Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


27.08.2024 | 10:25

img433

TELENOVELLALAR NIMANI TARGʻIB QILMOQDA?

Yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir izohni o‘qib qoldik. “Avvallari kinolar hayotdan olinardi, endi hayotimiz kinolardan olinyapti”, deya yozgan izoh muallifi. Shu bir og‘izgina jumlada bugungi media olami, TVlarning umumiy manzarasi va ularning hayotimizga ta’siri juda aniq ifodalangan.

Biz o‘zbek ma’naviyati, tarbiyasi, odob va axloqi haqida ming jon kuydirib gapirmaylik, millionlab xalqimiz tomosha qiladigan kundalik dasturlar hatto Gollivud filmlarida ham ko‘tarilmaydigan jirkanch va tabu mavzularni namoyish etayotgan bo‘lsa, barcha harakatlarimiz benaf ketadi. Ijtimoiy tarmoqlarda behayo kontentlar ko‘pligidan noliymiz. Ular bir ummonday gap – bir o‘zanga yig‘ishning, boshqarishning imkoni yo‘q. Biroq telekanallarimiz tomoshabin oldidagi mas’uliyatni his qilmayotgani, efirga berilayot­gan seriallar-u telenovellalar oldida ijtimoiy tarmoqlar ham ip eshol­may qolayotgani achchiq haqiqat. Bu holatga ziyolilar befarq qarab turmasligi, efirdagi kontentlarning yaxshi tomonga o‘zgarishi uchun munosabat bildirishi zarur deb o‘ylayman.

Seriallar haqida uzoq gapirish mumkin, lekin biz diqqat qaratmoqchi bo‘lgan jihat – telenovellalar masalasi. Bir paytlar telenovella deganda asosan “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvini tushunardik. Unda hayotda uch­rab turadigan turli illatlar, oilalardagi nosog‘lom munosabatlar o‘ta mahorat bilan ko‘rsatib berilardi. Albatta, novella so‘ngida qissadan hissa aytilardi, ya’ni tomoshabinga bu voqea orqali yetkazmoqchi bo‘lgan mushohadalar bayon etilardi. Bugun efirga uzatilayotgan novellalarning mavzusi, syujeti o‘z yo‘liga, ammo ularning “ko‘rish”lar soni izidan quvib, har qanday xaypga berilayotgani, trendbop voqeliklarni bo‘rt­ti­rib, beparda aks ettirayotgani achinarli. Nafaqat achinarli, balki kishini xavotirga ham soladi.

Telenovellalar kecha yoki bugun pay­do bo‘lgani yo‘q. Bu telejanr aslida serialga uyg‘un tarzda Lotin Amerikasida chiqarilgan to‘liq syujetli telese­rial hisoblanadi. U 1950-yillarda paydo bo‘l­gan va bora-bora Lotin Amerikasi mam­lakatlarida televideniyening aso­siy janriga aylangan. Telenovella formati serialga o‘xshab ketsa-da, xilma-xil syujetlar va turfa qahramonlar taqdirini ko‘rsatib berishi bilan Amerika seriallaridan farq qilgan. Amerika telenovellalarida ham ko‘pincha er-xotin va ularning oilaviy hayoti syujetning asosi­ni tashkil etgan. Bundan tashqari, telenovellalarning cheklangan trans­lyatsiya muddati taxminan olti oyni tashkil qilgan va epizodlar soni 180 dan 200 tagacha o‘zgarib turgan. Mabodo rey­tingda muvaffaqiyat qozongan taqdirda bu raqam yanada ko‘paygan.

1950 va 1960-yillardagi telenovellalar asosan romanlar yoki boshqa adabiy asarlarning ekranga moslashtirilgan talqini bo‘lib, faqat bir nechta Lotin Amerikasi dramaturglarigina telenovellalar uchun original hikoyalar yozib berishgan. 1960-yillarning oxiriga kelib, prodyuserlar telenovellalarni suratga olingan mamlakatning madaniy muhitiga bog‘liq qilib, original ssenariy­lar yarata boshlagan. O‘sha yillarda Lotin Amerikasida faqat telenovellalar ishlab chiqaruvchi maxsus televizion tarmoqlar tuzilib, ular butun dunyoga o‘z mediamahsulotlarini eksport qilishgan. 2018-yilga kelib, butun dunyoda telenovellalarning mashhurligi pasaya boshladi. Bizda esa shu vaqtga kelib ular ommalashdi. Bugun ularning soni kundan kunga ko‘payib bormoqda. Sir emaski, hozirda telenovellalarga xusu­siy telekanallarning asosiy reytingbop das­turlari sifatida qaralmoqda.

Xususan, “Milliy” telekanalida “Iqror”, “Zo‘rTV” telekanalida “Saboq”, “Taq­dirlar iskanjasi”, “Sevimli” telekanalida “Taqdirlar”, “Mening yurtim” telekanalida “Vo ajab” kabi turkum telenovellalar taqdim etilmoqda. Bu mediamahsulotlar asosan praym-taym vaqtida namoyish etiladi. Bu aynan odamlar dasturxon oldiga kelib, televizor qarshisiga joylashgan paytga to‘g‘ri keladi.

Telekanallar ushbu novellalarni efirga uzatishdan tashqari, ularni o‘zlari­ning “YouTube” ijtimoiy tarmog‘idagi kanallariga ham joylab borishadi. Eng ko‘p e’tirozga sabab bo‘ladigan jihat, aynan shu asarlarning “YouTube”dagi sarlavhalari bilan bog‘liq ekanini aytish lozim. Gap shundaki, bunday tele­novellalar ko‘proq ko‘rilishi, odamlarni jalb etishi uchun na etika, na mantiqqa to‘g‘ri keladigan nomlar bilan joylashtiriladi. Biz maqolani yozish chog‘ida “YouTube” tarmog‘iga qo‘yilgan ushbu telenovellalarni qayta ko‘rib chiqdik va “kishi diqqatini tortadigan” nomlardan ba’zilarini sizga ham havola qilishni lozim topdik. Masalan, “Iqror” telenovellasining turli qismlari “Teng tengi bilan…”, “Shilqim qaynota”, “Kuyovning mebeliga kelinning pardasi mos kel­madi”, “Do‘s­timning ayoli menga yoqadi”, “Erga tega olmayotgan qiz”, “Onasi tanlaganiga uylangan yigitlar to‘ydan keyin bosh­qa qizni sevib qolishsa nima qilish kerak?”, “Ovsinimning nayranglari”, “O‘g‘ri qizlar”, “Qo‘shnimning xotinini sevib qoldim”, “Begona kelin” va hokazo nomlar bilan atalgan.

“Sevimli” telekanalining “YouTube”­dagi sahifasiga “Taqdirlar” telenovellasining turli qismlari “Qizini pullagan ota”, “O‘g‘ri kelin”, “Mahr mashmashasi”, “Otasini o‘ldirgan narkoman o‘g‘il”, “Ziqna qaynonam o‘zini o‘ldirdi”, “Ikkinchi eridan baxtini topgan ayol”, “Erimga mehr berishni kundoshimdan o‘rgandim”, “Alkash ota qizini…” kabi nomlar bilan joylashtirilgan. Yoki yaqindan “Zo‘rTV” telekanalida efirga berilayotgan “Taqdirlar iskanjasi” tele­novellasi sonlariga “Pochcham meni zo‘rladi”, “Kelinim meni o‘qitgan”, “Ovsi­nim­ni o‘ldirdim”, “Ko‘chadagi ayol­­larning makri”, “Irimchi qudalar”, “Qimorga tikilgan qiz”, “Kelinimdan jirkana­man”, “Qaynonam aktrisa ekan” kabi sarlavhalar qo‘yilgan. Avval­roq namo­yish etilgan “Saboq” tele­novel­lasi­ning qismlari esa “Go‘zalligiga aldangan qiz”, “Kelinini o‘ldirib qo‘ygan qaynona”, “O‘z uyimdan quvildim”, “San’atkorni xo‘rlagan qaynona”, “Qay­niukam tegajog‘lik qildi”, “Otam meni boyga pullamoqchi”, “Bir uyda ikki kundosh”, “O‘lgan erim qaytib keldi” kabi nomlar bilan “YouTube” sahifasiga joylashtirilgan. Afsuski, ular 500 ming, 1 mil­lion, ba’zilari 2 milliondan oshiqroq tomosha qilingan.

Balki telenovellalar ijodkorlari­ning niyati ezgudir, ular o‘zlari tas­virga olgan telenovellalar orqali odamlarni egri yo‘ldan qaytarmoqchi, to‘g‘ri yo‘lga burmoqchidirlar. Lekin bu kabi mavzular, hayotni bu qadar tubanliklar va jirkanch manzaralar bilan to‘lib-toshgan ko‘rinishda tasvirlash teskari natijalar bermayaptimikin? Reyting uchun “ko‘rish”lar soni ketidan quvaverib, xalqimizning fitratini buzib qo‘yishdan qo‘rqmaymizmi?

Telenovellalarda tasvirlanishicha, o‘zbek jamiyatining asosiy muammosi faqat oila atrofidagi muammolardan iborat, xolos. Go‘yoki hech bir oilada tinchlik yo‘q. Xuddiki atrofimiz xiyonat, aldov, firibgarlik va eng yomoni – qotilliklar bilan to‘lib-tosh­gandek taassurot uyg‘onadi. Axir, siz-u bizning atrofimizda shu qadar tubanliklar sodir bo‘lyaptimi? Masalan, ming shukrki, biz bunday gap-so‘zlarni eshitmaganmiz. Ba’zan saytlardan, ijtimoiy tarmoqlardan onda-­sonda o‘qigandirmiz, lekin bu – tele­novellalardagi voqealar hayo­tiy asosga ega, ularning syujeti real muhitdan olinyapti, degan ma’noni anglatmaydi. Balki shunday tubanlik­larga qo‘l uradigan odamlar ham bordir. Lekin shukrki, ular barmoq bilan sanarli darajada kamchilikni tashkil qiladi. Shuncha ezgulik turganda bir siqim tubanlikni namoyish qilish qanchalik to‘g‘ri?

Telenovellalarga xos umumiy jihatlarni sanab o‘tsak: ularning har birida xiyonat mavzusi bo‘rtib ko‘zga tashlanadi. Er hamisha xiyonat qiladi, kelin va qaynona hamisha o‘zaro jiqqamusht bo‘ladi. Odatda, qaynona juda badfe’l, qahri qattiq qiyofada tasvirlanadi. Ovsinlar hech qachon kelishmaydi, ular nuqul aka-ukalarning orasini buzadi. Bunday lavhalarda mehr-oqibat degan ezgu tuyg‘ularni deyarli uchratmaysiz. Ikkinchi xotin va kundosh mavzusi ham uzoq “chaynaladigan” saqichga aylanib bo‘ldi. Nahotki, bunday “teleasarlar” ijodkorlari o‘zbek xalqini faqatgina ana shunday mayda va tuban illatlar “sohibi” sifatida tasavvur qilishsa? Ochig‘i, bunday telenovellalar kurakda turmaydigan mavzulari bilan tomoshabinning nafaqat qimmatli vaqtini o‘ldirmoqda, balki ular­ning ongi va qalbini ham zaharlamoqda. Axir, bu kabi jirkanch voqealarni hadeb ko‘rsataverish bora-bora tomoshabinda istalgan tubanlikka odatiy hol sifatida qarashdek loqaydlikni paydo qilmasligiga kim kafolat beradi? Hatto, umrida biron marta yomonlikka qo‘l urmagan insonga har kuni “yomonsan” deyaversa, o‘sha inson o‘zining yomonligiga isho­nib qolishi hech gap emas.

Ehtimol, xususiy telekanallar bu kabi arzon xaypga o‘chligiga moddiyatni ro‘kach qilib keltirishlari mumkin. Lekin dunyoda moddiy manfaatdan ko‘ra yuksakroq tushunchalar bor. Bu – millat ma’naviyati va tarbiyasi masalasi. Bunday yuksak tushunchalarga bepi­sandlik ertaga yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Buyuk ma’rifat­par­var Abdulla Avloniy bejiz “Tar­biya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo falokat, yo saodat – yo halokat masalasidir”, deb yozmagan edi. Zotan, televi­deniye ijodkorlari ham shu millatning ma’naviyati uchun mas’ul bo‘lgan insonlar! Telekanallari­miz tomoshalar soni uchun emas, sifat uchun, millat ma’rifatini yuksaltirish, badiiy didini oshirish uchun harakatni qachon boshlaydi? Axir, xalqimiz qachongacha odam o‘ldirish, xotinini pichoqlash, eri­ni zaharlash, ikkinchi xotin, johil qaynona, qotil kelin kabi maishiy, tuban mavzularni tomosha qilishi kerak?

Televideniye tomoshabin ortidan ergashishi emas, balki sifatli va yuksak saviyali kontentlari bilan tomoshabinni o‘zining ortidan ergashtirishi lozim. Haqiqiy professional ijodkorlarning qat’iy prinsipi bo‘lishi kerak. Agar faqat moddiy maqsad bilan yashayversak, millat ma’naviyatini boy beramiz. Yoshlarning tarbiyasi, oriyat, nomus, uyat, andisha kabi tuyg‘ularni yo‘qotamiz. Muhtaram Prezidentimiz o‘tgan yilning 22-dekabrida bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida “milliy kontent” masalasi haqida bejiz to‘xtalmadi. Biz tezroq xalqimiz uchun manfaatli bo‘lgan, millatimiz dunyo­qarashi va ma’naviyatiga foyda keltiradigan milliy kontentlar yaratish ustida bosh qotirishimiz lozim.

“Ommaviy madaniyat”, chet elning buzg‘unchi g‘oyalariga qarshi kurashi­shimiz kerak deymiz. Lekin o‘zimizning ­“oyinai jahon”da namoyish etilayotgan buzuq g‘oyali, millat ma’naviyatiga mos kelmaydigan telenovellalardan keladigan xavf ham ulardan qolishmaydi. Tele­kanallarimizda namoyish etilayotgan telenovellalarning badiiy saviyasi, mavzular mundarijasi xususida jiddiy o‘ylab ko‘rish payti allaqachon kelgan. Mazkur masalaga asosiy yechim sifatida telekanallar qoshidagi Badiiy kengashlar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, ularning jiddiy ish olib borishini ta’minlash zarur. Badiiy kengashlar tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Mada­niyat vazirligi, Kinematografiya agent­ligi, Yozuvchilar uyush­masi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazidan malakali mutaxas­sislar va ekspertlarni jalb qilish lozim. Bugun jamiyatga kerak­li, hammaga birday manfaatli mediamahsulotlar yara­tish uchun barcha ziyolilar birday javob­gar va shu millat ma’naviyatiga ham­ma­miz mas’ul ekanimizni unutmas­ligimiz kerak.

Kamoliddin TO‘RAYEV,

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi,

falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD),

Avazbek SHERMATOV,

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti kichik ilmiy xodimi


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img107

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img618

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614