinchi diplomli agronomidir. Abduvahob Murodiy paxta ishlarini har tomondan o‘rganish uchun Misrda bo‘lib, Paxta jinsini yaxshilash insti­tutida tajriba orttiradi.

U Germaniyadan keltirgan bolalar adabiyoti namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qiladi, shu­ning­dek, o‘zi ham qator darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratadi. Jumladan, “Botanika”, “Paxta yetish­tirish usullari” kabi kitoblari shu paytda chop etiladi. Abduvahob Murodiy Shreder nomidagi Bog‘dorchilik ilmiy-tekshirish institutida direktor muovini vazifasida ham faoliyat yuritgan. Ha, bobolarimiz ilm-ma’rifat egallash hamda ona Vatanga xizmat qilishni sharaf deb bilgan. Zero, bu xislat xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Bugungi kun yoshlari ularning sharafli hayot yo‘lidan ibrat olib, ilm o‘rganish, yaratuvchanlik, izlanish bobida tinimsiz g‘ayrat qilishsa, katta natijalarga erishishlariga shubha yo‘q.

– “Jadid” gazetasi mushtariylariga tilak­laringiz.

– Mushtariylarga millat sifatida nechog‘lik qadimiy va ulug‘ ekanimizni doim yodda tutishlarini, ajdodlarimiz qoni hamon tanamizda oqayotganini esdan chiqarmasligi – bundan g‘ururlanishi, jadid bobolarimiz kabi millat va Vatan qayg‘usi bilan yashashni odat qilishi, marrani baland olishi, qad­riyatlarni e’tiborsiz qoldirmasligi, kelajak avlod oldidagi mas’uliyatni doimo yodda tutgan holda, yashashlarini tilayman.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Ezgu tilaklar o‘zingizga ham yo‘ldosh bo‘lsin!

Iqbol MIRZO suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 31-may | 23-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img123

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img633

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img628