15.12.2025 | 11:03
1247
YASHIL QUSHLAR MANZUMASI
Eshqobil Shukur ijodida “Nasoyim ul-muhabbat” bahralari

MA’RIFAT NURI VA HIKMAT ZIYOLARI
Agar ma’rifat nuri va hikmat ziyolari bo‘lmasa, u she’riyat yashovchan bo‘la olmaydi. Yangi davr, ya’ni XX–XXI asr o‘zbek adabiyotida ma’rifat tamoyillari ijodkorlarning tarixga, tarixiy shaxslar va mumtoz adabiyotga bo‘lgan munosabatlari orqali namoyon bo‘ladi. Nasrda Oybek, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Xayriddin Sultonov buyuk tarixiy shaxslar hayotiga murojaat qilib, mumtoz asarlar ijod qildilar. She’riyatda Maqsud Shayxzoda, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva imkon qadar mumtoz she’riyat nurlaridan bahra olib, she’rda hikmatli so‘z aytishga urindilar.
Maqsud Shayxzoda ma’rifatga tashna shoir edi. Mirzo Ulug‘bek ma’naviy olamiga murojaat qilib, sovet mustamlakasi mafkurasi doirasidan chiqa olmasa-da, ma’rifat diyoridan o‘ziga yarasha nasiba oldi. Abulla Oripov o‘lmas she’riyati, “Hikmat sadolari” (“Arba’in”) va “Haj daftari” turkumlari bilan o‘z nomini abadiyat daftarida muhrladi. Erkin Vohidov devon tuzish va g‘azal san’ati, “Gʻazal oqshomi” suhbatlari orqali devon adabiyoti va mumtoz she’riyat bilan aloqadorligini ta’minladi, va shubhasiz, abadiyatga daxldor shoirga aylandi. Rauf Parfi o‘z ijodini buyuk ozarbayjon mumtoz shoirlari bilan bog‘ladi, Nozim Hikmatning “Inson manzaralari” asari muhitida yashadi, jahon ma’rifatparvar shaxslari va ozodlik kurashchilarining nom va ta’sirlarini o‘zbek she’riyatiga olib kirdi, turkiy dunyoni birlashtirish g‘oyalarini kuyladi. Omon Matjon o‘z ijodini nurli manzil tomonga burdi: Xojagon-Naqshbandiya shayxi, murshidi komil, avliyo zotlarning ulug‘laridan bo‘lmish Xoja Ubaydulloh Ahror (Xoja Ahror Valiy) dargohlariga bosh urib, u zot haqlarida “Xaloskor ruh” asarini yozdi, ma’naviyat olamidan nasiba terdi. Halima Xudoyberdiyeva Turon va Turkiston g‘oyalari bilan o‘z ijodiga ijtimoiy ruh va ziynat baxsh etdi. Xurshid Davron qadimiy Samarqand ruhini adabiyotga olib kirdi.
MUMTOZ ADABIYOT BILAN ALOQADORLIK
Aytish lozimki, mumtoz adabiyotdagi badiiy tafakkur va hikmat an’analari ijodkorning o‘sha mumtoz adabiyot bilan aloqadorligida davom etadi. Eshqobil Shukur mumtoz adabiyot badiiy, milliy, ma’rifiy tafakkur va hikmat an’analarini “Loy chaqmog‘i” turkumida davom ettirdi. Afsus, bu o‘ziga xos teran ma’rifiy turkum haqida munaqqid olimlarimizning tadqiqot ruhidagi biror maqola yozganini ko‘rmadim. Quyida Eshqobilning “Zunnun Misriyning yashil o‘limi” she’ri xususida fikr yuritmoqchiman.
Shoir yozadi:
Shayxning xazon kuni bahorlar keldi,
Falak yashil bayroq tusiga kirdi.
Ko‘k yuzini tutdi soyasiz
Nihoyasiz yashil qushlar, nihoyasiz…
ZUNNUN MISRIY KIM BO‘LGAN?
Hazrat Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asarida yozishicha, Zunnun Misriy avliyo zotlar va tasavvuf toifasining birinchi tabaqasidandir, Imom Molik ibn Anasning shogirdi bo‘lib, u zotning mazhabidadir. U zotning muayyan mavzularga ajratilgan hadislardan iborat “Al-Muvatto’” (“Xalqchil kitob”) asarini shaxsan o‘zidan ta’lim olgan, fiqh ilmlarini o‘qigan. U kishining piri Mag‘ribda Shayx Isrofil bo‘lgan. Hazrati Abdulloh Ansoriy e’tirofiga ko‘ra, “Zunnun Misriy zamonning imomi, davrning yagonasi va bu tasavvuf toifasining boshidir. Barcha valiy zotning nisbati va izofati (bog‘liqligi va intisobi) u kishiga bo‘lgan”.
“YASHIL O‘LIM”NING DALILI
Shoir Eshqobil Shukur nima sababdan tasavvuf arboblaridan bo‘lgan valiy zotning vafotini “yashil o‘lim” deb nomlayapti? Bu satrlarning ta’vili nimadan iborat? Bu o‘lim – abadiy o‘lmaslikdir. Buning ta’vili hazrat Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” kitobida go‘zal shaklda bayon qilingan. Asarda aytilishicha, hazrati Zunnun Misriyning janozasini, ya’ni tobutini qabristonga olib borishda nihoyasiz – son-sanoqsiz yashil qushlar uning jasadiga soya solib borar edi. Shu darajadaki, borgan xaloyiq u yashil qushlarning soyasida borardi. Shundan so‘ng Zunnun Misriyning hayoti, yo‘li va ta’limotiga nisbatan xalq ko‘nglida qabul qilish qarori voqe’ bo‘ldi.
UCH SAFARDAN KELTIRILGAN UCH ILM
Hazrat Navoiyning bu yashil qushlarni zikr qilishdan bir maqsadi bor. Zunnun Misriy aytadi: “Uch safar qildim va uch ilm keltirdim. Birinchi safarda bir ilm keltirdimki, uni xoslar ham, xalq ommasi ham qabul qildilar. Ikkinchi safarda bir ilm keltirdimki, xoslar qabul qildilar va omma qabul qilmadi. Uchinchi safarda bir ilm keltirdimki, na xoslar qabul qildi, na omma qabul qildi. Qochoq, quvg‘in va yolg‘iz bo‘lib qoldim”.
UCH ILMNING TAFSILI
Xoja Abdulloh Ansoriy quddisa sirruhu dediki: “Birinchisi tavba ilmi ediki, uni xoslar ham, omma ham qabul qildilar. Ikkinchi, tavakkul, muomalot va muhabbat ilmi ediki, uni xoslar qabul qildilar, omma qabul qilmadi. Uchinchi, haqiqat ilmidirki, xalqning ilmi va aqlining toqatidin tashqarida edi. Xaloyiq anglamadi va uni inkor qilishga tushdi. Ta’rix ikki yuz qirq beshda Zunnun Misriy quddisa sirruhu olamdin o‘tgunicha bu inkor davom etdi”.
XALQNING E’TIROFI VA QABUL QILISHI
Nihoyat, Zunnun Misriyning tobutiga yashil qushlar soya solib borganini ko‘rgach, butun xalq u kishini e’tirof etdi va ta’limotini qabul qildi. Bunga yana bir sabab bor edi, so‘nggi kunda u kishining qabri boshida bitilgan bir xat topdilarki, unda: “Zunnun Allohning suyukli bandasi va shavqi-muhabbati tufayli Alloh yo‘lida jonini fido qilguvchidir”, deb yozilgan edi. Bu xat odamzotning xatiga o‘xshamas, uni har qancha yuvsalar, yana yozig‘liq ko‘rinar edi.
Eshqobil Shukur yozadi:
O, shayxning tobuti go‘riston qadar
Daraxtday ko‘karib ulgurdi… Shajar.
Yorab, ne masofa qondan jongacha,
Shayx ko‘karib ulgurdi go‘ristongacha.
YASHIL QUSHLAR SIRI VA HAQIQATI NIMADAN IBORAT?
Muborak hadis kitoblarida shahidlarning ruhlari yashil qushlar ichida joylangani haqida ko‘pgina hadislar bor. Xususan, Abdurrahmon Jaloluddin Suyutiyning “Barzax hayoti” kitobida bu haqda g‘oyat go‘zal hadislar keltiriladi. Imom Muslim hazrati Ibn Mas’uddan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Shahidlarning ruhlari jannatdagi yashil qushlarning ichida bo‘lib, qushlar xohlagan tomoniga uchib yurib, Arsh ostidagi qandillardan boshpana topadi”.
Imom Ahmad ibn Hanbal, Imom Abu Dovud, Imom Hokim va Imom Bayhaqiy “Shu’abul-iymon” kitobida hazrati Ibn Abbosdan (roziyallohu anhumo) rivoyat qiladilar. Janob Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Do‘stlaringiz biror kishi tufayli musibatlansa, Alloh uning ruhini yashil qushning ichiga joylaydi. Qush esa, jannat daryolariga kelib, mevalaridan yeydi va Arsh soyasida osilgan oltin qandillardan makon topadi”. Imom Ahmad ibn Hanbal, Abdulloh ibn Hamid, Ibn Abu Shayba “Musnad”larida, Imom Tabaroniy “Maojim” kitobida hazrati Ibn Abbosdan (roziyallohu anhumo) rivoyat qiladilar. Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Shahidlarning ruhlari yashil gumbaz ostida jannat eshiklari yonidan oquvchi daryo ustida bo‘lib, rizqlari ularga erta-yu kech kelib turadi”.
Imom Tabaroniy Omir ibn Habibning “Marosil” kitobidan rivoyat qiladi: “Hazrati Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan moʻminlarning ruhlari haqida so‘ragan edim: “Moʻminning ruhi jannatda xohlagan tomoniga sayr qiladigan yashil qushning ichida bo‘ladi”, dedilar. Shunda sahobalar: “Ey Rasululloh, kofirlarning ruhlari-chi?” deb so‘rashdi. Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sijjiynda hibs qilingan bo‘ladi”, dedilar.
Yorab, ne g‘avg‘oda tan ila ko‘ngul,
Daraxt tobut ichra o‘sardi bir gul.
Ikki dunyo aro tilim va tilim
Yastanib yotardi yam-yashil o‘lim.
KAROMAT BILAN KELTIRILGAN ILM
Yashil qushlarning yana bir siri shundaki, Zunnun Misriyning ma’no olamidagi so‘nggi – uchinchi safardan keltirgan ilmi qadam bilan yurib borib keltirilgan ilm emas, balki xuddi u zotning janozasiga soya solgan qushlardek, himmat, jahd va javonmardlik, balki karomat bilan keltirilgan ilm edi. Shayxul-Islom Abdulloh Ansoriy shunday degan. Yashil qushlar jahon tarixida Zunnun Misriydan keyin yana Imom Shofe’iy hazratlarining shogirdi – Mu’azziniyning janozasiga ham soya solganlari naql qilinadi (Zunnun Misriy va Mu’azziniy haqlarida barcha ma’lumot hazrati Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” kitobidan olindi). Bu karomat u aziz zotlarning Haq taolo huzurida yuksak ma’naviy martabasi borligini ko‘rsatadi.
Xulosa shuki, Zunnun Misriy joni va mollari bilan Alloh yo‘lida o‘zini fido qilib o‘tgani sababli yashil qushlar karomatiga noil bo‘ldi. “Nasoyim ul-muhabbat” kitobida kelgan “Shavqi-muhabbati tufayli Alloh yo‘lida jonini fido qilguvchidir”,degan ta’rif buning isbotidir.
Yer yuzida o‘tgan va yashil qushlar ichida joylangan barcha shahidlarning ruhlari Zunnun Misriyning o‘limi va Allohga yetishuvini muborakbod qilish hamda ruhini olqishlash uchun birinchi osmonga tushganlar.
Yashil qushlarning soyabon bo‘lib tushishi Zunnun Misriy shahidlik martabasini topganiga dalolat qiladi. Chunki ba’zi nodon kishilar o‘ylaganidek, shahidlik faqat janglarda o‘lish yoki o‘ldirilishdan iborat emas.
Mumtoz adabiyot, xususan, “Nasoyim ul-muhabbat” asari buyuk ilhomlar, hikmat va irfonlar manbayidir. Bu asarni hozirgi tilga muvofiqlashtirib, soddalashtirmoq o‘ta zarur xizmatdir. Bu o‘lmas asar adabiyot uchun hali ko‘p yaxshi she’rlar mistoqi bo‘lib xizmat qiladi.
Mumtoz adabiyot bilan aloqador bo‘lgan shoirlar ijodida ayricha bir yuksaklik va teranlik ko‘zga tashlanadi. Buning dalili o‘laroq, Eshqobil Shukurning “Loy chaqmog‘i” turkum she’rlari o‘zbek she’riyatining yaxshi va yuksak namunalaridandir.
Mirzo KENJABEK
“Jadid” gazetasining 2025-yil 5-dekabrdagi 49-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



